Odob-ahloq qoidalari

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi

 ODOB-AXLOQ KODEKSI

 

1-bob. Umumiy qoidalar

 1-modda. Ushbu kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar

Ushbu Kodeks Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qarori hamda boshqa qonun va qonunosti hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchi va boshqa xodimlari (texnik, yordamchi), talaba-magistrantlari, doktorantlari (keyingi oʻrinlarda – xodim, talaba va doktorant) kasbiy odob-axloqining tamoyillari, normalari, taʼlim jarayoni va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalari bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.

 

2-modda. Odob-axloq kodeksining maqsad va vazifalari

Odob-axloq kodeksining maqsadlari:

professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar madaniyatini milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirish;

taʼlim muassasalariga oid odob-axloqning tushunchasini shakllantirish va takomillashtirib borish;

professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarni O‘zDKva uning qadriyatlariga hurmat ruhida tarbiyalash;

taʼlim muassasasida kiyinish, tashqi koʻrinish va xulq-atvorga boʻlgan talablarni oʻrnatishdan iboratdir.

Odob-axloq kodeksining vazifalari quyidagilardan iborat:

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari oʻrtasida  huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirish;

O‘zDKda zoʻravonlik, shafqatsizlik va hayosizlik kabi nomaqbul hatti-harakatlar bilan shugʻullanish va (yoki) targʻibot-tashviqot qilinishini oldini olish;

turli salbiy illatlar va milliy mentalitetimizga yot boʻlgan gʻoya va qarashlar, ekstremizm, separatizm, fundamentalizm va “ommaviy madaniyat”ning taʼsir hamda xurujlarni targʻibot-tashviqot qilinishiga oid harakatlarni oldini olish;

mazkur nomaqbul xatti-harakatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, bartaraf etish;

 professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarda yuksak huquqiy ongni shakllantirish orqali Oʻzbekiston Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga qatʼiy rioya qilish ruhida tarbiyalash;

professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini doimo hurmat qilish va himoya qilish koʻnikmasini shakllantirish va yuksaltirish; 

professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarda vatanparvarlik, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish va ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash;

O‘zDKda sogʻlom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish va rivojlantirish;

professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarda tashqi koʻrinishga oid madaniyatni shakllantirish uchun sharoitlar yaratish;

O‘zDKning davlat va jamiyat hayotidagi hamda taʼlim tizimidagi nufuzi, obroʻ-eʼtiborini asrab-avaylash va yanada oshirish.

 

3-modda. Kodeksning amal qilish doirasi

Ushbu Kodeks O‘zDKning barcha professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlariga nisbatan tatbiq etiladi.

 

2-bob. Kodeksning prinsiplari

4-modda. O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari xulq-atvorining asosiy prinsiplari

Mazkur Kodeks qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, vatanparvarlik, xizmat va oʻqish burchiga sodiqlik, adolat, halollik va xolislik, samaradorlik va tejamkorlik prinsiplariga asoslanadi.

5-modda. Qonuniylik prinsipi

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga soʻzsiz rioya qiladilar hamda oʻz xizmat va oʻqish majburiyatlarini lavozim yoʻriqnomalari, mehnat shartnomalari, ushbu Kodeks qoidalari, oliy taʼlim muassasasi Ichki tartib qoidalari hamda taʼlimga oid boshqa meʼyoriy hujjatlarga muvofiq bajaradilar.

6-modda. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy  manfaatlarining ustuvorligi prinsipi

Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari O‘zDKning oliy qadriyati boʻlib hisoblanadi. O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yoʻl qoʻymaydilar va bunday buzilishlar roʻy bergan hollarda ularni tiklashga koʻmaklashadilar.

 

7-modda. Vatanparvarlik, xizmat va oʻqish burchiga sodiqlik prinsipi

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari oʻz oʻqish va xizmat faoliyatlarini maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar, Vatanga sadoqat, xizmat va oʻqish burchiga sodiqlik asosida jamiyatning oliy taʼlim muassasasiga boʻlgan talabi va ishonchini ifodalagan holda amalga oshiradilar. Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar oʻz oʻqish va xizmat burchlarini oʻzaro xayrixohlik, oʻz manfaatlari va mafkuraviy qarashlaridan qatʼiy nazar lozim darajada bajaradilar.

 

8-modda. Adolat, halollik va xolislik prinsipi

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari oʻz xizmat va oʻqish faoliyatlarini amalga oshirishda adolatli, halol va xolis boʻlishlari hamda oliy taʼlim muassasasiga, unga tegishli boʻlgan saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ushbu prinsip talablari asosida munosabatda boʻlishlari shart.

 

9-modda. Samaradorlik va tejamkorlik prinsipi

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari oʻz faoliyati samaradorligini innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish va boshqa yoʻllar bilan doimiy ravishda oshirib boradilar.

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari, oʻz navbatida oliy taʼlim muassasasining mulkiga, oʻzining va boshqa shaxslarning vaqtiga masʼuliyat va ehtiyotkorlik bilan yondashadilar.

 

3-bob. Korrupsiyaga qarshi kurashish

 10-modda. Korrupsiyaning har qanday shakl va koʻrinishini qabul  qilmaslik

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari korrupsiyaning har qanday shakli va koʻrinishini qabul qilmaydilar va uning biror-bir tarzda namoyon boʻlishiga qarshi hamjihatlikda qonuniy choralarni koʻradilar.

Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar korrupsiyaga qarshi kurashishlari va uning profilaktikasiga faol koʻmaklashishlari, shuningdek, O‘zDK korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va boshqa korrupsiyaga qarshi kurashishga oid hujjatlar talablarini soʻzsiz bajarishlari, oʻz faoliyatlarini oshkora va adolatli amalga oshirishlari, yuqori axloqiy qadriyatlar va prinsiplarga sodiq qolgan holda qonun ustuvorligiga qatʼiy rioya etishlari shart.

4-bob. Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar yurish-turish va rasmiy muloqotiga oid talablar

 

11-modda. O‘zDKda kiyinish va tashqi koʻrinishga oid qoidalar

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari oʻz oʻqish va kasbiga mos boʻlgan zamonaviy kiyimda boʻlishlari lozim.

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodimi, talabasi va doktoranti boʻlgan xotin-qizlari tanani shaffof koʻrsatib turadigan, yelka, koʻkrak va qorin, tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan hamda haddan ziyod tor kiyimda, shuningdek, quloqchinlar, quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli qismlariga turli zirak yoki metall buyumlar bilan, tanasining koʻrinib turadigan qismida pirsing yoki tatuirovkada O‘zDKga kelishlari mumkin emas.

Talaba-qizlar O‘zDKga och rangli va yorqin rangda boʻlmagan bluzkalarda, tizzani yopib turadigan yubka, klassik turdagi shimlar yoki odmi kostyum va toʻq rangdagi poyabzalda kelishlari lozim, shuningdek, oʻzlari bilan zaruriy oʻquv vositalarini olib kelishlari shart.

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodimi, talabasi va doktoranti boʻlgan erkaklar oq, havorang, och jigar rang yoki och kulrang koʻylakda, klassik uslubdagi shim yoki odmi kostyum, va toʻq rangdagi poyabzalda kelishlari lozim. Bunda, talabalar oʻzlari bilan zaruriy oʻquv vositalarini olib kelishlari shart.

Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarga professionallikka va tanlagan kasbiga xos tarzda kiyinish targʻib qilinadi.

Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarning auditoriya va xizmat xonalarida ustki kiyim (plash, palto, kurtka hamda bosh kiyim kabilar)da yurishlari taqiqlanadi.

Professor-oʻqituvchi, xodimlar, talabalar va doktorantlarning tashqi qiyofasi va kiyimlari ozoda, pokiza boʻlishi lozim.

Shuningdek, professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarning O‘zDKga kelishi ruxsat etilgan formasiga turli din va konfessiyalar hamda submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (kipa, kashaya, xoch, hijob va boshqalar) qoʻshishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Dam olish kunlari (shanba va yakshanba) erkin ust-boshda (tanani shaffof koʻrsatib turadigan, yelka, koʻkrak va qorin, tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan, turli din va konfessiyalar hamda submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi kiyimda kelish bundan mustasno) kelishga ruxsat etiladi (rasmiy tadbirlarda ishtirok etishga jalb qilinganlar belgilangan kiyinish tartibiga amal qilgan holda keladi).

12-modda. Majlis va yigʻinlarda ishtirok etish

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim talaba va doktorantlari turli tadbirlar (majlislar, tantanali yigʻilishlar, uchrashuvlar, bayramlar)dagi ishtiroki jarayonida soʻzga chiquvchilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishlari, tadbir davomida tinchlik va osoyishtalikni saqlashlari shart boʻlib, raislik qiluvchi va moderatorning ruxsatisiz luqma tashlash va soʻzga chiqish mumkin emas. Zarurat tugʻilganda nutqlar oʻrtasida majlislar zalidan chiqib-kirish mumkin.

13-modda. Binolarda yurish-turish qoidalariga amal qilish

Binolarga kirish va chiqish joylarida, shuningdek, yoʻlaklarda talabalar xodimlarni, erkaklar ayollarni, yoshlar esa kattalarni oʻzlaridan oldin oʻtkazib yuborishlari lozim.

Binoga kirayotgan O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari binolarga kirib-chiqishni nazorat qilish uchun tayinlangan masʼul shaxs yoki navbatchiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (ruxsatnoma, talabalik guvohnomasi, pasport va h.k.) ochiq holda koʻrsatishlari yoki maxsus berilgan ID-karta va feys-kontrol orqali turniketlardan oʻtishlari shart.

Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar O‘zDK hududida yoʻlning oʻng tomonidan yurishlari, shuningdek, yoʻlak va xollarda mobil aloqa vositalari orqali baland ovozda gaplashmasliklari kerak. Bir-birlariga duch kelganda salomlashishlari, bunda: talabalar xodimlarga, yoshlar kattalarga birinchi boʻlib salom berishlari tavsiya etiladi.

