MUTAL BURHONOV

MUTAL BURHONOV

(1916-2002)

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasining muallifi, O‘zbekiston xalq artisti, Hamza va Berdax nomidagi Davlat mukofotlari sovrindori Mutal (Mutavakkil) Burhonov hayoti va ijodiy faoliyati zamonaviy o‘zbek san’atining rivojlanish tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu nodir iste’dod sohibi barkamol va jozibali asarlari bilan yurtimizni dunyoga tanitdi. Uning barcha asarlari originalligi, milliyligi bilan ajralib turadi.  

Mutal Burhonov 1916-yil 5-mayda Buxoro shahrida Bozori nav, Kavshi olak mahallasida (hozirgi Pushkin ko‘chasi, 24-uyda) madrasa mudarrisi Muzainiddin Burhonov oilasida tug‘ildi. Mutavakkilning uch nafar amakilaridan biri Mukammil Burhonov Buxoro jadidchilar harakati faollaridan bo‘lgan. Hayotning og‘ir sinovlari boshiga tushgan M.Burhonov bolalik va o‘spirinlik davrida avval eski, so‘ngra yangi maktablarda o‘qidi. Bolaligidan musiqaga qiziqdi va mehr qo‘ydi. Tanbur chalishni avval amakisi Mukammil Burhonovdan, keyin mashhur tanburchi Ota G‘iyos Abdug‘anidan o‘rgandi. 1928-32 yillarda Samarqandda O‘zbekiston musiqa va xoreografiya institutida ta’lim oldi. Mazkur o‘quv maskanida ishlagan Ota Jalol Nosirov, Ota G‘iyos Abdug‘ani, Domla Halim Ibodov, Hoji Abdulaziz Rasulov, Abduqodir Ismoilov, Ahmadjon Umrzoqov, Matyoqub Xarratov, Abdurahmon Umarov kabi ustozlar saboqlari, Abdurauf Fitrat va Burhonovlar xonadonlarida S.Ayniy, A.Cho‘lpon, Botu, Elbek, yosh H.Olimjon ishtirok etgan ijodiy kechalar M.Burhonov uchun unutilmas hayot va ijod maktabi bo‘ldi. O‘qishni tamomlagach, M.Burhonov 1932-35 yillarda Toshkentda Hamza va Dushanbeda Lohutiy nomidagi drama teatrlarida sozanda, musiqa rahbari lavozimlarida ishladi, musiqa bastalashga intildi. Kompozitorlik ta’limini olish orzusida u 1935-yili Moskva konservatoriyasi qoshida ochilgan «Uzbek opera studiya»sida tahsil ko‘rdi. 1939-yilda Moskva konservatoriyasining asosiy kursida professor S.N.Vasilenko sinfida o‘qishini davom ettirdi. Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan ko‘ngillilar armiyasi safida Moskva shahrini himoyasiga otlandi, 1942-yili esa qattiq betob bo‘lib, Toshkentga qaytib davolandi, ijod bilan shug‘ullandi. 1946 yildan o‘qishini davom ettirib, 1949- yili Moskva konservatoriyasi kompozitorlik kulliyotini muvaffaqiyatli tugalladi.   

U talabalik davridayoq ilk ijodini atoqli shoir A.Lohutiy she’rlariga bastalagan «Ey bulbul» romansi va «Buti nozaninam» («Mening go‘zalim») qo‘shig‘idan va Mashrab she’riga «Ishq o‘ti», yakkaxon va simfonik orkestr uchun bastalagan ballada kabi asarlardan boshladi. Urush yillari «Jangchilar qo‘shig‘i» (Uyg‘un so‘zi), «Samolyot» (H.Olimjon so‘zi), «Uchib ketasan» (Z.Diyor so‘zi), «Paxtam ochilsa» (Kamtar so‘zi) qo‘shiqlar, «Ishqida» (Uyg‘un so‘zi), «Dilbari-mo» (A.Lohutiy so‘zi) romanslar yaratildi. M.Burhonov qalamiga mansub «Maftuningman» kinofilmida Botir Zokirov ijro etgan «Maftuningman», Klara Jalilova ijrosidagi «Yulduz qo‘shig‘i» va «Do‘ppi tikdim ipaklari tillodan» (T.To‘la so‘zi), Yunus To‘raev ijrosvdagi «Gul diyorim» (E.Vohidov so‘zi) va «Go‘zal Nukus shahrim» (I.Yusupov so‘zi), Tamaraxonim ijro etgan «Go‘zal Farg‘ona» (A.Bobojon so‘zi), «Uyg‘ur qiziga» (Mamatoxunova so‘zi), «Vatan qo‘shig‘i» (G‘.G‘ulom so‘zi), «Boy ila xizmatchi» kinofilmidan Gulbahor allasi kabi ajoyib qo‘shiqlar mashurdir. Darhaqiqat, M.Burhonov birinchilardan bo‘lib romans janrini respublikamiz musiqiy hayotiga joriy etdi, yangi yo‘l ochib berdi deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Bastakorning bu janrdagi asarlari orasida ulug‘ shoir Navoiy g‘azaliga bastalagan «Tabassum qilmading» va Hofiz g‘azaliga yakkaxon va simfonik orkestr uchun «Namedonam chi nom dorad» («Ismingni bilmayman») romans-poemasi alohida o‘rin tutadi. «Yurak sadosi» (T.To‘la she’ri), «Kelsa nogox…» (N.Komilov she’ri), «Nega g‘ark etding» (A.Fitrat she’ri), «Unutmas meni bog‘im» (U.Nosir she’ri), «Shoir orzusi» (Mashrab so‘zi) balladasi barkamol darajaga yetkazilgan.

