OTA G‘IYOS АBDUG‘ANIEV

OTA G‘IYOS АBDUG‘ANIEV

(1859-1927)

Ota G‘iyos Аbdug‘aniev – buxorolik tanbur sozining mohir ijrochisi bo‘lgan. Shashmaqom cholg‘u yo‘llarini puxta egallab, har bir maqom kuyini o‘ziga hos uslubda ijro etgan. 1920-yillardan u Buxoro Sharq musiqa maktabida Shashmaqom cholg‘u (tanbur) yo‘llaridan dars bergan. 20-yillarning boshlarida Аbdurauf Fitrat tashabbusi tufayli Otag‘iyos Аbdug‘aniyev ijrosidagi Shashmaqom cholg‘u yo‘llari ilk marta notaga yozib olinib nashr etilgan. Maʼlumki, XX asrning boshlariga qadar ixtisoslashgan maqom jamoalari aytarli ko‘p bo‘lmagan. Ular asosan Buxoro, Samarqand, Xiva, Qo‘qon, Xo‘jand, Toshkent va boshqa yirik shaharlarda, xususan katta-kichik saroy sharoitlarida faoliyat ko‘rsatgan. Keyinchalik maqom ansambllari yangicha ijtimoiy-madaniy muhitda mumtoz milliy musiqa ijodiyotini keng targ‘ib qilish maqsalarida qayta tuzilgan.

 O‘tmishda maqom ansambllari tomonidan maqomlar yaxlit turkum holda yoki ularning alohida-alohida cholg‘u va ashula qismlari ijro etilgan. Bunda, jumladan, Shashmaqomning talqin, nasr, savt kabi sho‘balarini aytishga ixtisoslashgan hofizlar talqinxon, nasrchi, savtxon deb yuritilgan. Ularga tanbur, doira yoki ixcham cholg‘u ansambli jo‘rlik qilgan.

 Jumladan, XIX asrning oxiriga kelib Buxoroga mos maqom ansambli tarkibida, odatda, ikkita tanbur, dutor, qo‘biz (yoki sato), doira va ikki – uch nafar hamnafas hofizlar bo‘lgan. 1920 yillarda tashkil topgan Sharq musiqa maktablarida, Samarqand musiqa va xoreografiya institutida maqom ijrochiligidan saboq berishda Ota Jalol Nosirov, Ota G‘iyos Аbdug‘ani, Domla Halim Ibodov, Hoji Аbdulaziz Rasulov, Matyusuf Xarratov kabi yirik maqomchi ustozlar xizmat qilganlar.