Puflama va zarbli cholg’ular kafedrasi

O‘ZBEKISTONDA DAMLI VA ZARBLI CHOLG‘ULAR IJROCHILIK TARIXIGA BIR NAZAR

 

     “Uzoq tarixga ega bo‘lgan o‘zbek xalqi ijtimoiy-siyosiy

                                                     to‘siqlarga qaramay Markaziy Osiyodagi boshqa xalqlar

                                                 singari, ilg‘or fikr egalarini, buyuk olimlarini yetkazdi,

                                                   insoniyatga ilm-fan ma’naviyat sohasida o‘lmas durdona

                                                                                             asarlar, fikrlar qoldirdi”……

                                           

      1917 yildan keyin o‘zbek xalqi va O‘rta Osiyoda yashovchi boshqa xalqlarning hayotida ijtimoiy siyosiy, iqtisodiy ma’naviy-mafkuraviy va xalq maorifi soxalarida keskin o‘zgarishlar yuz berdi. Bu davrda milliy ziyolilar faoliyati keng tus oldi. Sho‘ro hokimiyatining dastlabki yillari iqtisodiy qiyinchilik, grajdanlar urushi bo‘lib turgan bir paytda hukumat madaniy islohotni amalga oshirishdek muhim vazifani o‘z oldiga qo‘ydi va bu borada Turkiston muxtoriyatining yirik shaharlarida oliy va o‘rta maxsus maktablar tashkil etishga muyassar bo‘lgan. Ovro‘pacha ta’lim olish va g‘arb madaniyati va san’atini o‘rganishi uchun ham keng imkoniyatlar yaratildi.

        1918 yilning aprelida Toshkent askar va ishchi deputatlarining qarori bilan Turkiston xalq universiteti tashkil qilinadi va u bilan birga Toshkentda xalq konservatoriyasi, keyinchalik Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Namangan va boshqa shaharlarda ham xalq musiqiy maktablari tashkil qilingan edi[1]. Boshlang‘ich musiqa maktablari dastlab xalq konservatoriyasi nomi bilan ish faoliyatini boshlagan. Mahalliy muallimlar xalq maorifiga, davlat xizmatiga o‘ta boshlaganlar. Buning natijasida Toshkent, Samarqand, Andijon, Namangan, Qo‘qon, Buxoro va Xivada xalq musiqa maktablari ham ochildi[2]. Bu davrda vatanimizda ko‘pgina mutaxassisliklar qatori san’at va madaniyat sohalariga oid malakali mutaxassis kadrlar yetishmas edi. Bunday musiqa maskanlarining tashkil etilishi va ta’lim berishda Moskva, Peterburg, Kiev, Qozon va boshqa shaharlardan kelgan sozanda va ziyolilarning xizmatlari juda katta bo‘lgan.

     Turkiston xalq konservatoriyasi O‘rta Osiyoda professional davlat musiqa ta’limi rivojiga mustahkam zamin yaratdi. Uning birinchi direktori V.L. Karelin, o‘qituvchilardan Ye.A. Chernyavskiy, V.Kox, V.F. Saakovich va boshqalar o‘quv jarayonini tashkil qilishda tashabbuskorlik ko‘rsatdilar. Xalq konservatoriyasini tashkil qilishda ko‘zga ko‘ringan musiqa arbobi V.A. Uspenskiyning xizmatlari kattadir. Xalq konservatoriyasida dastlabki o‘quv yili 560 o‘quvchi taxsil olgan. O‘qishni xoxlovchilar soni ko‘payishi natijasida shaharning turli chekkalarida konservatoriyaning shaxobchalarini ochish zarur bo‘lib qoldi va temir yo‘l vokzali musiqa maktabi, 100 o‘ringa mo‘ljallangan mahalliy millat vakillari uchun eski shahar maktab internati kabi o‘quv muassasalari ochildi. Bu internatda ko‘pchilik o‘quvchilar damli cholg‘ular ijrochilik sirlarini o‘rgana boshlaganlar. Turkiston xalq konservatoriyasida harbiy kopelmeysterlar, orkestr ijrochilaridan A.F. Eyxgorn, V.F. Leysek, F.A. Kozlyanskiy, goboychi Sikita, fagotchilar Yamburek va Smerchek, trubachilar Sedlyachek, G.V.Pestryakov va boshqalar mutaxassislik cholg‘ularida saboq bera boshlaganlar. [1]

       Musiqiy ma’rifatga Respublikaning boshqa shaharlari ham faol qatnasha boshladilar. 1918 yili Samarqandda[2] xalq konservatoriyasi ochildi. Uning tashkilotchisi va birinchi direktori, skripkachi, tashabbuskor sozanda, harbiy kapelmeyster V.G. Poppel-Bauer bo‘lgan. U havaskor damli cholg‘ular orkestri tashkil qilishda katta hissa qo‘shdi va mazkur konservatoriyada damli cholg‘ular va simfonik orkestr ham tashkil qilingan edi.

       Bu kabi xalq konservatoriyalar Turkiston muxtoriyatida musiqiy ta’limni yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynagan. Ular o‘z navbatida o‘rta maxsus o‘quv yurtlari vazifasini bajarish bilan birga, musiqa texnikumlarini tashkil qilinishiga ham asos bo‘lib xizmat qilgan edilar. [3]

30-yillarga kelib Respublikada madaniy yuksalish ancha rivojlandi. 1934 yili Oliy musiqa maktabi tashkil qilindi va nihoyat 1936 yili Oliy musiqa maktabi O‘rta Osiyoda yagona Toshkent davlat konservatoriyasiga aylantirildi.

1936 yili Toshkent davlat konservatoriya ochilishining dastlabki kunlaridanoq damli cholg‘ular sinfi o‘z ish faoliyatini boshlagan. Bu yerga filarmoniya va opera teatri orkestrlarining tajribali sozandalari, oldin musiqa texnikumlarida o‘qituvchilik qilgan muallimlar taklif qilingan edi.