14-modda. Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarning rasmiy muloqot meʼyorlari

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari tashkilot va muassasalar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolar bilan oʻzaro munosabatga kirishganda quyidagi rasmiy muloqot meʼyor va qoidalariga amal qilishlari kerak:

oʻz harakatlarini O‘zDK manfaatlarini koʻzlab amalga oshirish, uning imijini saqlash va oshirish, O‘zDKning professor-oʻqituvchi, xodimlari, talabalari va doktorantlari nomi va manfaatlariga ziyon yetkazadigan harakatlarni amalga oshirmaslik, shuningdek, ular bilan muloqot qilganda hamda  ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi yozishmalarida oʻzlarining namunali xulq-atvori bilan O‘zDK haqida yuksak ijobiy taassurot uygʻotish;

O‘zDK, uning professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlari haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan yoki notoʻgʻri talqin qilingan, notoʻgʻri talqin qilish uchun imkon beradigan maʼlumotlarni tarqatmaslik, bunday maʼlumotlar tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, jamoat oldida va ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuda chiqishlar qilmaslik;

professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarning roziligisiz ularning shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlarni oshkor qilmaslik;

professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar haqida ularning kasbiy va oʻquv faoliyatiga oid boʻlmagan maʼlumotlarni aniqlashtirmaslik;

xizmat axborotlarini taqdim etish qoidalariga amal qilish;

soʻralgan axborotni yetarlilik (haddan tashqari qisqa shu bilan birga oʻta keragidan ortiq) va ishonchlilik (qayta tekshirishni talab qilmaydigan) talablariga muvofiq holda taqdim etish;

oʻz xizmat vazifalarini bajarish jarayonida olingan maʼlumotlardan maqsadga muvofiq boʻlmagan tarzda foydalanmaslik, shuningdek, ularni O‘zDK rahbariyati ruxsatisiz tarqatmaslik;

professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarning taʼlim jarayonidagi faoliyati va kasbiy harakatlarini asossiz tanqid qilmaslik, jamoat oldida chiqishlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va turli xil ijtimoiy tarmoqlarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va O‘zDK faoliyati, uning xodimlari harakatlarini haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, asossiz va aniq dalillarga asoslanmagan holda muhokama qilmaslik va ular haqida baho berib, fikr-mulohazalar bildirmaslik.

15-modda. Ish va oʻqish vaqtiga rioya qilish

Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar dars mashgʻulotlari va ishga oʻz vaqtida kelishlari, mehnat hamda oʻqish intizomiga rioya qilishlari shart.

 

16-modda. O‘zDKda gʻayriaxloqiy va nojoʻya xatti-harakatlarni sodir etishga yoʻl qoʻyilmasligi

Talaba va doktorantning oʻqishiga, professor-oʻqituvchi, xodimning esa O‘zDKda mehnat faoliyatini yuritishiga toʻsqinlik qiladigan quyidagi gʻayriaxloqiy va nojoʻya xatti-harakatlarni sodir etishi qatʼiyan taqiqlanadi:

har qanday huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etish, jumladan, tuhmat qilish, haqoratlash;

giyohvand moddalar, psixotrop, sintetik vositalar va ularning analoglari, alkogol va tamaki mahsulotlari, vayp, chilim, elektron sigaretlar va sarxush qiluvchi boshqa vosita hamda moddalarni isteʼmol qilish va tarqatish;

tinchlik yoki osoyishtalikka qarshi tajovuz qilish, janjallashish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar oʻynash;

O‘zDKga moddiy va uning ishchanlik obroʻsiga salbiy taʼsir etuvchi maʼnaviy zarar yetkazish;

professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarga jismoniy, maʼnaviy yoki moddiy zarar yetkazish;

xodim, talaba, doktorant yoki boshqa shaxslarning mulkiga, moddiy qimmatliklariga egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish uchun turli koʻrinishda egallab olish, basharti ushbu holat tegishli asoslar bilan oʻz tasdigʻini topsa;

O‘zDK atrof-muhitini har qanday koʻrinishda ifloslantirish;

O‘zDK binolari va hovlisida, shuningdek, O‘zDK binolariga tutashgan hududda spirtli ichimliklar ichish va tamaki yoxud boshqa turdagi mahsulotlarni chekish hamda mast holda boʻlish, tashqi koʻrinishga va ushbu Kodeksda belgilangan qoidalarga zid ravishda soch-soqoli oʻsgan, toʻzgʻigan, sochlarini noodatiy bir yoki bir necha ranglarga boʻyalgan va kiyinish talablariga rioya qilmagan holda kelish;

O‘zDKga tegishli kompyuterlarda O‘zDKga tegishli boʻlmagan maʼlumotlarni, shuningdek, turli kinofilmlar, noqonuniy maʼlumotlar, behayo surat va filmlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni targʻib qiluvchi, ekstremistik, separatistik va fundamentalistik kayfiyatdagi har qanday materiallarni tayyorlash, koʻrish, saqlash, tarqatish va ularga daʼvat etish;

oʻquv mashgʻulotlari va ishga hamda xodim va talabalarning osoyishtaligiga xalaqit beradigan xatti-harakatlar sodir etish (radiouzatgich, televizor, multimedia va ovoz chiqaruvchi moslamalardan maqsadsiz foydalanish);

professor-oʻqituvchi, xodimlar, talabalar va doktorantlar tomonidan soxta maʼlumot va hujjatlarni taqdim etish;

professor-oʻqituvchi, xodimlar, talabalar va doktorantlar tomonidan O‘zDK hujjatlariga qasddan oʻzgartirish kiritish yoki ularni yoʻq qilish (boʻyash, oʻchirish, qoʻshimcha yozuvlar kiritish yoki zarar yetkazish);

oʻquv jarayoniga oid qoida va talablar buzilishi bilan bogʻliq holatlar akademik halollikka oid ichki meʼyoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi;

umumbashariy va milliy qadriyatlarga xos boʻlmagan yoki O‘zDK, uning xodimlari nufuziga putur yetkazadigan materiallarni Internet tarmogʻi va boshqa ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish yoki ulardan turli nomuvofiq maqsadlarda foydalanish.

