ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR

(1483-1530)

O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim, yirik davlat arbobi va sarkarda. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida nom qoldirgan. O‘zbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy olgan. Uning nafis g‘azal va ruboiylari turkiy sheʼriyatining eng nodir durdonalari bo‘lib, “Mubayyin” (“Bayon etilgan”), “Xatti Boburiy”, “Harb ishi”, Аruz haqidagi risolalari esa islom qonunshunosligi, sheʼriyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi. Аdabiyot, nafis sanʼat, tabiat go‘zalligiga yoshligidan mehr qo‘ygan Zahiriddin barcha Temuriy shahzodalar kabi bu ilmlarning asosini otasi saroyida, yetuk ustozlar rahbarligida egalladi. 1519-1525 yillar davomida Hindistonni qo‘lga kiritish uchun bir necha bor janglar olib bordi. Sikri jangidagi g‘alaba Boburga Hindistonda o‘z hukmronligini uzil-kesil o‘rnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi. Ovro‘pa tarixchiligida “Buyuk mo‘g‘ullar” nomi bilan mashhur bo‘lgan, aslida “Boburiylar sulolasi” Hindistonda 300 yildan ortiq hukmronlik qildi. Bobur va uning hukmdor avlodlari huzurida o‘sha davrning ilg‘or va zehni o‘tkir olimlari, shoirlari, musiqashunoslari va davlat arboblarini mujassam etgan mukammal bir maʼnaviy-ruhiy muhit vujudga keldi. Bobur Hindistonda katta hajmdagi davlat ishlari bilan bir qatorda o‘zining adabiy-badiiy faoliyatini ham davom ettirdi va yuqorida zikr etilgan asarlarini yaratdi.

Bobur lirikasida sheʼriyatning asosiy mazmuni bo‘lgan insoniy fazilatlar, yor vasli, uning go‘zalligi, unga cheksiz muhabat, hijron azobi, ayriliq alamlari va visol quvonchlari nihoyat go‘zal va mohirona ifoda etilgan.

Bobur lirik sheʼrlari va tarixiy “Boburnoma”sidan tashqari, islom qonunshunosligi va boshqa sohalarda ham asarlar yaratgan. 1522 yilda o‘g‘li Humoyunga atab yozgan “Mubayyin” nomli asarida o‘sha zamon soliq tizimini, soliq yig‘ishning qonun-qoidalarini, shariat bo‘yicha kimdan qancha soliq olinishi va boshqa masalalarni nazmda izohlab bergan. “Xatti Boburiy” deb atalgan risolasida arab alifbosini turkiy tillar, xususan, o‘zbek tili nuqtai nazaridan birmuncha soddalashtirib berishga harakat qilgan. U tajriba sifatida “Xatti Boburiy” alifbosida Qurʼoni Karimni ko‘chirgan. Boburning aruz vazni va qofiya masalalariga bag‘ishlangan “Mufassal” nomli asari ham bo‘lganligi maʼlum, biroq bu asar bizgacha yetib kelmagan.

Bobur o‘zining maʼlum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga o‘z hissasini qo‘shgan olim sifatida xalqimiz maʼnaviy madaniyati tarixida munosib o‘rin egallaydi.