G‘anijon Toshmatov (1913-1994)

        Sozanda (g‘ijjak), bastakor. O‘zbekiston xalq artisti (1973). Sozandalikni mashxur san’atkor S. Siddiqovdan, kuy bastalashni T. Jalilovdan o‘rgangan. Toshkent konservatoriyasining tayyorlov kursida o‘qigan (1947-49). Dastlab mohir sozanda sifatida tanilgan. Andijon (1932-34), Farg‘ona musiqali teatrlarida sozanda va musiqa rahbari (1934-39), Muqimiy teatri (1939-46), O‘zbekiston radioqo‘mitasi xalq cholg‘u asboblari orkestrida sozanda-konsertmeyster (1946-67) va rahbar (1949-53) bo‘lib ishlagan. «Ushshoq», «Segoh», «Nasri Segoh», «Dugoh», «Farg‘ona Buzrugi», «Surnay Buzrugi», «Chapandozi Bayot» kabi o‘nlab maqom yo‘llari, «Yalang davron», «Nisor», «Munojot», «Tanavor», «Tong otguncha» kabi xalq kuylarini, o‘zi bastalagan «Kezarman», «Guljamol» va b. murakkab asarlarni ijro etgan. O‘zbekiston radiosida Uyg‘ur ansambli (1967-78), O‘zbek xalq etnografik ansambli (1978-79), «Dutorchi qizlar ansambli»ning tashkilotchisi va badiiy rahbari (1979-94, 1996 yildan G‘. Toshmatov nomida), «Maqom» ansambli badiiy rahbari (1987-88) bo‘lib, o‘zbek mumtoz musiqasi rivojiga katta hissa qo‘shgan. Unutilib ketgan ko‘plab ashula, yalla, laparlarni tiklab, konsert dasturlarini boyitgan. Bastakorlikni Farg‘ona teatrida boshlagan. «Layli va Majnun» (1935), «Farhod va Shirin» (1936) kabi spektakllarga uning kuylari kiritilgan. Keyinchalik B. Zeydman bilan hamkorlikda «Qari qiz» (T. To‘la librettosi, 1965) musiqali dramasini yaratgan. Ijodida o‘zbek va uyg‘ur xalqlari musiqa merosi an’analarini uyg‘unlashtirib, 400 ga yaqin asar (asosan, qo‘shiq, yalla, cholg‘u kuy va ashula)larida o‘ziga xos qurama uslub yaratishga muvaffaq bo‘lgan. «Istadim», «Ey, begim», «Qora zulfing» (Navoiy she’rlari), «Hay-hay sanam», «O‘ldiroyin dermisan» (Mashrab), «Menga nomehribon bo‘ldi» (Huvaydo), «Dedimki» (Bedil) kabi ashulalari keng tarqalgan. Uyg‘ur ansambli uchun kuy va qo‘shiqlar («Uyg‘ur qizlari» va b.), «Andijon sanami» nomli 3 qismli vokal-raqs syuita yaratgan. Uyg‘ur 12 muqomini tiklashda faol qatnashgan. 1930-yillardan Yusufjon qiziq, J. Sultonov va boshqalar bilan askiya janrining ustalaridan bo‘lib, uning ommaviylashuviga hissa qo‘shgan. Ijrolari O‘zbekiston radio va televideniesi fono va videojamg‘armalariga, gramplastinkaga yozilgan. «O‘zbektelefilm» studiyasida uning ijodiga bag‘ishlantan film yaratilgan (1991).
                   O‘zbekiston xalq artisti, sozanda-g‘ijjakchi, ustoz, jamoat arbobi, bastakor G‘anijon Toshmatov XX asr o‘zbek musiqasi tarixida yorqin iz qoldirdi. O‘zbek va uyg‘ur xalqlarining musiqiy merosini, ijrochilik va bastakorlik san’at an’analarini davom ettirdi.
                 Andijon viloyati Asaka tumanida 1913 yilning tavallud topdi. 1930-32 yillarda Andijondagi mashxur san’atkor Sobirjon Siddiqovdan g‘ijjak chalishni o‘rgandi. 1932 yildan 1946 yillarga qadar Y.Oxunboboev nomidagi Andijon viloyati davlat musiqali drama teatri, Farg‘ona viloyati musiqali drama teatri, Toshkentdagi Muqimiy nomidagi respublika musiqali teatrlarida ishladi.