Professor-oʻqituvchi, xodimlar, talabalar va doktorantlar tomonidan O‘zDKning ishchanlik obroʻsi, qadr-qimmati va nufuzini tushiradigan, taʼlim jarayonining maʼnaviy buzilishiga olib keladigan agressiya, odamlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan, zoʻrlash va vahshiylik, vandalizm, millatlararo nizo qoʻzgʻatadigan, taʼqiqlangan diniy yoʻnalishdagi, terrorizm, ekstremizm, va fundamentalizm, shuningdek, behayo va ishqiy sahnalarni namoyon qiladigan fotosuratlar, video va audioyozuvlardan foydalanish va ularning tarqatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa tashkilotlar, shuningdek  O‘zDK faoliyati, uning xodimlari hamda talabalari shaʼni va qadr qimmati hamda ishchanlik obroʻsiga salbiy taʼsir qiluvchi haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, asossiz va tekshirilgan dalillarga asoslanmagan turli xil koʻrinishdagi maʼlumot, fikr, mulohaza va munosabatlarni Internet, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, boshqa ommaviy axborot manbalarida, tarqatuvchilarda, tashuvchilarda paydo boʻlishi (oshkor etilishi) mazkur talaba va doktorantning oʻqishiga, xodimning esa O‘zDKda mehnat faoliyatini yuritishiga toʻsqinlik qiladigan gʻayriaxloqiy va nojoʻya xatti-harakat hisoblanadi.

 

5-bob. O‘zDK rahbariyatining odob-axloqqa oid majburiyatlari va kasbiy faoliyatda manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslikka oid tartiblar

 

17-modda. Rahbarning majburiyatlari

Rahbariyat hamda tarkibiy boʻlinma rahbarlari (keyingi oʻrinlarda – rahbar) oʻziga boʻysunuvchi xodimlarga nisbatan yuqori professionallik, xolislik, soflik va adolatda oʻrnak boʻlishi, oliy taʼlim muassasasi yoxud uning tarkibiy boʻlinmasida ijobiy, maʼnaviy-psixologik muhit shakllanishiga koʻmaklashishi lozim. Rahbar boʻysunuvchi xodimlardan ularning xizmat vazifalari doirasidan chiquvchi topshiriqlarni bajarishini talab qilmasligi, shuningdek, qonunga xilof xatti-harakatlarni sodir etishga undamasligi kerak.

Rahbar oʻz faoliyatida:

kadrlarni qarindoshlik, hamshaharlik yoki shaxsiy sadoqat belgilari boʻyicha tanlash va joy-joyiga qoʻyish va mehnat munosabatlarida kamsitish holatlariga yoʻl qoʻymasligi;

guruhbozlik, mahalliychilik, favoritizmga, shuningdek, oʻz xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning kelib chiqishiga yoʻl qoʻymasligi;

qoʻpollik qilmasligi, odamlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga psixologik va jismoniy taʼsir koʻrsatmasligi;

manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va ularni tartibga solish yuzasidan oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻrishi;

korrupsiyaning oldini olish choralarini koʻrishi;

xodimlarning kasbiy va intellektual jihatdan rivojlanishlari uchun qulay ish joyi, zamonaviy kompyuterlar, internet tarmogʻi, kutubxona fondi va axborot resurslaridan erkin foydalanishlari, hordiq chiqarishlari, dam olishlari, jismonan chiniqishlari uchun barcha sharoitlarni ichki imkoniyatlardan kelib chiqib yaratib berishi;

xodimlar faoliyatini samarali tashkil etib, oʻziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablagʻlarga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda boʻlishi shart.

Rahbar qoʻl ostidagi xodimlarning mehnat intizomiga rioya qilishlarini talab qilishi va uni taʼminlashga masʼuldir.

 

6-bob. Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarning oʻzaro munosabatlariga oid talablar

 18-modda. Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarning oʻzaro munosabatlari

Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarning oʻzaro munosabatlari milliy qadriyat va anʼanalar, yagona jamoaviy muhit, oʻzaro hurmat va eʼtibor, doʻstlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillariga asoslanishi lozim.

Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarning oʻzaro munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik, shaxsiyatni kamsitish, oʻzganing intellektual mulkini oʻzlashtirib olish, qoʻpollik, behayo soʻzlar ishlatish, mushtlashish qatʼiyan man etiladi.

Pedagog xodimlar tomonidan talabalarga nisbatan oʻquv va tarbiya jarayonidagi yuqori talabchanlik ularning shaxsini hurmat qilish bilan birgalikda amalga oshirilishi kerak.

19-modda. Pedagog xodim va talabalarning auditoriyadagi va undan  tashqaridagi oʻzaro munosabatlari

Pedagog xodim auditoriyaga kirganida, barcha talabalar oʻrinlaridan turib hurmatlarini bildirgan holda kutib olishlari, soʻngra pedagog xodim salomlashib, oʻtirishga ruxsat bergach, oʻz joylarini egallashlari kerak. Pedagog xodim darsini tugatib, auditoriyadan chiqib ketayotganda ham talabalar oʻrinlaridan turib, kuzatib qoʻyishlari lozim.