     1936 yili Toshkentning Beshyog‘och dahasida musiqa maktab internati tashkil qilingan (hozirgi R.Glier nomidagi RIMM). U yerda Gilevskiy va M.N.Nikolaenko (valtorna), aka-uka Pestrikovlar (truba-klarnet), A. Bukanov (trombon), M.D. Yakoves (zarbli cholg‘ular) kabi ustozlar yoshlarga musiqa sirlarini o‘rgata boshlaganlar. Bu internatga Qora-Suvdagi bolalar uyidan damli cholg‘ularda tahsil olish uchun dastlabki o‘quvchilar ko‘chirib o‘tkazilgan ekan.[1]

 O‘zbekistonda damli cholg‘ular ijrochilik maktabining yo‘lga qo‘yilishi ko‘pgina iste’dodli sozandalar nomi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Bular: V.I. Pavelskiy, N.N. Nikolaev, V.M. Kozalupov, A.D. Nikitin, M.N. Nikolaenko, Ye.A. Morozov, M.D. Yakoveslardir. Ular ichida eng yoshi ulug‘i Vladislav Iosifovich Pavelskiy (1881-1951) bo‘lib, u yetuk pedagog bo‘lishish bilan birga, u mashhur fleytachi bo‘lgan. Respublikada urushdan keyingi musiqa madaniyatini shakllantirishda faol musiqa jamoat arbobi sifatida ham e’tirof etilgan.[2]

Yuqoridagi tamoyillar asosida Toshkent konservatoriyasida ishlagan o‘qituvchilardan yana biri Moskva konservatoriyasini goboy ixtisosligi bo‘yicha tugatgan Nikolay Nikolaevich Nikolaev bo‘lgan. Nikolaev o‘sha davrda damli cholg‘ular mutaxassislari ichida oliy ma’lumotga ega bo‘lgan yagonasi edi. U konservatoriyada, musiqa bilim yurtida va pionerlar saroyi qoshidagi musiqa maktabida ishlab, bolalar pedagogikasi sohasida o‘z bilimini yorqin namoyon qilgan.

V.I. Pavelskiy va N.N. Nikolaevlarning ajoyib hamkasblaridan biri Vasiliy Matveevich Kozolupov bo‘lgan. U taniqli Kozolupovlar avlodining vakili bo‘lib,

o‘z pedagogik faoliyatini opera balet teatri orkestrida yakkaxon klarnetchilik xizmati bilan muvofqlashtirgan edi. Unda ko‘pgina klarnetchilar tahsil ko‘rgan bo‘lib, Usmon Rizaqulov shular ichida eng ko‘zga ko‘ringanlaridan biri bo‘lgan.

Konservatoriyada 1937 yildan fagot va kamer ansambl sinflarini Andrey Danilovich Nikitin olib borgan. U opera va balet teatri orkestrida katta tajriba to‘plagan, keyinchalik radio va filarmoniya orkestrlarida ham faoliyat ko‘rsatgan ustozlardan edi.

Konservatoriya damli cholg‘ular kafedrasida valtorna sinf asoschisi Mixail Nikolaevich Nikolaenko bo‘lgan, u uch yil davomida Moskva konservatoriyasi professori F.F.Ekkert sinfida taxsil olgan. U pedagogik faoliyatini radio ko‘mita orkestrida yakkaxon valtornachi xizmati (1936-1949) bilan va keyinchalik opera va balet teatri orkestri sozandasi (1942-1949) sifatida birga davom ettirgan.

O‘zbekistonda trombon va tuba ijrochilik maktabining asoschisi Aleksandr Yefimovich Morozov (1989-1971) bo‘lgan. U Toshkentga 1920 yili Turkfrontning orkestrida starshina lavozimiga ishga qabul qilingan. U opera balet teatri, Radio ko‘mita va filarmoniya orkestrlarida ishlagan. O‘qituvchilik faoliyatini esa 1929 yildan musiqa texnikumidan boshlaydi. Bu yerda u trombon va tuba cholg‘ularida dars bergan va bu faoliyatni keyinchalik konservatoriyada davom ettirgan edi. 1969 yili Ye.A. Morozov ko‘plab shogirdlarni tarbiyalab, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.

          Matvey Danilovich Yakoves zarbli cholg‘ular sinfi o‘qituvchisi bo‘lib, uning litavrada mohirona ijrosini ko‘pchilik dirijerlar e’tirof etgan. U Toshkentga 1931 yili kelgan bo‘lib, Krasnodar, Kislovodsk va Baku shahar simfonik va opera teatrlari orkestrlarida ishlab katta tajriba orttirgan edi. Musiqa san’atini rivojlantirishda qilgan xizmatlari uchun 1936 yili “Mehnatda o‘rnak” faxriy yorlig‘iga sazovor bo‘lgan.

Damli va zarbli cholg‘ular kafedrasi keksa avlod vakillarining eng yaqin yordamchilari bo‘lgan va shu yillarda ishlagan jo‘rnavozlardan L.A. Malmberg, O.K. Soyfer, I.A. Yusman va boshqalar yoshlarni tarbiyalashda katta xizmat ko‘rsatgan edilar.