1957 yili O‘zbekiston radiosi qoshida o‘zbek xalq cholg‘ulari orkestri tashkil etilishi munosabati bilan G‘anijon Toshmatov konsertmeysterlik lavozimiga taklif qilindi va sozanda sifatida 1967 yilga qadar ishlab keldi.
         1967 yilda G‘anijon Toshmatov O‘zbekiston radiosi qoshida Uyg‘ur musiqasi 1978 yili O‘zbek etnografik ansamblini tashkil etib ularga boshchilik qildi. Bir yil o‘tgach yana shu yerda Dutorchi qizlar ansamblini tashkil qildi va unga raxbar bo‘ldi. Hozirda G‘anijon Toshmatov nomi bilan ataluvchi Dutorchilar ansambli respublikamizdagi mashhur musiqiy jamoalardan biridir. 1987-88 yillarda Yunus Rajabiy nomidagi Makom ansamblining badiiy raxbari bo‘lib ishladi.
           G‘. Toshmatovning sozandalik va bastakorlik sohalarida o‘zbek milliy san’atiga qo‘shgan xissasi nixoyatda kattadir. U eng avvalo mohir sozanda sifatida tanildi. Uning ijrosida yangragan «Ushshoq», «Dugoh», «Segoh», «Nasri Segoh», «Ufori Nasri Segoh», «Chapandozi Bayot», «Farg‘ona Buzrugi», «Surnay Buzrugi», «Navro‘zi Ajam» kabi maqom cholg‘u yo‘llari bilan birga «Yalang Daron», «Nisor», «Tong otguncha», «Ko‘ngilsan», «Yorim kelur», «Tanovar»ning bir necha turlari va o‘zi bastalagan «Guljamol», «Kezarman» va boshqa kuylar yuksak mahorat bilan chalingan.
         Uning bastakorlik ijodida qo‘shiq, ashula, yallalar ustuvor o‘rin tutadi. U mumtoz va zamondosh shoirlarning she’rlariga asoslanib 400 dan ortiq asarlar yaratdi. Uning ashulalaridan: «Istadim», «Kezarman», «Ey begim» (Navoiy she’rlari), «Guljamol», «Qora zulfing» (Z.Bobur she’rlari), «Hay-xay na sanam» (Mashrab she’ri), «Qoshi qarosi» (Xalq so‘zi), «Menga nomexribon bo‘ldi» (Huvaydo she’ri), «Sog‘inib» (Hamza she’ri) kabilari mumtoz asarlar qatoriga qo‘shilgan. «Sovg‘a», «Gulshan diyorim», «Hazrati inson», «Navro‘z», «Mash’al Toshkentim», «Alyor», «Qiz uzatdik», «Gulshanimda», «Tog‘ boshida ro‘molim qoldi», «Doira dum-duma», «Yangi lazgi», «Yorga maktub», «Ogox o‘zing», «Yangicha yor-yor», «Paxtazorda ko‘rdim», «Sohibjamol», «Kel, yorim», «Na go‘zalsan», «Laparchi qiz qo‘pgag‘i», «Ko‘nglimsendadir», «Sirdaryo qizi», «Raqqosa xirom aylar», «Chaman bazmida», «Gullar» kabi qo‘shiq va ashulalari xam tinglovchilarning qalbida joy olgan.
         O‘n ikkita uyg‘ur maqomini tiklashda va tasmaga yozib olinishida bosh-qosh bo‘ldi. Uyg‘ur ansambli uchun «Uyg‘ur kizleri», Ko‘zlaring», «Saratonda xatlar yozib» va boshqa ashula va qo‘shiqlari, «Andijon sanami» nomli uch qismli vokal-raqs syuitasini yaratdi. O‘zbek xalq musiqasi merosi xazinasidagi unutilayotgan ko‘plab terma qo‘shiq, yalla, lapar ashulalarini tiklab, Dutorchilar ansambli repertuarini boyitdi.
            Shuningdek, gurli ansambllar uchun bir necha vokal-xoreografik syutalar, 1965 yili kompozitor B.Zeydman bilan hamkorlikda Muqimiy nomidagi musiqali teatri uchun «Qari qiz» (T.To‘la pesasi) musiqali dramasini yaratdi.
              G‘.Toshmatov 1930 yillardan boshlab Yusufjon-qiziq, Oxunjon-qiziq va boshqa so‘z san’ati ustalari, hofiz va bastakor Jo‘raxon Sultonov bilan birgalikda askiya san’atini rivojlantirish va ommalashtirishga munosib hissa qo‘shdi.
                  1965 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist», 1973 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvonlari, 1993 yilda O‘zbekiston Respublikasi faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan.