Rizqi Rajabiy (1893-1978)

Mashhur tanburchi, o’zbek milliy sozandalik san’atiga katta hissa qo’shgan yetuk sozanda,bastakor, ustoz va komil inson Rizqi Rajabiy 1893 yilda Toshkentda tug’ildi.Otasi Rajabboy ota qassobchilik qilar, onasi Oysha buvi esa o’qimishli, mumtoz adabiyot va xalq og’zaki ijodini puxta bilgan otin edi. Yoshlik yillari mashaqqatli o’tgan Rizqi Rajabiy o’qishni-yozishni onasidan o’rgandi,keyinchalik tahsilni eski maktabda, so’ngra madrasada davom ettirdi. Biroq tez orada madrasa yopilib, Rizqi turmush mashaqqatlarini o’z zimmasiga oldi.Otasining bog’ida mayda-chuyda ishlar bilan shug’ullanib ro’zg’orga yordam berardi. 12 yoshida zargarga shogird tushdi. 17-18 yoshida mustaqil ravishda zargar bo’lib ishladi.
Yosh Rizqiga birinchi bo’lib soz tutqazgan va pardani, zarbni o’rgatgan ustozi Zufar ota edi. Keyinchalik Rizqi Rajabiy Toshkentdagi kechki musiqa texnikumida tanbur bo’yicha ta’lim olishga kirishdi. Ushbu dargohda u bilan birga ukasi Yunus Rajabiy va do’sti Imomjon Ikromov birga tahsil olishar edilar. O’qishni muvofaqiyatli bitirgach uch saboqdosh, Xalq maorifi bo’limining da’vati bilan Samarqand musiqa bilim yurtida o’qituvchi bo’lib ishlay boshladilar.
Mazkur bilim yurtida Hoji Abdulaziz Abdurasulov, Levi Boboxonov va boshqa ustoz san’atkorlar dars berishardi. Rizqi ota mashhur hofiz Hoji Abdulaziz bilan shu yerda tanishdi va u kishining ko’magi bilan samarqandlik keksa hofizlardan maqom yo’llarini o’rgana boshlaydi. Rizqi ustoz bo’sh vaqtini ko’proq Hoji Abdulazizning uyida o’tkazardi. Rizqi otaning san’atga bo’lgan ishtiyoqini ko’rgan Hoji bobo unga maqom sirlarini tinmay o’rgatar, goho ustoz shogird birga to’ylarga borardilar. Bunday kezlarda Rizqi ota buyuk hofiz yonida sozandalik qilardi. O’sha vaqtlarda teatrlar kam,diyarli yo’q edi, xonanda va sozandalar, xalqqa asosan choyxona va to’yxonalarda o’z san’atini namoyish etardilar.
Rizqi ota ustozi Hoji bobodan,Buzruk, Bebog’cha, Karimqulbegi kabi kuylarni o’rganish bilan birga undan dutor chertish mahoratini ham egalladi. Rizqi ota Toshkentga qaytganlaridan keyin ham, ustoz shogird o’rtasidagi aloqa uzilmadi. Hoji bobo har gal Toshkentga kelganlarida, Rizqi otaning xonadonida albatta mehmon bo’lar, Rizqi ota ustozining hurmatini joyiga qo’yardi.
Rizqi Rajabiy keyinchalik Toshkentda “Zebuniso” nomidagi xotin-qizlar maktabida, Alisher Navoiy nomidagi maktabda so’ng Musiqa internati qoshidagi klubda havaskorlar bilan mashg’ulotlar o’tkazardi.Shu tariqa Rizqi Rajabiy mazkur dargohlarda Akbar Haydarov va Karim Zokirov kabi mashhur san’atkorlarni tarbiyalab yetishtirdi. Ustozning navbatdagi ish joylari:Musiqa texnikumi,tramvay tresti qoshidagi klub, g’isht zavodi qoshidagi klublarda havaskorlarga tanbur,dutor chalish sirlarini o’rgatdi. Hamza nomidagi teatrda bir oz muddat sozanda bo’lib ishlagach,Ozbekiston radio qumitasiga ishga kirdi. Bu yerda 18 yil musiqa rahbari bo’lib ishlab, yoshlarga ashula va musiqa yo’llarini o’rgatgan R.Rajabiyga 1938 yilda “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist” unvoni berildi.
1944 yili radio qo’mitasi xalq cholg’u ansambllarini qisqartirish munosabati bilan barcha taniqli xonanda va sozandalar qatori R.Rajabiy ham O’zbekiston Davlat filarmoniyasiga ishga o’tkazildi. Bu yerda ham Rizqi ota yosh san’atkorlarga musiqa va ashula o’rgatdi.
1957 yildan xalq cholg’u ansambli va orkestrlariining tiklanishi munosabati bilan barcha taniqli sozanda va xonandalar qatori R.Rajabiy ham radioga ishga taklif qilinadi. Rizqi ota, O’zbek xalq kuylari, maqom yo’llarini puxta bilgani uchun Xalq cholg’u ansambliga maslahatchilik qiladi. Shu yillar mobaynida u radio fonotekasida, gramstudiyada va Hamza nomli san’atshunoslik institutida 200 dan ortiq kuyni tanburda o’g’li san’atshunos olim Isoq Rajabiy bilan dutor jo’rligida magnit lentasiga yozdiradi.
R.Rajabiy, O’zbekiston xalq artisti Orif Qosimov,
O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar Mahmud Yunusov, G’ulom Qo’chqorov kabi mashhur sozandalarni tarbiyalab yetishtirgan zabardast ustoz edi. Rizqi ota 500 ga yaqin kuylarni yoddan ijro qila olardilar. Bulardan: Miskin, Adoiy, Sarparda, Nasrulloiy, Oromijon, Cho’li iroq, Dil kuyi, Ajam, Bayot, Gulyori shahnoz va boshqalar shular jumlasidandir.
R.Rajabiy bastakor sifatida 18 ta kuy ijod qilgan. Bulardan: Koshki, Ovoraman, Kulib, Yashnasin, Oftobim singari qo’shiqlar kuyi fikrimiz dalilidir. 1972 yilda Toshkent Davlat konservatoriyasi qoshida An’anaviy bo’lim ochiladi. Yosh talabalarga tanbur chalish sirlarini o’rgatish uchun R.Rajabiyni ishga taklif qilishadi. Rizqi ota 1978 yilgacha ya’ni umrlarini oxirigacha ushbu dargohda yoshlarga tanbur chertish sirlaridan saboq berdi. R.Rajabiy qoldirgan musiqiy meros hozirgacha o’z ahamiyatini yo’qotmagan.