OTA JALOL NOSIROV

OTA JALOL NOSIROV

Yashagan yillari:  1845, Buxoro – 1928, Samarqand

Ixtisosligi: xonanda, sozanda (tanbur)

Tahsil olgan: U o’z davrining maqom bilimdonlaridan biri, mashhur xonanda Tillaboy hofizga shogird tushadi. Ota Jalol ustozidan Shashmaqomning «Nasr» bo’limiga tegishli bo’lgan qismlarini o‘rganadi. U faoliyati davomida mohir tanburchi va xonanda sifatida shakllanadi. Shashmaqomning cholg‘u va ashula yo‘llarini tartibli holda ijro etishga muyassar bo’ladi.

Mehnat faoliyati: Ota Jalol 20 yoshlarida saroy hofizligiga qabul qilinadi. U noyob iste’dodi hamda shirali ovozi bilan tez orada saroy ahli e’tiborini qozonadi. Shundan so‘ng uni saroy musiqachilarining boshlig‘i etib tayinlashadi. U o‘z davrining nufuzli maqom ustozlaridan bo‘lib yetishadi va Amir Muzaffarxon, Abdulahadxon va Olimxon saroylarida maqomchilar guruhiga rahbarlik qiladi. Ota Jalol 1928-yilda Samarqand shahrida ochilgan Musiqa va xoreografiya ilmiy-tadqiqot institutida ustozlik faoliyatini olib boradi. Bu dargohda u Halim Ibodov, Hoji Abdulaziz Abdurasulov, Shodi Azizov, Shonazar Sohibov kabi bir qator san’at arboblariga hamda taniqli kompozitorlar bo‘lmish M. Ashrafiy, M. Burhonov, T. Sodiqov, Sh. Ramazonov va boshqalarga saboq beradi. 

Ijodiy faoliyati: Buxoro maqomlarining bilimdoni, mohir tanburchi, zabardast hofiz Ota Shashmaqomni ijro etish jarayonida unga ijodiy yondashadi. Uning faoliyatida ijodiy munosabatlar bo‘lganligi xususida ayrim manbalarda bayon etiladi. Xususan, «Segoh» maqomiga mos savt bog‘laydi va uni «Savti Jaloliy» deb nomlaydi. Bu borada A. Fitrat o‘zining «O‘zbek klassik musiqa va uning tarixi» risolasida quyidagi fikrlami bayon etadi: «Segoh maqomida savt sho‘basi yoq edi. Mashhur musiqachi Ota Jalol tomonidan mening tashviqim bilan 1922-yilda «Savt» bastalangan edi». Ota Jalol XX asrning 20-yillarida Buxoroda ochilgan «Sharq musiqa maktabi»da faoliyat ko‘rsatadi. O‘z davrining nufuzli sozanda va xonandalariga maqom san’atini o‘rgatadi. «1923-yilda V.A. Uspenskiy tomonidan Buxoro «Shashmaqomi» notaga olinishida ham keksa ustoz eng asosiy tayanch vazifasini bajargan. V.A. Uspenskiy «Shashmaqom» mushkilot va nasrlarini notaga ko‘chirishda Ota G‘iyos Abdug‘ani, Abdurahmon Tanburiy (Umarov), Domla Halim Ibodov, Ma’rufjon Toshpo‘latov kabi qator atoqli sozandalar ijrolariga asoslangan». Buxoro «Shashmaqomi» 1924-yilda Abdurauf Fitrat tashabbusi ostida, Ota Jalol hamda Ota G‘iyos va V.A. Uspenskiylar bilan birga notaga ko’chirilgan va «Olti musiqali poyema» (Шесть музыкальных поэм) nomi bilan Moskvada nashr qilingan.