BORBAD MARVAZIY

BORBAD MARVAZIY

         Markaziy Osiyolik buyuk sanʼatkor, xonanda, sozanda va bastakor, ustozona mumtoz musiqa asoschisi Borbad, taxminan eramizning VI asri 80-yillarida tavallud topgan. Mavjud manbalarda yozilishicha, u Xurosonning qadimiy va markaziy shaharlaridan biri hisoblangan Marvda istiqomat qilgan, ammo bu yerda tug‘ilmagan. Taxminlarga ko‘ra, sanʼatkorning tug‘ilgan joyi Xurosonning shimoliy qismidagi Niso shahri bo‘lib, u tog‘ va cho‘l oralig‘ida joylashgan. Manbalardan shu narsa maʼlumki, Borbad musiqa ilmini Marvda olgan va yigitlik davridayoq el og‘ziga tushishga ulgurgan. Mavjud tarixiy-adabiy manbalarda yozilishicha, Borbad sosoniylar hukmdori Xusrav Parvez saroyining eng isteʼdodli va yorqin sanʼatkori bo‘lgan. Yaʼni, 590-628 yillar mobaynida bu yerda Borbadning ijodiy va ijrochilik faoliyati rivojlangan.

Borbad haqida biografik maʼlumotlar kam. Ko‘pgina yozma manbalarda maʼlumotlar turlicha berilgan. Lekin shunga qaramay, Borbad hayotining umumiy manzarasi qisqa bo‘lsa-da, mavjud. Taxminlarga ko‘ra “Borbad” taxallus bo‘lib, bu nom sanʼatkorga Xusrav Parvez II saroyida berilgan. Borbadning haqiqiy ismi Falaxbod Marvaziydir.

Mumtoz fors-tojik lug‘atlarida: “Farhangi Dehxudo”, “Farhangi Rashidi”, “Farhangi Burhoni Qoteʼ”, “Farhangi Onandiroch”larda maʼlumot berilishicha, Borbad 360 ta kuyning muallifi hisoblanadi. Аbulqosim Firdavsiy va Аbu Mansur Saolabiy: Borbadning musiqiy ijodiga, shuningdek, “Sabzandaroz”, “Partaviy Farxor”, “Paykorgurd”, “Yazdonofarid” nomli asarlar mansubdir, deya maʼlumot berishadi. Umuman sanʼatkorning musiqiy-nazariy merosi IX-XVIII asrlar mobaynida yaratilgan bir qator risolalarda yozib qoldirilgandir. Jumladan, Borbad qalamiga “Xusravoniy”, 30 ta lahn va 360 ta qo‘shiq mansub bo‘lgan. Bu qo‘shiqlar yilning maʼlum bir kunida ijro etilgan. Ushbu “musiqiy yilnoma” o‘z o‘rnida 12 musiqiy davraga bo‘lingan. 12 davra esa 12 oyga to‘g‘ri keladi. Har bir davra 30 qismdan iborat bo‘lib, bu qismlar janr va shakl jihatlari bilan bir-biridan farqlanadi.

Xulosa qilib, “koinot turkumi” aynan Borbad ijodiga mansub ekanligini taʼkidlash mumkin. “Koinot turkumi” yoki “Duvozdahdavra” 12 yulduz davriga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda Sharq mumtoz musiqasining asoschisi Borbad ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish zamondosh mutaxassislar tomonidan ham izchil davom ettirilmoqda.