Pedagog xodimlar oʻquv jarayoni va boshqa holatlarda ham talabalarning shaxsini hurmat qilishi, ular bilan munosabatda ochiqlik va  xayrixohlik tamoyillariga amal qilish, talabalarga taʼlim berish jarayonida oʻz vazifalarini begʻaraz amalga oshirishi, talabaga munosabatda ularni kamsitish, qoʻpol soʻz ishlatish, oʻzini yuqori tutish va tanish-bilishchilik kabi yondashuv shakllarini mutlaqo qoʻllamaslik, ularga nisbatan doimo haqqoniy munosabatda va xolis boʻlishlari shart.

Pedagog xodimlar talabalarga ularni qiziqtirgan fan yoki oʻquv kursiga oid masalalar yuzasidan dars jarayonidan tashqari vaqtlarda bergan savollariga ham axloq meʼyorlariga amal qilgan holda javob qaytarishlari va ularni fanga boʻlgan qiziqish va ishtiyoqlarini oshirish choralarini koʻrishlari zarur.

20-modda. Akademik taʼqib va tazyiqqa yoʻl qoʻyilmasligi

O‘zDK hayotida rahbariyat yoki pedagog xodim tomonidan talabalarni ularning roziligisiz muayyan ishlarga jalb etganlik, haq toʻlamasdan ularning mehnat kuchidan foydalanish (oliy taʼlim muassasasi va unga biriktirilgan boshqa hududda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan xavfsizlik standartlariga qatʼiy rioya qilingan holda ixtiyoriy shanbalik va boshqa turdagi tadbirlar tashkil etilgan hollar bundan mustasno) maqsadida ularga murojaat etilganida, talabalar tomonidan bunday soʻrovga rad javobining berilishi pedagog xodim tomonidan kelgusida ularga dars mashgʻulotida past baho qoʻyish yoki boshqa turdagi tazyiq va taʼqib (academic harassment) qilish bilan bogʻliq munosabat koʻrsatilishiga imkon bermaydi va bunday taʼqib qattiq qoralanadi.

21-modda. Uyali aloqa vositalaridan foydalanish

Dars mashgʻulotlari vaqtida uyali aloqa vositalaridan foydalanish barcha uchun qatʼiyan taqiqlanadi. Uyali aloqa vositalaridan foydalanishga zarur va uzrli holatlarda pedagog xodimning ruxsati bilangina ruxsat etilishi mumkin.

22-modda. Dars mashgʻulotida ishtirok etish

Talabalarning darsga kech qolib kelishlariga yoʻl qoʻyilmaydi. Lekin uzrli sababga koʻra darsga kech qolgan talaba uzr soʻrab, pedagog xodimning ijozati bilan auditoriyaga kirib oʻz joyini egallashi mumkin.

Pedagog xodim dars mashgʻulotlariga oʻzining nojoʻya harakatlari bilan xalaqit berayotgan talabani yuzaga kelgan vaziyat haqida fakultet dekanini
(u oʻz oʻrnida boʻlmaganda dekan oʻrinbosari yoki tyutor-guruh murabbiysini) xabardor qilgan holda darsdan chetlatishi mumkin.

23-modda. Dars mashgʻulotidan tashqari vaqtda muloqot qilish

Talaba uchun pedagog xodim bilan dars mashgʻulotlaridan tashqari vaqtda muloqot qilish zarurati boʻlsa, u holda muloqot:

maslahat soatlari, mustaqil ish yoki oʻzaro kelishuv boʻyicha belgilangan vaqtda amalga oshirilishi mumkin;

talaba oʻzi muloqot qilmoqchi boʻlgan pedagog xodimning lavozimi, ismi, otasining ismi va familiyasini bilishi maqsadga muvofiq.

Asoslangan jiddiy sabablar (qoʻpollik, tamagirlik, dars sifatining pastligi, pedagog xodimning aybi bilan mashgʻulotlar oʻtkazilishidagi muntazam uzilish hollarini isbotlovchi dalillar va b.) hamda guruh (kurs)ning yakdil fikri mavjud boʻlgan holatlarda talabalar pedagog xodimni almashtirish haqida iltimos bilan fakultet dekaniga murojaat qilishlari mumkin.

24-modda. Subordinatsiya

Rahbar xodimlarga professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar tomonidan biron-bir masala yuzasidan vujudga kelgan holatlar boʻyicha murojaat qilinishi muayyan tartib (subordinatsiya tamoyili), yaʼni munosabat bildirishdagi rahbariyat boʻgʻinlariga bosqichma-bosqich chiqish asosida tashkil etiladi. MESI rektoriga talabalarning toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish holatlari bundan mustasno.

25-modda. Tashabbus va faollik

Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarning O‘zDKda maʼnaviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash, taʼlim sifatini oshirish, innovatsion gʻoyalardan samarali foydalanish, turli xil manfaatli tadbirlar uyushtirish boʻyicha tashabbus va gʻoyalari ragʻbatlantiriladi.

 

7-bob. Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlarning odob-axloqqa oid majburiyatlari

 26-modda. Odob-axloqqa oid majburiyatlar

O‘zDKga oʻqishga, ishga kirayotgan shaxslar mazkur Kodeks bilan yozma ravishda (imzo chektirib) tanishtiriladilar.

Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar:

qonun hujjatlari va mazkur Kodeks talablariga rioya etishga;

doimo yuksaklikka intilish, halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi olijanob fazilatlarni chuqur anglashga;

odob-axloqqa oid milliy anʼanalarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizni hurmat qilishga;

oʻz ustilarida doimiy ravishda ishlash va qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini muntazam ravishda oʻrganib borishga;

oʻz vazifalarini vijdonan, professional darajada amalga oshirishga;

O‘zDK obroʻ-eʼtibori va nufuziga dogʻ tushiradigan har qanday harakatlarni sodir etishdan oʻzini tiyishga;

O‘zDK toʻgʻrisidagi axborotlardan uning manfaatlari va ishchanlik obroʻsiga ziyon yetkazish maqsadida foydalanmaslikka;

O‘zDK mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish (koʻchar va koʻchmas mulk, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga va b.), shu jumladan, xizmat vazifasini bajarish uchun berilgan moddiy texnika vositalaridan toʻgʻri va tejamkorona foydalanishga;

elektr energiyasi va suvni tejamkorona ishlatishga;

biron-bir noxush voqea yoki hodisa roʻy bersa, u haqda zudlik bilan O‘zDK rahbariyatiga xabar berishga;

belgilangan cheklovlar va taqiqlarga rioya qilish, oʻz vazifalarini ogʻishmay bajarishga, xodim, talaba va doktorantlarning shaxsiy va oilaviy muammolarini muhokama qilmaslikka, hech bir shaxs haqida jinsi, irqi, millati, tili, diniy eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va lavozimi haqida hamda boshqa xususiyatlaridan qatʼiy nazar notoʻgʻri fikr yuritmaslikka va uni kamsitmaslikka;

professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar, shuningdek, boshqa shaxslar haqida turli igʻvo, fitna, gʻiybat va boʻhtonlar uyushtirmaslikka va tarqatmaslikka;

O‘zDKda ishchanlik obroʻsi yoki nufuziga putur yetkazadigan nizoli vaziyatlarga yoʻl qoʻymaslikka;

professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantning mehnat va oʻquv jarayonidagi saʼy-harakatlariga qasddan ziyon yetkazmaslikka;

xotin-qizlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlar sodir etmaslikka, shilqimlik qilmaslikka, oʻzaro munosabatlarda umumeʼtirof etilgan axloq qoidalarini mensimaslikda ifodalanuvchi behayo soʻzlardan foydalanmaslikka;

davlat organlari va mansabdor shaxslarning, shuningdek, O‘zDK rahbariyatining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan (bergan) qarorlarini (topshiriqlarini) oʻz vaqtida va sifatli bajarishga;

shaxsiy foydasi hamda oʻzgalar manfaatini koʻzlab oʻz mavqeini suiisteʼmol qilmaslikka;

haqiqatni gapirishga, rahbarlar va boshqa xodimlarni chalgʻitmaslikka;

mutasaddi xodimlarning ruxsatisiz turli reklama vositalarini oʻrnatmaslikka;

kasbiy faoliyati davomida oʻzlariga maʼlum boʻlgan, ularning oshkor etilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beriladigan axborotning saqlanishi va maxfiyligini taʼminlash yuzasidan barcha choralarni koʻrishga;

sogʻlom turmush tarzini yuritish va atrofdagilarning sogʻligʻini saqlashga gʻamxoʻrlik qilish, estetik va ekologik madaniyatning oshishiga koʻmaklashishga;

tanqidiy mulohazalarni bildirishga va obektiv qaror qabul qilishga, oʻz xato va kamchiliklarini anglash va bartaraf etishga;

moddiy jihatdan yaxshi taʼminlanganligini turli yoʻllar bilan ataylab koʻz-koʻz qilmaslikka;

Axborot-resurs markazi xodimlari bilan xushmuomala boʻlishga, kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga, u yerda uyali aloqa vositalarini oʻchirib qoʻyish yoki ovozsiz rejimga qoʻyishga, baland ovozda soʻzlashmaslik va atrofdagilarga xalaqit bermaslikka, oziq-ovqat isteʼmol qilmaslik, qogʻoz, saqich va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslikka, kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilishga;

sport majmuasiga sport kiyimi va poyabzalida kirishga;

sport inventarlariga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga;

mashgʻulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirishga;

sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga rioya qilishga;

O‘zDK auditoriyalari, binolari va binolarga tutashgan hududda tozalikni saqlashga;

hududni ifloslantirmaslik, chiqindilarni joylarda qoʻyilgan maxsus qutilarga tashlashga;

shaxsiy avtomobilni taqiqlangan joyda qoldirmaslik, yoʻl harakati qoidalarini buzmaslik va mensimaslikka (beparvo boʻlish), shuningdek, transport vositalaridan foydalanishda xavf-xatar yaratmaslikka;

ish (oʻqish)dan tashqari vaqtda umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etishlari, gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslikka majbur.

