BORIS NADEJDIN

BORIS NADEJDIN

(1905-1961)

Nadejdin Boris Borisovich rossiyalik kompozitor, pedagog, О‘zbekiston SSRning xizmat kо‘rsatgan san’at arbobi (1950). Smolenskda tug‘ilgan. 1937 yilda Moskva konservatoriyasini tamomlagach (G.I.Litinskida kompozitsiya sinfi bо‘yicha) О‘zbekistonga yо‘lanma oldi. 1937 yildan to umrining oxirigacha Toshkent davlat konservatoriyasida pedagogik faoliyat olib borgan (1945 yildan dotsent).

B.B.Nadejdin milliy kadrlarni tarbiyalash masalasiga jiddiy qarashlari bilan  ajralib, katta sezgirlik bilan bu masalag yondoshgan, talabalarning professional ijodga qiziqishini uyg‘otish borasida peshqadam bо‘lgan. B.B.Nadejdinning kompozitorlik sinfi ostida –S.Babayev, X.Izamov G.Qodirov, A.Muhamedov, X.Rahimov, Park yon din, V.Meyen, B.Giyenko, A.Berlin, I.Hamrayev, Y.Nikolayev, F.Yanov-Yanovskiy, T.Qurbonov, S.Varelas, A.Malaxov, G.Sabitov kabi bir qator taniqli shogirdlar yetilib chiqdi.

B.B.Nadejdin ijodiy bisotida uchta musiqali drama, simfoniyalar, syuitalar, poemalar, kо‘plab qо‘shiqlar, shu jumladan «Buyuk Farg‘ona kanali tо‘g‘risidagi qо‘shiqlar» kabi tanilgan asarlar о‘rin olgan. Kompozitor ijodini serqirra janrlari, jumladan, muallifning bolalar uchun yaratgan asarlari – fortepiano uchun miniatyura pyesalari tо‘plami («Oltita bolalar pyesasi», «Fortepiano uchun uchta о‘zbek pyesasi», «Yosh bolalar uchun qо‘shiqlar» va boshqalar), «Bolalar» simfonik Syuitasi (1961) alohida e’tiborga loyiq. Ushbu asarlarning musiqasi soddaligi va nafisligi bilan ajralib turadi. B.B.Nadejdin “Kasos” (Uyg‘un, A.Umariy) va “Farhod va Shirin” musiqali dramalari uning Y.Rajabiy hammuallifligida, “Asrlar” (Uyg‘un) musiqali dramasi esa T.Jalilov hammuallifligida dunyoga kelgan. Kompozitor yakkaxonlar, xor va orkestr uchun – «Orzu» poema (1941); orkestr uchun – simfoniya (1934-35), Simfoniyetta (1949); «Segoh» simfonik poema (1949); xalq cholg‘u asboblari orkestri uchun syuita (1939), «V.I.Lenin xotirasi» poema (1939), Hamza musiqalarini qayta ishlovi (1942); fortepiano uchun asarlar (shu jumladan bolalar pyesalari albomlari)kabi asarlarni yaratdi. Hayotining sо‘nggi yillarida u orkestr uchun timsoliy emotsional va intonatsion tuzilishi bilan ajralib turadigan yirik asarlarni yaratish bilan e’tiborga tushdi. Xususan, unring «Vals» simfonik poemasi, «Simfonik orkestr uchun ikkita asar», «Bolalarga» kabi asarlar kompozitor ijodining asosiy ustun uchta yо‘nalishni belgilab berdi

Samarali ijodiy faoliyati va mehnati uchun B.B.Nadejdin “Shon-sharaf” ordeni bilan davlat tomonidan mukofotlangan. Kompozitor 1961-yili Toshkentda vafot etdi.