VIKTOR USPENSKIY

Успенский, Виктор Александрович — Википедия

VIKTOR USPENSKIY

(1879-1949)

O‘zbekiston va Turkmaniston xalq artisti, san’atshunoslik fanlari doktori, musiqiy etnograf va istedodli kompozitor Viktor Aleksandrovich Uspenskiy o‘zining ko‘p qirrali ijodiy va jamoatchilik faoliyati bilan respublikamiz musiqa madaniyati rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. U turli janrlarda musiqiy asarlar yaratib, qator ijodiy muammolarning yechimini topishda birinchilar qatorida mehnat qildi, XX asr o‘zbek musiqasi tarixida yorqin iz qoldirdi.

Xususan, 1923 yili davlat va jamoat arbobi, ma’rifatparvar olim Abdurauf Fitrat tashabbusi bilan “Shahmaqom” turkuminimg cholg‘u bo‘limini Ota G‘iyos Abdug‘aniyevdan ashula bo‘limini Ota Jalol Nosirovdan yozib oladi va 1924 yilda “Shest’ muzikalnix poem (makomi)” nomi ostida chop ettiradi. Shuningdek, bir necha yillar davomida hofiz Shorahim Shoumarov ijrosida Farg‘ona-Toshkent maqomlaridan “Dugoh Husayniy”, “Chorgoh”, “Shahnoz-Guliyor”, “Bayot” turkumlarini; bulardan tashqari “Qarinavo”, “Sobirjon”, “Zarkokil”, “Ilg‘or” va “Dilrabo” nomli mumtoz kuy va ashulalarini notaga olish ishlarini amalga oshirdi.

V.Uspenskiy etnograf olim sifatida nafaqat o‘zbek xalq musiqa merosini, balki qardosh xalqlar musiqasini ham nota yozuviga olib, hujjatlashtirdi. Jumladan, 1928 yilda V.M.Belyayev bilan hamkorlikda “Turkman musiqasi” nomli kitobni chop ettiradi va bu mehnat maxsus mukofotga sazovor bo‘ladi. 1929 yilda V.A.Uspenskiyga “Turkmaniston xalq artisti” faxriy unvoni beriladi.

Kompozitor V.A.Uspenskiy folklor ekspeditsiya ilmiy ishlari, pedagogik va jamoatchilik faoliyati bilan band bo‘lishiga qaramay, yillar davomida musiqa san’atining turli shakl va janrlarida rang-barang asarlar yaratdi. Jumladan, 1924 yilda yozilgan “O‘rta Osiyo xalqlarining to‘rt kuyi” nomli simfonik syuita mazkur janrda yaratilgan ilk namunadir. Shuningdek, muallif fortepiano uchun quyidagi asarlarni bastaladi: prelyudiya, sonata, variatsiya, etyud; o‘zbek mumtoz musiqa namunalaridan “Miskin-2”, “Muxammasi Iroq”, “Savti Ajam”, “Samoi Dugoh va Askariy” asosida pyesalar to‘plamining birinchi daftari; “Ufor-Soqiynoma”, “Bayonchi”, “Naylaram”, “Usmoniya” va “Rajabiy” to‘rt qo‘l uchun pyesalar to‘plami ikkinchi daftar (Bu ikki f-no daftarlari Toshkentda 1936-yilda chop etilgan), “Olovga sig‘inish”, “Suv ostida qo‘shiq” (1945 y., 1948 y.), “Nasrulloyi” asosida rapsodiya (1947 y.), “Novella” pyesasi (1951 y.), ikkita lirik vals, “Kapalak” pyesasi (1955 y.) va boshqalar. Shuningdek, kompozitor musiqiy-sahnaviy asarlardan A.Navoiy dostoni asosida “Farhod va Shirin” musiqali dramasi, so‘ngra uning negizida opera yaratdi.

1937 yili V.A.Uspenskiy “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. 1943 yilda esa unga bajargan ilmiy ishlari uchun himoyasiz san’atshunoslik fanlari doktori ilmiy darajasi berilgan.