Keksa avlod vakillari pedagogik faoliyatini tahlil qila turib, ular ijrochilik amaliyotini pedagogik faoliyat bilan birga qo‘shib olib borganliklarini guvohi bo‘lamiz. Bu avlod vakillari konservatoriya va boshqa musiqiy o‘quv yurtlarda ishlab, o‘zlarining ijrochilik amaliyotidagi tajribani mashg‘ulot paytida qo‘llagan holda o‘qitish metodikasi borasida doimiy izlanishda bo‘lganlar. Biroq, birinchi o‘n yilliklarda ijrochilar tayyorlashda ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishib bo‘lmagan. Buning asosiy sabablaridan biri o‘quvchilar soni – kontengenti va ularni jamlanishida bo‘lib, o‘sha paytda birgina o‘rta maxsus o‘quv yurti, ya’ni H.H.Niyoziy nomidagi musiqa bilim yurti konservatoriya uchun mutaxassislar yetkazib berar edi holos. Buning natijasida konservatoriya damli cholg‘ular sinfida talabalar ozchilikni tashkil qilar va barcha cholg‘ular bo‘yicha mujassam bo‘lmagan edi. Afsuski bunday holat 1960 yillargacha saqlanib qolingan edi. Ko‘pchilik talabalarning tayyorgarligi bo‘sh bo‘lib, ularning o‘qishni bitkazish davomiyligi besh yildan oshib ketdi. Shuningdek, yaxshi cholg‘u asboblar, badiiy notalar, etyudlar, uslubiy adabiyotlar yetishmas va bularning asosiy sabablardan biri bu damli cholg‘ular ijrochiligining ilmiy-metodik qo‘llanmalari deyarli yo‘qligida belgilangan edi.[1]   

Damli cholg‘ular ijrochilarini boshlang‘ich bosqichda tayyorlash ishlari muhim vazifalardan bo‘lib, musiqa bilim yurtlari o‘rta bo‘g‘in vazifasini bajaradi. Konservatoriya esa mustahkam boshlang‘ich professional bazaga muhtoj edi. Bunday ijrochilarni boshlang‘ich tayyorgarligini amalga oshirish uchun maxsus 10 yillik musiqa maktablarini ochish zarur bo‘lgan. Shu maqsadda 1936 yili o‘quvchilar saroyida damli cholg‘ular sinflari bilan musiqa maktabi ham tashkil qilingan edi.

1939 yilga kelib, O‘zbekiston hukumatining qarori bilan Toshkent davlat konservatoriyasi qoshida maxsus musiqa maktabi tashkil qilingan. Maktabda yuqori malakali o‘qituvchilardan V.M. Kozalupov (klarnet), A.Ya. Kaplan (truba), A.E. Morozov (trombon-tuba) kabilar ishlagan. Bu maktabning dastlabki o‘quvchilari orasida V.L. Melkomini, K.A. Azimov, S.M. Usmanov, L.I. Ibragimov, V.I.

Rudenko va boshqalar tarbiyalangan. Ulug‘ Vatan urushi Vatanimizda musiqiy ta’limni rivojlanishiga katta to‘siq bo‘ldi va o‘quv yurtlarining o‘qituvchi va o‘quvchilari harbiy xizmatga safarbar etilgan edilar. Bular ichida Hamza nomidagi musiqa bilim yurti o‘quvchilaridan R. Yusupov, G. Azimov, P. Belyakov, G. Selyutin va boshqalar, konservatoriya talabalaridan B. Gusakov Stalingrad ostonalarida va Pragani ishg‘ol etishda qatnashgan bo‘lsa, trubachi N. Durnev Qrim va Novorossiysk uchun olib borilgan janglarda ishtirok etganlar.

Hukumat Ulug‘ Vatan urush davrining murakkab sharoitda ham urushdan oldingi musiqiy ta’lim sifat darajasini saqlab qolishga katta kuch sarflagan. Mamlakatning turli mintaqalaridan O‘zbekistonga ilmiy muassasalar, harbiy idoralar, zavodlar, fabrikalar, fuqaro tashkilotlari, o‘quv yurtlari va teatrlar evakuatsiya qilindi. Shu yillarda oddiy o‘n yillik maktablar musiqa mashg‘ulotlariga chuqurlashtirilgan bo‘lib, Toshkentga evakuatsiya qilinganlarni bolalar maktablarga jalb qilingan edilar. Bu o‘quv dargohlarining pedagogik tarkibi Moskva, Leningrad (Sankt-Piterburg), Kiev va boshqa shaharlardan kelgan mohir sozanda o‘qituvchilardan iborat bo‘lgan.

O‘zbekistonda damli cholg‘ular musiqiy pedagogikasi va milliy ijrochilik sohasini rivojlantirishda, Sankt-Piterburg konservatoriyasi harbiy dengiz floti orkestrlari dirijerligi fakultetining tajribali o‘qituvchilaridan: A. Berezin (klarnet), A.E. Reyxe (trombon), I.G. Roginskiy (klarnet), S.Ya. Levin (fagot), I.I. Yesin (klarnet) va boshqalar konservatoriya talabalarida ijrochilik ta’lim darajasini ko‘tarishda yuksak xizmatlarini ko‘rsatdilar.

Bu Sankt-Piterburglik sozandalar Toshkentdagi ijodiy jamoalar (opera teatri, filarmoniya simfonik orkestri)ga qo‘shilib frontga ketgan kasbdoshlar o‘rnini to‘ldirganlar va vatanimizning qishloq va shaharlarida, harbiy xizmatchilar uchun gospitallarda, zavod va fabrikalarda ko‘plab konsertlar uyushtirdilar, ommani vatanparvarlik va g‘alabaga ishonch ruhida tarbiyalashga katta hissa qo‘shgan edilar.

       1943 yili Toshkentda musiqaga ixtisoslashgan (keyinchalik general Petrov nomidagi va xozirgi Milliy gvardiya qoshidagi RIMAL) tarbiyalanuvchilar maktab-internati ochildi. Unda asosan ota-onasi frontda halok bo‘lgan yetim bolalar tarbiyalangan edi. Ushbu o‘quv yurti asosan harbiy orkestrlar uchun sozandalar tayyorlagan edi. Bu maktabni tashkil qilinishida, pedagogik kadrlarni tanlashda, komandirlar va tarbiyachilarni jalb qilishda Turkiston harbiy okrugi harbiy orkestrlar inspektori M.S. Markosyan katta jonbozlik ko‘rsatgan. Bu maktabda Moskva va Sankt-Piterburg konservatoriya harbiy-dirijerlik fakultetini bitirgan yuqori malakali sozandalar dars berishgan bo‘lib, ulardan V.Ya. Markelov, U. Abdullaev, N.P. Sharipov, D.A. Moralev, N.P. Dolgovlar shular jumlasidandir.