27-modda. Odob-axloqqa oid qoʻshimcha talablar

  1. a) talabalar:

nutq madaniyatini doimiy takomillashtirib borishga;

talabalarning oʻz-oʻzini boshqarish tizimini faol qoʻllab-quvvatlash va mustahkamlash, ijodiy faoliyatni rivojlantirish va jamoaviy madaniyatni oʻstirishga;

pedagog xodim bilan boshqa talabalarning bahosini muhokama qilmaslikka;

yozma ishlarni himoya qilish va reyting nazoratiga doir tartib-qoidani bajarish vaqtida chetdan yordam olmaslik, oʻzgalarga yordam koʻrsatmaslikka;

boshqa shaxslar tomonidan tayyorlangan topshiriqlar yoki yozma ishlarni oʻz nomidan topshirmaslikka;

mashgʻulotlarni sababsiz oʻtkazib yubormaslikka va darslarga sababsiz kechikib kelmaslikka;

oʻquv mashgʻulotlari vaqtida O‘zDK hududida behuda yurmaslikka;

dars mashgʻulotlari oʻtilayotgan vaqtda fakultet dekanlari, magistratura boʻlimi boshligʻining ruxsatisiz O‘zDK hududidan ketib qolmaslikka;

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodimlari va oʻqituvchilariga qoʻpollik qilmaslikka, ular bilan tortishmaslikka, agarda ular nohaq boʻlsa tegishli shaxslarga xabar berishga, oʻqituvchilarning shaxsiy hayotiga oid nooʻrin savollar bilan murojaat qilmaslikka, ularga nisbatan adovat saqlamaslikka;

professor-oʻqituvchi, xodim, talaba yoki doktorant bilan nizoli vaziyat yuzaga kelganda oʻz hissiyotlarini jilovlashga va mazkur vaziyatni koʻrib chiqish boʻyicha tegishli boʻlinma va xodimlarga (murabbiy (tyutor), dekan, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Talabalar Kengashi) murojaat qilishga;

oʻquv jarayonida faol, eʼtiborli boʻlishga va pedagog xodimning koʻrsatmalariga qatʼiy rioya qilishga;

dars vaqtida gaplashmaslik hamda dars mashgʻulotiga taalluqli boʻlmagan ishlar bilan shugʻullanmaslikka;

jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish, stol va stullarga yozmaslikka;

qogʻoz, saqich va boshqa keraksiz narsalarni auditoriyada qoldirib ketmaslikka;

mashgʻulotlar davomida ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslikka, shuningdek, shaxsiy kompyuter va boshqa kommunikatsiya vositalaridan faqat pedagog xodim ruxsati bilan foydalanishga;

pedagog xodimga mashgʻulotlar vaqtida savol yoki iltimos bilan qoʻl koʻtargan holda va ruxsat berilganidan soʻng murojaat qilishga;

umumiy ovqatlanish joylarida taomlarga buyurtma berish va olishda navbat tartibiga hamda belgilangan qoidalarga rioya qilishga;

Talabalar turar joyi Ichki tartib-qoidasiga qatʼiy rioya qilishga;

jamoat xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqib, imkon darajasida oliy taʼlim muassasasiga jamoat transportida kelishga;

  1. b) xodimlar:

oʻz xizmat joyidagi tartib-intizomga va O‘zDK Ichki tartib-qoidalariga rioya qilishga;

taʼtildan oldin yoki mehnat shartnomasi bekor qilinganda oʻz xizmat joyini talabga javob beradigan holatda qoldirishga, oʻz zimmasidagi orgtexnika vositalari va boshqa materiallarni, oʻziga topshirilgan, lekin hali yakunlanmagan vazifalarni boshqa shaxsga topshirmaslikka;

telefon orqali muloqot qilishda muomala madaniyati va axborot taqdim etish qoidasiga rioya qilishga (jumladan, suhbatni eng avval rasmiy tarzda salomlashishdan boshlab, soʻng oʻz xizmat muassasasi, lavozimi hamda familiyasi, ismi, sharifini aytib, maqsadga oʻtish lozim, taqdim etilayotgan axborot maksimal qisqa, loʻnda va aniq boʻlishi kerak, soʻralayotgan maʼlumot suhbat jarayonida izlanishi tufayli telefon tarmogʻini band qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, zarurat boʻlsa, qayta qoʻngʻiroqni amalga oshirish mumkin);

yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga;

yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot boʻlgan ekstremistik taʼsirlardan, “ommaviy madaniyat” xurujlaridan ogoh etib borishga;

taʼlim oluvchilarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashda va maʼrifiy ishlarning samarali shakl hamda uslublarini ishlab chiqishga koʻmaklashishga;

oʻz xizmat vazifalarini vijdonan bajarishga shubha tugʻdiradigan xatti-harakatlarni qilmaslikka, talabalar bilan oʻz hamkasblarini kasbiy va shaxsiy kamchiliklarini muhokama qilmaslikka;

dars mashgʻulotlariga kechikib kelgan yoki boshqa sabablarga koʻra talabalarni oʻquv mashgʻulotlaridan chiqarib yubormaslikka, shuningdek, talabaga oliy taʼlim muassasasi talabalar safidan chetlashtirish (kursdan-kursga qoldirish) yoki talabaning majburan oʻqishdan voz kechishiga undash bilan qoʻrqitmaslikka, uning asossiz talabalar safidan chetlashtirilishiga (kursdan-kursga qoldirilishiga) olib kelmaslikka;

taʼlim oluvchilarga nisbatan tazyiq oʻtkazish, tegajogʻliq va zoʻravonlik qilish kabi shaʼn va qadr-qimmatini kamsitadigan nojoʻya-xatti harakatlarni sodir etmaslikka;

talabaga nisbatan adovatga bormaslikka;

akademik guruhda (kursda) talabalar xulqining umumiy madaniy holati haqida fakultet dekanlariga kerak boʻlgan hollarda taʼsir choralari koʻrish lozimligi yuzasidan yozma maʼlumot taqdim etish kabi talablarni bajaradilar.