M.Burxonov vokal-simfonik janrlarda xam barakali ijod qildi. 1949-yilda yakkaxon, xor va simfonik orkestr uchun «Gullagay O‘zbekiston» kantatasi, «Bahor qushlari» (S.Umariy so‘zi) vokal-simfonik poemasi, «Oq oltin» (I.Yusupov so‘zi) valьs-qo‘shiq poemasi.  

Alisher Navoiyning 525 yillik yubileyiga bag‘ishlab A.Oripov bilan xamkorlikda «Alisher Navoiyga qasida» (1968) vokal-simfonik poemasi, shu shoir bilan 1975-yili urushda xalok bo‘lganlar xotirasiga bag‘mshlab xor va simfonik orkestr uchun «Epitafiya» marsiyasini yaratdi.

M.Burxonov birinchilardan bo‘lib 50-yillarning boshlarida o‘zbek xalq qo‘shiqlari «Go‘zal kizga», «Yorlarim», tojik xalq qo‘shiqlari «Sari ko‘xi baland» va «Zarragul», qoraqalpoq xalq qo‘shiqlari «Bibigul», «Ayriliq», uyg‘ur xalq qo‘shig‘i «Sayra», qozoq xalq qo‘shig‘i «Dudaray», keyingi yillarda afg‘on xalq qo‘shig‘i «Chashmi siyoh», eron xalq qo‘shiqlari — «Guli gandum» va «Damkul-damkul» kabilarni akapella xori uchun moslashtirib, murakkab ijodiy masalani muvaffaqiyat bilan yecha oldi. Noyob iste’dod sohibi M.Burhonov 1990-yilda Navoiy tavalludining 550 yilligiga bag‘ishlab «Alisher Navoiy» operasini yaratdi.

  M.Burxonov «O‘zbek xalq cholg‘ulari orkestri» uchun «Mavrigi», turli xil p’esalar, syuitalar, simfonik orkestr uchun syuitalar, skripka va violonchel ansambli uchun vals va p’esalar yaratdi. Bolalar xori uchun qator qo‘shiqlar bastalagan. M.Burxonov tabarruk 80 yoshlik to‘yini yangi musiqiy asarlar bilan kutib oldi. Jomiy do‘sti Alisher Navoiyga bag‘ishlab «Shiru shakar» she’riga qo‘shiq, bolalar xori uchun «Vatan bizga mexribon» (M.Mirzo so‘zi) qo‘shig‘i, akapella xori uchun «Buxoroi Sharif» (Rudakiy she’ri) qo‘shiqlari. Shu bilan birga O‘zbekiston musiqasi tarixida M.Burxonov birinchi bo‘lib yakkaxonlar xor va simfonik orkestr uchun besh qismli «Abadiy xotira» nomli REKVIEM yaratdi. Bu asarda qatag‘on yillari qurboni bo‘lgan o‘zbek xalqining ulug‘ farzandlari Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulxamid Cho‘lpon, Usmon Nosir, Fayzulla Xo‘jaev, kompozitorning katta akasi Misbox, amakilari Masxariddin, Mukammil va Muammir Bur-honovlar xotirasiga bag‘ishlangan. Bu asar 1996-yil 14-mayda «Turkiston» saroyida kompozitorning yubiley kechasiga bag‘ishlangan kontsert dasturida ilk bor ijro etildi.

 Komgyuzitor Mutal Burxonov O‘zbekisgon musiqa madaniyatini rivojlantirishda buyuk xizmatlari uchun «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi», «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvonlariga, «Mehnat shuxrati» medali, O‘zbekiston, Tojikiston va Belorusiya hukumatlari faxriy yorliqlari bilan mukofotlangan. 1999-yili Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning qo‘lidan «Buyuk xizmatlari uchun» ordenini M.Burhrnov qabul qilib olishga muyassar bo‘ldi. M.Burxrnov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan yubiley kontsert Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida 2001-yil 17-may kuni bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan u «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandi.

 Mutavakkil Burxonov Buxoro shahrida 2002-yilning 15- iyunida dunyodan ko‘z  yumdi.