      Maktabni dastlabki o‘qituvchilaridan A.V.Malkeev (fleyta), M. Fedorov, A. Terentev, Z. Gitsel, M. Vaystux (goboy), I.Yesin, A.F. Orlov, U.R. Rizaqulov (klarnet), Ye.Gorshkov (fagot), B.Ya. Godes, M.N. Nikolaenko, N.M. Malishevskiy (valtorna), A. Kolpinskiy, A.Ya. Kaplan, A. Levin (trombon), Ye. Palilov (tuba), I. Parfeonov (zarbli cholg‘ular) va boshqalar bo‘lishgan.[1]

     O‘zbekistonda musiqiy ta’limini yo‘lga qo‘yilishi va rivojlanish davriga xulosa qila turib, shuni aytish mumkinki, Respublikada qisqa davr ichida musiqa sohasining barcha jabhalarida katta ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa boshlang‘ich, o‘rta va oliy ta’lim sohasi vujudga keldi. Mustahkam musiqiy ta’lim bazasi yaratildi. Bu negiz umumiy musiqa ijrochiligi, shu jumladan damli va zarbli cholg‘ular ijrochiligi rivojiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi.

Urushdan keyingi dastlabki o‘n yilliklarda konservatoriya damli cholg‘ular sinflari shu o‘quv yurtini tugatgan yangi o‘qituvchi kadrlar bilan to‘ldirildi. Bular orasida A.V. Malkeev (fleyta), V.L. Melkomini (goboy), B.N. Gusakov (goboy), U. Rizaqulov (klarnet), P. Belyakov, P.I. Dashevskiy, V. Mulatov, Ch. Xe, (fagot), V.A. Emelyanov, I.A. Krupinskiy (valtorna), I.V. Loginov, I. Teplouxov, A.Ya. Malashinlar (truba), I.F. Feofanov (zarbli cholg‘ular) ham o‘qituvchi sifatida ishlab kelganlar. Jo‘rnavozlar: L.V. Stankevich va L.I. Kartashevskayalar bo‘lishgan.

Ivan Vladimirovich Loginov (1912-1955) taniqli trubachi, ijrochi- pedagog, u Toshkent davlat konservatoriyasini tamomlagan. 1939 yildan boshlab filarmoniya simfonik orkestrida solist bo‘lib ishlagan. 1941 yili armiya safiga chaqiriladi. Undan qaytgandan keyin esa konservatoriyada o‘qishni davom ettiradi va 1946 yili o‘qishni professor V.A. Reyxe sinfida tugatadi. Shu yili u orkestr kafedrasida o‘qituvchi sifatida konservatoriyada ishda qoldiriladi. O‘zbekiston madaniyati rivojining faol qatnashchisi sifatida unga 1950 yili Oliy sovetning faxriy yorlig‘i beriladi. Uning sinfida G. Xusainov, N. Lennik, A. Malashin, V.F. Po‘latov kabi ko‘pgina iste’dodli shogirdlar kamol topgan. Loginovni eng asosiy xizmatlari shundan iboratki, u Toshkentda truba ijrochilik maktabini yaratdi va shogirdi V.F. Po‘latov uning ishini davom ettirishini ta’minlay olgan.

O‘zbekistonda klarnet maktabining shakllanishi talantli sozanda Usmon Rizaqulov (1912-1965) nomi bilan bog‘liq. U yoshligida ota-onasidan yetim qolib, bolalar uyidan chiqqan va shu yerda tarbiya topib Respublika musiqa madaniyati rivojiga muhim hissa qo‘shgan sozanda ijrochilardan bo‘lgan.

 Rizaqulov mahalliy millat vakillari ichida Yevropa cholg‘u ijrochiligida yuksak mahoratga erishgan birinchi oliy ma’lumotli sozanda hisoblanadi. 1936 yili Rizaqulov konservatoriyaga o‘qishga kiradi. Ikkinchi jahon urushi davrida u armiya safiga chaqiriladi va harbiy xizmatni Toshkent umumqo‘shin komandirlar tayyorlash harbiy bilim yurti orkestrida o‘tkazadi. Xizmatdan bo‘shagandan keyin 1948 yili konservatoriyani V. Kozolupov sinfida tugatadi va orkestr fakultetida o‘qituvchi bo‘lib yoshlarga ta’lim bera boshlaydi. Uning xalq va vatan oldidagi xizmatlari munosib taqdirlanib, 1944 va 1953 yillari O‘zbekiston Oliy soveti Prezidiumi faxriy 1958 yili konservatoriya dotsenti darajasiga yetishadi. 1959 va 1961 yillari esa «Mehnatda o‘rnak ko‘rsatganligi uchun» medali bilan mukofotlangan. Bu ajoyib inson ko‘pgina shogirdlarga ustozlik qilib K. Azimov, V. Butusov, I. Ruxalis, X. Isambaev, R. Dementev, R. Ibragimov, A. Li, V. Kurpinskiy, L. Suxov, B. Nemirovskiy kabi mohir klarnetchi sozandalarni tarbiyalab yetishtirgan.

