YAN PEKKER

YAN PEKKER

(1906-1993)

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, proffessor, jamoat arbobi, musiqashunos Pekker Yakov-Yan Borisovich XX asr o‘zbek musiqasi tarixida yorqin iz qoldirdi. U zamonaviy o‘zbek musiqa san’atining rivojlanish jarayonida tug‘ilgan muammo va ziddiyatlarni yechishda, yosh o‘zbek kompozitor va musiqashunoslarini tarbiyalashda, musiqa san’atini targ‘ib qilishda, milliy maqom san’atini himoya qilishda astoydil xizmat qilib, katta xurmat-e’tiborga sazovor bo‘ldi.

Pekker Yakov-Yan Borisovich Moskva konservatoriyasini  1936 yili bitirib, yangi tashkil topgan Toshkent davlat konservatoriyasiga, Xalq maorifi buyrug‘iga asosan ishga keldi. Konservatoriyada dars berishdan tashqari O‘zbekiston radio komitetida badiiy rahbar lavozimiga tayinlandi. Mazkur dargohda o‘zbek adabiyoti va musiqa san’ati namoyandalari bilan yaqindan tanishib, Toshkentda umrining oxirigacha ishlashga qaror qildi.

1941 yili Ya.B.Pekker radiodan bo‘shab, o‘qituvchilik va ilmiy ish bilan shug‘ullandi.1944-1948 yillarda u O‘zbek davlat filarmoniyasiga badiiy rahbar lavozimiga tayinlandi. Filarmoniyaning direktori M. Qoriyoqubov bilan birga barcha ijro jamoalarining  faoliyatlarini jonlantirdi. Lektoriy bo‘limi tashkil etilib, o‘zbek va jahon xalqlari musiqasini targ‘ib qilish yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa Ya.B.Pekker o‘qigan maruzalari juda qiziqarli o‘tar edi, minglab musiqa muxlislarining olqishlariga sazovor bo‘lar edi.

Pekker Ya.B. pedagoglik va rahbarlik mehnat faoliyati bilan birga ilmiy ish bilan ham shug‘ullandi. U o‘zbek xalqi o‘tmish tarixini, madaniyati va san’atini, adabiyot va uning namoyandalari ijodlarini o‘rganishga harakat qiladi. Zamonaviy o‘zbek musiqa san’atining rivojlanish jarayonini ko‘zdan kechirib boradi. San’atning turli mavzu va muammolariga bag‘ishlangan maqolalari matbuot va musiqiyensiklopediyalarda chop etiladi.

Yan Pekker O‘zbekiston va Turkmaniston xalq artisti, kompozitor va etnograf V.A.Uspenskiyning hayoti va ijodiy  faoliyati haqida monografiya yozdi, mazkur kitob ikki marta 1952, 1959 yillar rus tilida, 1952 yili o‘zbek tilida Toshkentda chop etilgan. 1966 yili nashrdan chiqqan asarida esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi G.A.Mushel hayoti va ijodiy faoliyati yoritilgan. “O‘zbek operasi” mavzuida himoya qilgan nomzodlik dissertatsiyasi asosida 1963 yili “O‘zbek operasi” kitobi “Musiqa” nashriyotida Moskvada chop etildi. Muallif ushbu kitobini qaytadan ko‘rib chiqib, yangi qo‘yilgan operalarni tahlil qilib, 1984 yili Moskvada qayta chop ettirdi.

O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasining 1942 yildan a’zosi, musiqashunos olim Ya.B.Pekker respublikamiz zamonaviy musiqa san’atini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun 1956 yilda ,,O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi’’ faxriy unvoni bilan taqdirlangan.