Saidjon Kalonov (1914–1972)

   O‘zbek bastakorlik maktabining namoyandalaridan biri, atoqli sozanda va bastakor Saidjon Kalonov 1914-yilning 30-iyunida Farg‘ona vodiysining Chust tumani Karkidon qishlog‘ida tavallud topgan. Hunarmand oilasida tug‘ilgan Saidjon yoshligidan nay sozini chalishni mashq qiladi. Avvaliga eski maktabda, so‘ng XX asrning 20-yillaridan yangi maktabda boshlang‘ich ta’limni oladi. Maktabda musiqa to‘garagiga qatnashadi. 1925-yili Toshkentdagi musiqa texnikumiga o‘qishga kiradi va sozandalik san’atini puxta egallaydi.
     Taqdir taqozosi bilan 1927-yili ularning oilasi Toshkentga ko‘chib o‘tishadi. U Yunus Rajabiy tomonidan radio qoshida tashkil etilgan xalq cholg‘ulari ansambliga naychi sozanda sifatida ishga kiradi. Saidjon Kalonov ustozlar rahnamoligida aynan ustoz-shogird maktabini o‘tashga muvaffaq bo‘ladi. Ustozlar Abduqodir Ismoilov, Yunus Rajabiy va To‘xtasin Jalilovlarning sabog‘idan, nafaqat soz ijrochilik san’ati, balki boy musiqiy meros namunalarini o‘zlashtirishga harakat qiladi. Musiqa texnikumini bitirganidan so‘ng Samarqand musiqa va xoreografiya institutida ikki yil davomida taniqli naychi, ustoz san’atkor Abduqodir Ismoilovning ta’limini oladi. 1932-yili faoliyatini Farg‘ona viloyati musiqali drama teatri qoshidagi musiqa ansambliga musiqa rahbari sifatida boshlaydi.
Saidjon Kalonov teatrda sahnalashtirilgan spektakllar uchun musiqalar tanlagan va ularni maromida ijro etish uchun jamoani boshqaradi. Jumladan, «Farhod va Shirin» musiqali spektakliga musiqalar tanlaydi va bir qator kuy va qo‘shiqlar bastalaydi. Saidjon Kalonov bastakorlik ijodining ilk uchqunlari ayni shu teatrda namoyon bo‘la boshlaydi. 1936-yili Toshkentda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tashkil etiladi. Saidjon Kalonov To‘xtasin Jalilov rahbarligidagi ansamblda naychi sozanda sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Saidjon Kalonov nafaqat sozanda sifatida, balki ansambl rahbari, ansamblni yangi asarlar bilan ta’minlab kelgan bastakor sifatida o‘zini namoyon eta boshlaydi. 1948-yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston radiosi qoshidagi o‘zbek xalq cholg‘ulari orkestrida ishlaydi. Saidjon Kalonovning bastakorlik ijodi ijrochilik amaliyotida charxlangan, ustozlar uslublari va musiqiy merosni mukammal o‘zlashtirganligi evaziga hamda iste’dodining mahsuli sifatida yuzaga keldi. Avvaliga vatanparvarlik ruhidagi asarlar, qolaversa, ishq-muhabbat mavzularida «O‘zbekistondan salom», «G‘alaba bilan qayt», «Vatan sevgisi», «Do‘stlik jasorati», «Quyoshli o‘lkam», «Gulmidi, ra’nomidi?», «Dilnavozim», «Visol gulshani», «Ey, sarvi ravon» kabi bir qator qo‘shiqlarni yaratadi. Bastakorning Navoiy so‘ziga bastalagan «Ey, sarvi ravon», Muqimiy she’riga «Kuyla dilkash dutorim» kabi asarlari o‘zining milliy-ma’naviy dunyosi bilan o‘zbek xalqining qalb nidolarini kuylovchi, milliy an’analarini aks ettiruvchanligi bilan alohida e’tirof etiladi.
Bastakorning o‘ziga xos uslubi soddaligi, maftunkorligi va originalligi bilan ajralib turadi. Uning asarlarini baland tembrli ovoz, xastalik xususiyatini beruvchi sadolar orqali ijro etish xarakterlidir. Tinglovchining qalbini ehtirosga to‘ldiruvchi, jo‘shqinlik talab etuvchi bu asarlar xalqimizning betakror musiqiy namunalariga aylangan.