O‘zbekistonda goboy ijrochilik maktabiga asos solganlardan biri yetuk sozanda va pedagog Boris Naumovich Gusakov (1916-1983) bo‘lgan. U 1921 yilda Toshkentga ko‘chib kelib, 1934 yili Toshkent musiqa bilim yurtiga o‘qishga kiradi. O‘qishni tamomlagandan keyin Toshkent davlat konservatoriyasining N.N. Nikolaev sinfiga o‘qishga kiradi va 1941 yili armiya safiga chaqiriladi. U Stalingraddan to Pragagacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadi. Frontdan qaytganidan keyin konservatoriyani tamomlaydi va orkestr fakultetida ishda qoldiriladi. Shu bilan birga 1935 yildan 1954 yilgacha O‘zbekiston davlat filarmoniyasi simfonik orkestrida solist bo‘lib ishlaydi. 1950 yili uning xizmatlari inobatga olinib «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvoni bilan taqdirlanadi.[1]

Petr Ivanovich Belyakov (1918-1996) konservatoriyani fagot sinfiga asos solgan ustoz-murabbiy sifatida e’tirof elilgan. U 1931 yillarda bolalar uyida va keyinchalik harbiy orkestrda tarbiyalandi. 1934 yili Toshkent musiqa bilim yurtiga o‘qishga kiradi. 1937 yil  konservatoriyada taxsil olib, bir vaqtning o‘zida radio qoshidagi orkestriga ham ishga kirgan. Armiya safida 1939-1945 yilgacha xizmat qilgan. 1948 yildan O‘zbekiston davlat filarmoniyasining simfonik orkestrida yakkaxon fagotchi bo‘lib ishlagan va 1953 yildan konservatoriyada o‘z faoliyatini davom ettirgan. Uning el oldidagi xizmatlari qadrlanib 1974 yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. Tarbiyalanuvchilar orasida Q. Berdiev, B. Kuzmin, S. Tursunov, I. Glotov va boshqalar ta’lim olishgan.

Fleyta cholg‘usining yetakchi ijrochilaridan biri Arkadiy Venyaminovich Malkeev (1923 y.t. xozirda Germaniyada istiqomat qilmoqda) bo‘lib, u 1945 yildan 1974 yilgacha O‘zbekiston filarmoniyasi simfonik orkestri solisti sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1954 yili Toshkent konservatoriyasini tugatgan. Malkeev ijrochilik faoliyatini o‘qituvchilik bilan qo‘shib olib borgan holda 1945 yildan 1967 yilgacha musiqa tarbiyalanuvchilar maktab internatida o‘qituvchi lavozimida ishlagan. 1967 yilda Malkeevga ko‘rsatgan faol xizmatlari uchun «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» unvoni berilgan.

1976 yildan 1995 yilgacha konservatoriyaning damli cholg‘ular kafedrasini boshqardi. Malkeev sinfida R. Shevnin, H. Isaqov, Sh. Asfendiyarov, N.

Ramazanov, A. Ivanov, Yu. Sherbanyuk, A. Sayfullaev, R. Suleymanov va boshqalar ta’lim-tarbiya olishgan.

Goboy cholg‘usining yetakchi o‘qituvchilaridan biri Vitaliy Lvovich Melkomini (1926-2016) bo‘lgan. U 1936-1941 yillari Toshkent pionerlar uyida V.M. Kozolupov sinfida tarbiya oldi. 1939-1941 yillari Hamza nomidagi musiqa bilim yurti va 1944 yili konservatoriya qoshidagi maxsus musiqa maktabi (hozirgi V.Uspenskiy nomidagi RIMM) da taxsil olgan. 1952 yili Toshkent konservatoriyasini bitirganidan keyin, 1960 yilgacha radioqo‘mita simfonik orkestrida yakkaxon bo‘lib ishladi. U 1954-2015 yillar davomida O‘zbekiston davlat konservatoriyasida goboy va ansambl sinflarida dars bergan. Melkomini konservatoriya bilan birgalikda V.Uspenskiy nomli RMMALda ham ishlab 40 yaqin goboychilarni tarbiyalab yetishtirdi. Ularning orasida Ye. Goldvext, A. Muhamedov, Ye. Gerbold, R. Nigmatov, M. Akbarov, I. Denisenko, R. Bekbabaev va boshqalar bor. Melkomini 2003 yilda professor ilmiy darajalarigi ega bo‘ldi. Uning ko‘p yillik samarali mehnatlari qadrlanib 2001 yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni berildi.[1]

Keksa avlod o‘qituvchilaridan farqli o‘laroq, yosh pedagoglar orkestrda ijrochilik tajribasi bilan birgalikda oliy o‘quv yurtida tahsil ko‘rgan, umumta’lim bilimlarini bilishlari bilan ajralib turar va eng muhimi, ular o‘sha davrda Moskva konservatoriyasi professorlari tomonidan yaratilgan ijrochilikning ilmiy metodikasi bilan qurollangan edilar.

Urushdan keyingi davrda ishlagan damli cholg‘ular pedagoglarining xizmatlari shundan iborat ediki, ular o‘zlaridan oldin o‘tgan ustozlarining ijrochilik va pedagogik tamoyillarini yanada yuqoriroq darajaga ko‘tara oldilar va kelajak avlod o‘qituvchilari uchun zamin yaratdilar. Ular ustozlar avlodining uzluksiz zanjirini bog‘lovchi halqasi sifatida o‘z xizmatini bajardilar. Damli cholg‘ular ijrochiligi o‘z rivojining yangi bosqichida o‘quv-tarbiya va metodik ishlarda hamda boshqa masalalarda aniq va ishni ko‘zini bilib rahbarlik qilishni taqozo etgan edilar. Bunday yumushlar faqat orkestr kafedrasidan mustaqil bo‘lib ajralib chiqqan damli

cholg‘ular kafedrasi tomonidan hal etilishi mumkin. Shuning uchun ham 1961 yili Orkestr kafedrasi ikkiga: torli, damli va zarbli cholg‘ular kafedralariga ajralib chiqdi. O‘sha davrda O‘zbekiston uchun zarur bo‘lgan sozanda pedagoglarni samarali tarbiyalashda kafedrani bunday mustaqil bo‘lishi zamonaviy yechimi bo‘lgan edi. Bunday qaror qabul qilinishining tashabbuskori ajoyib sozanda, iste’dodli trubachi, kafedrani 15 yil boshqargan ustoz Vasiliy Fedorovich Po‘latov (1920-2000) bo‘lgan. U bolalar uyida tarbiyalangan va musiqaga shu yerda mehri tushgan edi. 1942 yili armiya safiga ko‘ngilli bo‘lib yoziladi va vatan urushi frontida qatnashadi. 1947 yilda armiya safidan bo‘shab, Toshkent konservatoriyasiga o‘qishga kiradi. 1953 yildan o‘qish bilan birgalikda sozanda va pedagog sifatida konservatoriyani o‘zida ishlaydi. 1953-1956 yillari Moskva konservatoriyasining aspiranturasida M.I. Tabakov va G.A. Orvidlar rahbarligida tahsil oladi. 1956 yildan 1994 yilgacha konservatoriyada o‘qituvchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Po‘latov 1950 yildan 1967 yilgacha Alisher Navoyi nomidagi davlat akademik opera va balet katta teatri orkestrida solist bo‘lib ishlaydi. 1967-1971 yillari konservatoriya o‘quv-tarbiya ishlari prorektori sifatida faoliyat yurgizadi va bu davrda o‘qish jarayonini rivojlantirish uchun ko‘p mehnat qildi. Uning xizmatlari hisobga olinib, 1977 yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvoni bilan taqdirlandi. 1979 yili unga kafedrada birinchi bo‘lib, professor ilmiy darajasi berilgan. [1]

Uning sinfida 70 ga yaqin mutaxassis bitirgan bo‘lsa ular orasida xozirda Respublika va chet mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan A.D. Selyanin, R.M. Gext, V.A. Verigin, T.M. Semyonov, D. Kuchmiy, U. Abdullaev, M.N. Muxiddinov, V. Kucherov, Yu. Parfeonov, A. Gadjiev, Yu. Ibragimov, B. Matniyazov kabi bir qator sodiq shogirdlari bor.

V.F. Po‘latovning O‘zbekiston damli va zarbli cholg‘ular ijrochiligi uchun qilgan xizmatlari beqiyosdir. U konservatoriya damli va zarbli cholg‘ular kafedrasi tarixida birinchi bo‘lib truba uchun darslik chop etgan (Pulatov V.F. Shkola igri na trube. T., «O‘qituvchi», 1979 g.).

1960-1965 yillari kafedraga oldin shu dargohda ta’lim olgan yangi o‘qituvchilar guruhi kelib qo‘shiladi. Bular: K.A. Azimov (klarnet), R.R. Safarov (valtorna), Yu.V. Kachurin (zarbli cholg‘ular), T.Yu. Fozilov (tuba), V.A. Verigin (truba), B.M.  Murtazaev (klarnet), G.K. Vergilesov (trombon) va boshqalar.

1965 yildan 1983 yilgacha kafedrada tajribali orkestr sozandasi – klarnetchi Karim Azimovich Azimov (1926-1983) faoliyat yurgizdi.

1948 yili musiqachi tarbiyalanuvchilar maktab internati birinchi bitiruvchilarini hayotga yo‘lladi. Ularning katta qismi armiyaning turli orkestrlariga yo‘llanma olgan bo‘lsalar, ba’zilari Moskva konservatoriyasining harbiy dirijerlik kafedrasiga o‘qishga kirishdi. Shuningdek, maktab tashkil qilinganidan buyon ishlayotganlardan trombonchilar: A.M.Avtondilov, A.N.Buligin, A.A.Franskevich, keyinchalik kelib qo‘shilgan o‘qituvchilardan fleytachilar A.V. Malkeev, R. Yusupov, goboychi N. Kenjibaev, klarnetchilar I. Yesin, F.S. Maxsudov, B. Nemirovskiy, fagotchi P.I. Belyakov, trubachilar V.F. Po‘latov, G.S. Kazitsin, trombonchilar A.E. Morozov, V.M.Kolesnikov, L.Telyans, tuba sinfini L.A. Kosmodemyanskiy, zarbli cholg‘ular sinfini V.I. Parfeonov (Feofanov) kabi ustozlar maktab ijodiy o‘qituvchilar jamoasini tashkil qilgan.

70-yillarga kelib damli va zarbli cholg‘ular ijrochiligi o‘z rivojining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu oldin markaziy va ittifoq respublikalari ijodiy kuchlari va konservatoriyalaridagi hamkasblari bilan bo‘lgan ijodiy muloqotlar, uchrashuvlar, musiqa ta’limining yo‘lga qo‘yilishi, o‘qitish metodikasining yaxshilanishi, badiiy va o‘quv adabiyotlarining kengayishi, ijrochilik mahoratini ortishi, yosh sozandalarning yakkaxon konsert faoliyatining faollashishi bilan izohlanadi.

O‘zbekistonda ijrochilik madaniyatini o‘sishiga yosh sozandalarning xalqaro tanlovlarda qatnashishi uchun butunittifoq saralov turlaridagi ishtiroki va yosh ijrochilarning Respublika tanlovini tashkil qilinishi katta imkoniyatlarni ochib berdi.

Hukumatning madaniyat va san’atni rivojlantirish to‘g‘risidagi g‘amxo‘rligi tufayli va ijrochilik san’atini yanada yuksaltirish maqsadida o‘tkazilayotgan Respublika tanlovlari katta ahamiyat kasb etar edi. Tanlovlar yosh sozandalar tayyorgarlik darajasini va qatnashchilar ichidan eng qobiliyatlilarini saralash imkoniyatini berar edi. Dastlabki bunday tanlov 1963 yili Toshkentda bo‘lib o‘tdi.

