Doni Zokirov (1914-1985)

Doni Zokirov

(1914-1985)

      O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan san’at arbobi, O’zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Doni Zokirov 1914 yil 28 oktyabrda Samarqand shahrida tug’ilgan. 1928 yildan xalq cholg’ularida chalishni o’rgandi. 1936 yilda Toshkentga ko’chib o’tadi, va u yerda filarmoniya qoshidagi o‘zbek xalq cholg’ulari ansamblida sozanda bo‘lib ishlaydi. 1937 yilda esa ushbu ansambl bilan tarkibida Moskvada o‘tkazilgan O’zbekiston adabiyoti va san’ati Dekadasida ishtirok etadi. 1949 yildan Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatrida dirijyor sifatida faoliyat yuritadi. 1953 yilda Toshkent davlat konservatoriyasining kompozitorlik fakultetini B. B. Nadejdin, A. Kozlovskiy, Yu. N. Tyulin sinflarida tamomlagan. O’qish davrini Teleradio qo’mitasi huzuridagi Xalq cholg‘ulari orkestrida dirijyor sifatida ishlash bilan uyg‘unlashtiradi.
Doni Zokirov 1953-1956 yillar davomida O‘zbek filarmoniyasining ashula va raqs ansambliga rahbarlik qiladi, 1957 yildan umrining oxiriga qadar Teleradiokompaniya qoshidagi Xalq cholg‘ulari orkestrining dirijori mehnat qiladi. 1989 yilda mazkur jamoaga Doni Zokirov nomi berilgan. Atoqli kompozitor va dirijor O’zbekiston Respublikasining ko‘plab mukofotlari bilan taqdirlangan.
Ijodkor merosi quyidagilardan iborat: 1947, 1950 yillarga mansub Ikkita syuita, XCHO uchun “Xamza” poemasi. Hazrat A. Navoiy she’rlariga bastalangan: “Ko‘rmadim”, «Ey sabo», «Bo’lmasa», «Ayb etmangiz» nomli ashulalar; «Ona orzusi, (Mirtemir she’ri), Bahor valsi (U. Rahmonov she’ri), “Bog‘bon qiz qo’shigi”, “Bulbul” (T. To‘la she’rlari), “Tong qo’shig‘I” (Zulfiya she’ri), “Samolar”, “Do’stlik” (M.Qoriyev she’rlari), «Tinglik qo’shigi» (P.Mo‘min she’ri), «Yoshlik qo’shigi» (O‘Rashid she’ri) kabi ko‘plab qo‘shiqlar.
Shuningdek B.Gienko bilan hamkorlikda “Oynisa” baleti (T. Litvinova librettosi, 1956). X. Alimjon pyeasasi asosida Zulfiya librettosiga yozilgan “Zaynab va Omon” operasi (T.Sodiqov, Y. Rajabi, B.Zeydman bilan hamkorlikda). Z.Fatxulin pyesasi asosida «Yoshlik bergang ko ‘ngil», B.Gienko va M. Muhamedova bilan hamkorlikda yaratilgan «So’nmas chiroqlar» (A. Babajanov asari), S.Boboyev bilan hamkorlikda «Dalada bayram» (Sh. Sa’dulla asari), Ismoilzoda asariga bastalangan «Hayot mash’ali kabi musiqali dramalar.
Kinofilmlar uchun musiqalar (M. Ziv bilan hamkorlikda): «Amirlikning yemirilishi» (rej. L.Fayziyev va V. Basov), «Qo’tlug’ qon» va «Ulug’bek yulduzi» (rej.A. Pann), «Yor-yor » (rej. A. Hamrayev), T.To‘la pyesasi asosida “Ko’chalar”, A.Malaxov bilan hamkorlikda “Zulfiyam qayerda? (1964 ) kabi o‘lmas asarlardir.