 

 8-bob. Ragʻbatlantirish va chora koʻrish tartibi

 28-modda. Professor-oʻqituvchi, xodim va talabalarni ragʻbatlantirish

Oʻquv yili davomida mazkur Kodeksga toʻla rioya qilgan, O‘zDKda yuksak maʼnaviy-axloqiy muhitning yanada qaror topishi va mustahkamlanishiga oʻz hissasini qoʻshgan professor-oʻqituvchi, xodim va talabalar rahbariyat, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va boshqa tarkibiy boʻlinma rahbarlari tavsiyasiga binoan belgilangan tartibda moddiy yoki maʼnaviy ragʻbatlantirilishlari mumkin.

 

29-modda. Kodeksga rioya qilishning attestatsiya va boshqa  jarayonlar uchun ahamiyati

Professor-oʻqituvchi, xodimlar tomonidan mazkur kodeksga rioya etilishi attestatsiyalar oʻtkazishda, yuqori va boshqa lavozimlarga tayinlash (kareraviy oʻsish) uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.

 

30-modda. Kodeks qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktoranti tomonidan mazkur Kodeks qoidalarining buzilishi – uni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos boʻlib xizmat qiladi.

 

31-modda. Kodeks va ichki tartib-qoidalarning oʻzaro munosabati

Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar mazkur Kodeks qoidalarini buzganida, ularga nisbatan oliy taʼlim muassasasi Ichki tartib-qoidalarining VII-bobida (Mehnat va oʻqish intizomini buzganlik uchun javobgarlik) qayd etilgan choralar qoʻllaniladi.

 

9-bob. Odob-axloq komissiyasi faoliyatini tashkil etish

 32-modda. Odob-axloq komissiyasi

Mazkur Kodeks normalarining professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar tomonidan buzilishiga oid masalalar, qoida tariqasida, Odob-axloq komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilishi mumkin.

Shuningdek, Odob-axloq komissiyasi, qoida tariqasida, oliy taʼlim muassasasi rektorining koʻrsatmasi boʻyicha;

xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra;

oʻz tashabbusi bilan;

O‘zDK professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlaridan, shuningdek, O‘zDKga aloqa kanallari orqali kelib tushgan axborot asosida ham ushbu turdagi masalalarni koʻrib chiqishi mumkin.

Odob-axloq komissiyasi kamida 5 kishidan iborat tarkibda tuziladi. Odob-axloq komissiyasining maqsadi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari va uning faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa masalalar O‘zDK rektori tomonidan tasdiqlangan Odob-axloq komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadi.

 

33-modda. Odob-axloq komissiyasi xulosasi

Odob-axloq kodeksining buzilishi holatlarini Odob-axloq komissiyasi tomonidan koʻrib chiqish natijalari boʻyicha intizomiy yoki boshqa tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi (mavjud emasligi) toʻgʻrisida xulosa chiqariladi. Ayni vaqtda O‘zDK rektoriga koʻrib chiqishi uchun qoidabuzar professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida taklif kiritiladi. Yoʻl qoʻyilgan qoida buzilishining xususiyatini hisobga olgan holda Odob-axloq komissiyasi professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantga nisbatan Odob-axloq kodeksining buzilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.

Odob-axloq kodeksiga rioya etmagan professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantni intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha buyruq loyihasi fakultet dekanlari va magistratura boʻlimi (talabalarga nisbatan), kadrlar boʻlimi (professor-oʻqituvchi, xodimlar va doktorantlarga nisbatan) tomonidan tayyorlanadi.

Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba va doktorantlar oʻzlari yoʻl qoʻygan qoida buzilishi, qoida buzilishining koʻrib chiqilishi jarayoni haqida axborotni olish va oʻzini himoya qilish uchun dalillarni taqdim etish, shuningdek, oliy taʼlim muassasasi qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadirlar.

 

34-modda. Jamoatchilik nazorati

Professor-oʻqituvchi, xodim, talaba yoki doktorantning xulq-atvori ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash maqsadida, mazkur Kodeksga rioya etmaganlik holatlari Kasaba uyushmasi qoʻmitasi, Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahat kengashlari va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilotida ham muhokama qilinishi amaliyoti joriy etilishi mumkin.

 

10-bob. Yakuniy qoida

 35-modda. Kodeksning kuchga kirishi hamda unga oʻzgartish va  qoʻshimchalar kiritish

 Mazkur kodeks O‘zDK Kengashida muhokama qilinib ma’qullangani, rektor buyrug‘i bilan tasdiqlanganidan soʻng kuchga kiradi, unga oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritish ham O‘zDK Kengashi qaroriga, rektorning tegishli buyrug‘iga binoan amalga oshiriladi

 

Mazkur kodeks O‘zDK 27.06.2023 yildagi 11-sonli Kengashi majlisida muhokama qilinib ma’qullandi, rektor buyrug‘i bilan 27.06.2023 yildagi 85a -sonli AF buyrug‘i bilan tasdiqlandi.