1978 yili V.Uspenskiy nomidagi RO‘MMMI (xozirda RIMM)da internat tashkil qilinishi munosabati bilan O‘zbekistonning barcha burchaklaridan iqtidorli bolalarni bu yaxshi shart-sharoitli internatga jalb qilish imkoniyati tug‘ildi. Bu yerda o‘quv va tarbiya ishlarini direktorning shu soha bo‘yicha o‘rinbosari Farg‘ona musiqa bilim yurtida yetarli tajriba to‘plagan Yefim Mixaylovich Gulyaev boshqardi. Damli cholg‘ular sinflari A. Malkeev, V. Po‘latov, V. Melkomini, K. Azimov, P. Belyakov, R. Safarov, keyinchalik Ye.Goldvext, trombonchi J. Saburov kabi tajribali o‘qituvchilar hisobiga to‘ldirildi. Ye.M. Gulyaev esa maktabda damli cholg‘ular orkestrini tashkil qildi va u orkestr bilan xalqaro festival va bayramlarda qatnashdi.[1]

Maktab-internatning damli cholg‘ular bo‘limi konservatoriyaga o‘quvchilar tayyorlashning asosiy bazasi sifatida xizmat qildi. U yerdagi o‘qitishning yuqori darajasi o‘z samarasini berar edi. Ya’ni, o‘quvchilar Respublika tanlovlarida sovrinli o‘rinlarni egallar edilar. 70-yillarga kelib maktab damli cholg‘ular bo‘limi yangi o‘qituvchilar: N.A. Ziyaxodjaev (goboy sinfi), A.E. Suris, M.A. Ruxalis (klarnet sinfi), N. Umarov (fagot sinfi), P. Talaevskiy, A.G. Zandin (tuba sinfi), V.T. Kazakov (trombon sinfi) kabilar bilan to‘ldi.

Kafedrani ko‘p yillar davomida diqqat-e’tiborini tortib kelayotgan masalalardan biri ziyoli-ijodkor, sozanda-shaxsni tarbiyalash bo‘lib, uni umumgumanitar va umummusiqiy bilim doirasini shakllantirish, musiqiy tafakkurini boyitish, musiqiy asarni mustaqil tahlil qila olish va uni talqini borasida o‘ziga xos yo‘l tutish kabi sifatlarni tarbiyalash kafedra oldidagi muhim vazifalardan bo‘lib keldi. Bu masalani yechilishi uchun avvalam bor kafedra o‘qituvchilarining konsert-ijrochilik faoliyatini rivojlantirish muhim rol o‘ynaydi. Buning uchun o‘qituvchilar ijrochilik faoliyatini O‘zbekiston davlat filarmoniyasi simfonik orkestri, A.Navoyi nomidagi opera va balet DAKT orkestri va boshqa konsert hamda teatr jamoalari orkestrlaridagi ishini o‘qituvchilik bilan birga qo‘shib olib borganlar.

Kafedra ochilganligining dastlabki kunlaridanoq o‘qituvchilarning boy ilmiy tajribasi asosida metodik tavsiyanomalar, yo‘riqnomalar va uslubiy ishlar yozishga katta e’tibor berila boshlandi.

Bu davrda konservatoriya damli va zarbli cholg‘ular kafedrasini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dotsent R.R.Safarov boshqardi. U o‘z davrida xalqaro tanlovlarga qatnashish imkoniyati tug‘ilib yo‘llar ochilganligi sababli talabalarni xalqaro tanlovlarga tayyorlash masalasida katta jonbozlik ko‘rsatdi. R.R.Safarov kafedraga rahbarlik qilgan.[1]

1997 yildan boshlab konservatoriyaning damli va zarbli cholg‘ular kafedrasi mudiri lavozimida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, professor Boxodir Sobirovich Salixov rahbarlik qilgan. U o‘quv yurtlarida klarnet sinfini olib borish bilan birgalikda 40 yilga yaqin O‘zbekiston milliy simfonik orkestri (filarmoniya simfonik orkestri)da konsertmeyster lavozimida ishlab kelgan. O‘z faoliyati davomida ko‘plab ajoyib shogirdlarni tarbiyalab ular orasida xalqaro va respublika ko‘rik tanlovlar g‘oliblari talaygina, jumladan, O. Umarov, D. Babin, F. Turgunov, S. Golovin, T. Aldungarov, E. Gafurov va O. Rixsimboevlarni aytib o‘tishimiz mumkin.

2019 yildan hozirgi kungacham  “Puflama va zarbli cholg‘ular kafedrasi” mudiri lavozimida Javlon Hasanovich Radjabov rahbarlik qilib kelmoqda.

Mustaqillik yillari musiqa san’atiga hukumatimiz tomonidan berilayotgan e’tiborda O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga yangi muhtasham binosini qurib topshirildi. Hozirgi davrda jahon andozalariga mos o‘quv rejalari, dasturlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va uslubiy adabiyotlar yaratildi va yaratilmoqda. Buning natijasida ko‘pchilik yoshlarimiz xalqaro tanlovlarda mustaqil O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqdalar. Bularning barchasi mustaqilligimiz sharofatidan ekanligi shubhasizdir.

       So‘nggi yillarda Urinbaev Komoliddin Turdimuratovichning rahbarligida

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishda chet el konservatoriyalari bilan ijodiy aloqalarni yanada mustahkamlamlab, yangi aloqalar va memorandumlar tasdiqlanmoqda. Yoshlarimizni ertangi kuniga ishonchi va milliy ijrochilik ravnaqi uchun muhim yangiliklar va o‘zgarishlar barpo etilmoqda.  Milliy ijrochilik san’atimizni jahon sahnalariga olib chiqiqish maqsadida o‘qituvchi hamda istedodli talabalarga katta imkoniyatlar yaralilmoqda.  Shu bilan birga, musiqiy ijrochilik yo‘nalishi bo‘yicha xorijdan kelgan talabalar fortepiano, akademik xonandalik,  torli, damli cholg‘ular va boshqa mutaxassisliklari bo‘yicha konservatoriyaning yetakchi professor- o‘qituvchilarida tahsil olib kelmoqdalar.

