RUMIL VILDANOV

Румиль Вильданов - композитор - фильмография - советские композиторы - Кино-Театр.Ру

RUMIL VILDANOV

(1939-1987)

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Respublika Davlat mukofoti sovrindori, kompozitor Rumil Vildanov 1960-yilda yorqin, jozibali musiqa asarlari bilan bastakorlar safiga qo‘shildi. U turli janrlarda, ayniqsa, kino musiqasi sohasida ulkan meros qoldirdi.

Vildanov Rumil Jaxongirovich 1939-yili 24-noyabrda Bishkek shahrida ziyoli oilada tug‘ildi. 1949-yilda Vildanovlar oilasi Namangan shahriga ko‘chib o‘tdi. Rumil 1949-yildan musiqa maktabida akkordeon chalishni o‘rgandi, so‘ngra Namangan musiqa bilim yurtining bayan sinfiga kirdi. 1957-yil bilim yurtini tamomlab, Toshkent konservatoriyasi kompozitorlik fakulteti, professor B.I.Zeydman sinfiga qabul qilindi. O‘qishni tamomlagach, 1962-68 yillar mobaynida konservatoriyada kompozitsiya bo‘yicha o‘qituvchilikni boshladi. 1968-81 yillarda u faqat ijod bilan shug‘ullandi va o‘rindoshlikda bolalar musiqa maktabida dars berdi. 1981-yildan konservatoriya dotsenti vazifasida ishladi.

Talabalik davrida fortepiano uchun 9 ta «Prelyudiya», «Variatsiya», «Ekspromt va tokkata», skripka va fortepiano uchun «Syuita», violonchel uchun sonatina, violonchel va fortepiano uchun sonata, organ-uchun 3 ta p’esa, skripka, violonchel va fortepiano uchun «Trio», ikkita ta skripka, alt va violonchel uchun kvartet va olti qismli syuita kabi asarlari paydo bo‘ldi. Uning 1-simfoniyasi «Voydite v mir» poema-kantatasi katta shuhrat keltirdi.

Kompozitor birin-ketin quyidagi yorqin va murakkab simfonik, vokal-simfonik va teatr uchun asarlarini yaratdi: fortepiano uchun kontsert (1965-y.), skripka va simfonik orkestr uchun kontsert (1966-y.), 2-simfoniya (1967-y.), fortepiano uchun 2-kontsert va 3-simfoniya (1968-y.), 4-simfoniya (1971-y.) kabi simfonik asarlari yuqori malakali ijrochilar repertuaridan munosib o‘rin oldi. Muqimiy nomli musiqali teatrda uning «12-kecha» (V.Shekspir p’esasi), «Ko‘ngilli yosh qariyalar» musiqali komediyalarini sahnalashtirdi. Respublika bolalar qo‘g‘irchoq teatri uchun «Sevgi siri» va «Dyuymovochka», «So‘zlaydigan ko‘zacha», «38 to‘tiqush» spektakllariga musiqa bastaladi. 1964 yili kinorejissyor E.Ishmuhamedovning «Uchrashuv» badiiy filmi uchun R.Vildanovni musiqa bastalashga taklif qildi. Shu kundan e’tiboran kompozitor kinoga musiqa yaratishga berilib ketdi, endi uning ijodiy faoliyati umrining oxirigacha shu soha bilan bog‘lanib qoldi. 1964-1987 yillar davomida 97 ta badiiy, 46 ta multiplikatsion, 14 ta hujjatli ilmiy-ommabop kinofilmlarga musiqa bastaladi.

1983-1986 yillarda bastakor quyidagi asarlarni yaratdi: violonchel va fortepiano uchun sonata; fortepiano uchun sonata, skripka va fortepiano uchun «Kontsert p’esasi», ayniqsa, ikkita fortepiano uchun «Dialog» kabi asarlai shinavandalar tomonidan qizg‘in kutib olingan. R.Vildanov 1976-yili kinofestival diplomi bilan («Chelovek uxodit za ptitsami») (rej. A.Hamroev) kino musiqasi uchun), 1977-yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» faxriy unvoni bilan, 1978-yili kompozitor A.Xachaturyan nomidagi kinofestival mukofoti bilan («Dom pod jarkim solntsem» (rej. A.Xachaturov) kino musiqasi uchun), 1983-yili «Nepokornaya» (rej. A.Qobulov, 1981) va «Leningradtsi, deti moi» (rej. D.Salimov, 1980-y.) kino musiqasi uchun Respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.