MIRZO ULUGʻBEK

MIRZO ULUGʻBEK

  (1394- 1449)   

Mirzo (keyinchalik Sulton) Muhammad ibn Shohrux ibn Temur Ulugʻbek Koʻragon — Temuriylar davlatining hukmdori, jahon ilm-fani tamaddunida beqiyos o‘rin tutgan oʻzbek astronomi (yulduzshunos) va matematigi. U otasi Shohrux Mirzo davrida Movarounnahr hokimi va otasi vafot etgach butun Temuriylar imperiyasi sultoni (1447—1449) boʻldi. Ulugʻbek  trigonometriya va sferik geometriya kabi astronomiya bilan bogʻliq matematika sohasidagi ilmiy—ijodiy ishlari, shuningdek, sanʼat va intellektual faoliyatga umumiy qiziqishlari bilan ajralib turardi. U besh tilda: turkiy, arab, fors,  moʻgʻul va oz miqdorda  xitoy tillarini bilgan deb taxmin qilinadi.

Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida mamlakat  uning eʼtibori va homiyligi tufayli  temuriylar uygʻonish davrining  madaniy choʻqqisiga erishdi. Samarqand hokimligi, otasi Shohrux Mirzo tomonidan Ulugʻbekka berilgan.

U 1424-1429-yillarda Samarqandda buyuk Ulugʻbek rasadxonasini qurdirdi. Olimlar nazarida bu rasadxona oʻsha davrda islom olamidagi eng yaxshi, Markaziy Osiyodagi eng yirik rasadxona boʻlgan.  Ulugʻbek keyinchalik koʻplab olimlar tomonidan 15-asrning eng muhim astronomi sifatida tan olingan.   U   Samarqand va Buxoroda Ulugʻbek madrasasini ham (1417-1420) bunyod etib, ushbu shaharlarni Oʻrta Osiyoning madaniy ilm markazlariga aylantirdi.

XVI asr oxiri – XVII asr birinchi yarmida yashab ijod etgan mashhur musiqashunos olim, hofiz va sozanda Darvish Ali Changiy qalamiga mansub “Tuxfat us – surur” nomli risolada aytilishicha, Ulug‘bek Mirzoning o‘zi ham musiqa olimlaridan sanalgan.

“Muhit at-tavorix” tarixiy kitobida esa Ulug‘bek ijod etgan “Bilujiy”, “Shodiyona”, “Axloqi”, “Tabriziy”, “Usuli ravon”, “Usuli baxri” kabi musiqa asarlari xususida so‘z boradi.

Ulug‘bek zamonida , “Bog‘i maydon” da “Chxil ustun”, “Chinni xona” kabi go‘zal qasrlar qurilib, unda ilmiy munozaralardan so‘ng mushoiralar bo‘lib, mamlakatning turli tomonlaridan kelgan sozanda, hofizlar o‘z san’atlarini namoyish qilar ekanlar.