       Xozirgi kunda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi “Puflama va zarbli cholg‘ular” kafedrasida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar; O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist B.S. Salixov (klarnet), San’atshunoslik fanlari nomzodi, professor B.J. Matyakubov (ma’ruza darslar), professor v.b. R.M. Nigmatov (goboy), dotsent F.R. Abdullaev (truba), dotsent v.b. A.M. Izmaylov, katta o‘qituvchilar J.X. Radjabov (kafedra mudiri, klarnet), S.K. Kasimova (fleyta), Yu.Ya. Niyazov (valtorna), Q.R. Xabibullaev (tuba); o‘rindoshlar: A.X. Sayfullaev (fleyta), Vafoev M.M. (valtorna), Sh.M. Mardaliev (truba), A.M. Yuldashev (klarnet), S.S. Sobirov (goboy), I.A. Glotov (fagot),  M.M. Mirzakirov (trombon), O.U. Umarov (trombon) va jo‘rnavozlardan Yu.P. Soyfer, T.B. Aldungarova, N.R. Kovalyova, L.A. Garifova va boshqalar ishlab kelmoqda. 

         Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ko‘p yillar davomida damli va zarbli cholg‘ular ijrochilik san’atini rivojlantirishda ko‘pgina o‘qituvchi-sozandalar, ustoz-murabbiylar o‘zlarining ulkan hissasini qo‘shib kelganlar. Ular darsliklar, o‘quv-qo‘llanmalar, uslubiy-qo‘llanmalar, pedagogik repertuarlar, ko‘plab ilmiy maqolalar yaratish bilan birga minglab talabalarga taxsil berib, ularni kamoliga yetkazdilar.  Xozirgi kunda ular yurtimiz va butun dunyo bo‘ylab o‘zbek milliy ijrochilik san’atini yuksak darajada namoyon etib kelmoqdalar. 

         O‘zbekiston davlat konservatoriyasi “Puflama va zarbli cholg‘ular” kafedrasida yaratilgan darslik, ilmiy-uslubiy qo‘llanma, pedagogik repertuarlar:  Pulatov V.F. Shkola igrы na trube. T., «O‘qituvchi», 1979 g.,

 B.S. Salixovni – “Klarnet” pedagogik repertuari – T. 2002 y., B. Salixov – Pedagogik va ijrochilik amaliyoti – T. 2006 y.,  R.M. Petrov, B.J. Matyakubovlarning damli cholg‘ular uchun “Cholg‘ushunoslik va cholg‘ulashtirish” T. 2006 y., Oliy o‘quv muassasalari uchun B.S. Salixov, B.J. Matyakubov – “O‘zbekistonda damli va zarbli cholg‘ular ijrochiligi tarixi” – T. 2007 y., B. Matyakubov – “Damli va zarbli cholg‘ularda chalishni o‘rgatish uslubiyati” o‘quv-qo‘llanmasi – T. 2008 y., M.M. Mirzakirov – “Trombon” pedagogik repertuari – T. 2010 y,. R. Nigmatov – “Damli cholg‘ular orkestri” – T. 2010 y,. R. Nigmatov – “Damli cholg‘ular ansambli” – T. 2013 y,. R. Nigmatov – “Goboy uchun O‘zbek kompozitorlari asari” –T. 2015 y,. R. Nigmatov –  “Goboy uchun jahon kompozitorlarining asari” – T. 2015 y,. R. Nigmatov – “Goboy cholg‘u ijrochiligi” – T. 2016 y., R. Nigmatov – “Goboy va ingliz burg‘usi uchun maxsus asarlar” – T. 2017 y,. B. Salixov – “Puflama cholg‘ular uchun o‘zbek kompozitorlari asari” – T. 2021 y,. J. Rajabiy – “Ijrochilik san’ati tarixi” – o‘quv uslubiy qo‘llanmasi – T. 2021 y., B. Murtazaev- “Saksofon sinfi” T., 2002 y, pedagogik repertuarlari kabi yaratilgan bir qancha ilmiy ishlardan iborat.

2021 yil 15 avgust

Tuzuvchi: Rajabiy Javlon Xasanovich.

5150700 – Instrumental ijro (puflama (zarbli) cholg’ular)

 

Magistrning yo’nalishi:

5A5150702 – Instrumental ijro etish (puflama (zarbli) cholg’ular)

 

Kafedrada o’qitiladigan fanlar

Bakalavr o’quv intizomlari:

  • Puflama (zarbli) cholg’uarda ijro etish
  • Dirijyorlik
  • Qardosh cholg’ularni o’rganish
  • Ansambl sinfi
  • Kamer ansambli
  • Notani varoqdan o’qish
  • puflama cholg`u asboblarida chalishni o`rganish usuli
  • Ansambl bilan ishlash usuli
  • Puflama cholg`u asboblarida ijro etish tarixi
  • Pedagogik repertuarni o’rganish
  • Orkestr partiyalari bilan tanishish

Magistraturaning maxsus fanlari:

  • Puflama (zarbli) asboblarda ijro etish
  • Kamera ansamblining san’ati
  • Magistrlik dissertatsiyasi

Kafedral hamkorlik shartnomalari:

  • V. Uspenskiy nomidagi RIMAL;
  • R. Glier nomidagi RIMAL.
  • O’zbekiston Milliy gvardiyasi huzuridagi RIMAL

Puflama cholg’ular kafedrasi Toshkent davlat konservatoriyasi vujudga kelgan davrdan beri ishlab kelmoqda. Uning rivojlanishiga turli yillarda taniqli musiqachi, taniqli musiqa va jamoat arbobi V.I.Pavlonskiy (1881-1951), B.N.Gusakov, V.M. Kozalupov, M.N. Nikolaenko, A.E. Morozov (1889-1969) shuningdek, zarbli asboblar kafedrasi o’qituvchisi M.D Yakovetslar katta hissa qo’shdilar.

Keyingi yillarda kafedrada U. Ro’ziqulov, K.A. Azimov, V. Emelyanov, P.I. Belyakov, G.K. Vergelesov, A.V. Malkeev, V.L. Melkomini, Y. Saidjanov, R.R. Safarov, V.A. Verigr, B.S. Salixov, N.E. Kenjaboev, U. Abdullaev, D.S. Saburov, I. T. G’aniev va boshqalar kabi taniqli musiqachilar ishladilar.