ALEKSEY KOZLOVSKIY

ALEKSEY KOZLOVSKIY

(1905-1976)

O‘zbekiston xalq artisti, professor, kompozitor va dirijyor A.Kozlovskiy yorqin ijodiy, pedagoglik va jamoatchilik faoliyati bilan XX-asr musiqa madaniyatining rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan. U yaratgan simfonik, vokal-simfonik, musiqiy sahna asarlari respublikamiz zamonaviy mumtoz san’atining durdonalari qatoridan o‘rin olgan. Rus millatiga mansub ijodkorlar orasida o‘z hayoti va ijodiy mehnatini o‘zbek musiqa madaniyatining taraqqiyotiga bag‘ishlangan ilk kompozitorlardan biri sifatida sidqi dildan xizmat qildi.

Kozlovskiy Aleksey Fedorovich Kiev shaxrida 1905-yil 15-oktyabrda ziyolilar oilasida tug‘ildi. 1916-yili gimnaziyada o‘qidi, so‘ngra Kiev konservatoriyasi tayyorlov bo‘limida B.L.Yavorskiy sinfida fortepiano va kompozitsiyadan saboq ola boshlaydi. 1927-yili musiqa texnikumini tamomlab, Moskva konservatoriyasi kompozitorlik fakultetiga o‘qishga kirdi. 1931-yili katta simfonik orkestr uchun «Qaxramonlik uvertyura»si diplom ishini yozib, konservatoriyani tamomladi. 1936-yili Toshkent davlat konservatoriyasi tashkil topishi munosabati bilan A.V.Lunacharskiy chaqiruviga binoan Toshkentga oilasi bilan ko‘chib keldi. 

A.F.Kozlovskiy va rafiqasi T.L.Gerus-Kozlovskayalar uchun O‘zbekiston ikkinchi vatan bo‘lib qoldi. Toshkentga kelgan kundan boshlab ular o‘zbek ziyolilari hamda o‘zbek musiqasi va adabiyoti bilan yaqindan tanisha boshladilar. Ayniqsa, uzoq yillardan buyon Toshkentda istiqomat qilayotgan, o‘zbek musiqa merosining bilimdonlaridan V.A.Uspenskiy bilan do‘stlashadi va u orqali atoqli san’atkorlar Shorahim Shoumarov, Domla Halim Ibodov, Mulla To‘ychi Toshmuhamedov, Abduqodir Ismoilov, Usta Olim Komilov, Ahmadjon Umrzoqov, G‘ulomqodir G‘aniev, Levi Boboxonov, Halima Nosirova, Tamaraxonim, Lutfixonim Sarimsoqova, Muhiddin Qoriyoqubov, To‘xtasin Jalilov, Yunus va Rizqi Rajabiylar bilan yaqindan tanishadi. Ulardan, shuningdek, to‘ylarda, choyxonalarda o‘z san’atini namoyish qilgan hofiz va darveshlardan 300 dan ortiq qo‘shiq, ashula va kuylarni notaga yozib olib, o‘z ijodida foydalanadi. 1938-1977 yillarda konservatoriyada kompozitsiya, polifoniya, cholg‘ulashtirish, dirijyorlikdan dars beradi. Kompozitorlik, keyinchalik cholg‘ulashtirish kafedralariga mudirlik qiladi. Konservatoriyada pedagoglik ishi bilan birga O‘zbek opera va balet teatrida 1938-1948 yillarda dirijyor va musiqa maslahatchisi, 1949-1965 yillar mobaynida esa O‘zbek davlat filarmoniyasi qoshidagi simfonik orkestrning badiiy rahbari va bosh dirijyori vazifalarida ishladi.

Uning 1937 yilda simfonik orkestr uchun yaratgan uch qismli «Lola» Farg‘ona syuitasi birinchi asaridir. O‘sha yili Halima Nosirova ijrosida mashhur bo‘lgan xalq ashulalaridan “Tanavor”, “Gul yuz uzra”, “Fig‘on” va “O‘zgancha” simfonik orkestr uchun qayta ishlangan to‘rtta poema kompozitorga shuxrat keltirdi.

A.F.Kozlovskiyning teatruchun yozgan asarlari orasida G.Gerus-Kozlovskaya librettosi asosida yaratilgan «Ulug‘bek» operasi 1942-yili (ikkinchi taxriri 1958-y.) va “Tanovar” baleti (1971 y.) sahna yuzini ko‘rdi.

A.F.Kozlovskiy pedagoglik faoliyati bilan kompozitor va dirijyorlarni tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatdi. Uning sinfida ta’lim olganlar orasida kompozitorlardan I.Akbarov, I.Hamroev, D.Zokirov, D.Soatqulov, S.Jalil, S.Hayitboevni, dirijyorlardan B.Inoyatov, F.Shamsutdinov, S.Alievlarni ko‘rish mumkin. A.F.Kozlovskiy 1944-yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi», 1955-yili «O‘zbekiston xalq artisti», 1973-yili Hamza nomidagi Davlat mukofoti, qator orden va medallar bilan taqdirlangan.