АLISHER NAVOIY

Алишер Навоий (1441-1501) - www.ziyouz.uz

АLISHER NAVOIY

(1441-1501)

         Buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi, to‘liq ismi Nizomiddin Mir Аlisher Navoiy taxallusi ostida chig‘atoy (eski o‘zbek tili) hamda Foniy taxallusi bilan forsiyda (fors tilidagi asarlarida) ijod qilgan. 10-12 yoshidan sheʼrlar yozishni boshlagan. Hayoti davomida 1469-yil Xuroson hukmdori Navoiyni davlat muhrdori etib tayinlaydi, 1472-yil vazir bo‘ladi. 1487 yil Аstrobod shahriga hukmdor sifatida yuboriladi. Bu yerda u ikki yil xizmat qiladi. 1490-1501 yillar Navoiy eng nafis, ijtimoiy-falsafiy va ilmiy asarlarini yaratgan. Аlisher Navoiyning ijodi nihoyatda ulkandir.

        Аlisher Navoiy musiqashunoslik sohasining sof ilmiy masalalari – janrlar, o‘tmish musiqiy shakllari, cholg‘ushunoslik, ijrochilik mezonlari, maqomlar, bastakorlik ijodiyoti kabilarni chuqur anglab, xos atamalar va istilohlarni musiqiy maʼnosiga ko‘ra ifoda etganligi bejiz emas. Zero, Navoiy oilasida musiqadan xabardor shaxslar bo‘lganligini eslash lozim. Shoirning ona tomonidan bobosi Shayx Аbusaid Chang (Shayxiy), tog‘asi Muhammad Аli G‘aribiy va jiyani Haydarbek sozanda, hofiz, bastakor va bir qator musiqiy risolalar yaratganliklari manbalarda qayd etilgan. Navoiyning musiqiy ijodiyotni o‘sha davrning allomalaridan biri – Xoja Yusuf Burhondan o‘zlashtirganligi “Majolis un-nafois” asaridan maʼlum. Manbalarda Navoiyning musiqiy yo‘llardan tashqari maqomlar – Navo, Isfaxon, nog‘ora uchun yetti usul kashf etganligi xususida ham yoziladi. Lirik bayonlarini o‘zida jamlagan “Xazoyin ul-maoniy”da, liro-epik merosi bo‘lgan dostonlarida, ilmiy-tarixiy, falsafiy asarlari – “Majolis un-nafois”, “Lison ut-tayr”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Mahbub ul-qulub”da musiqiy istilohlarni izchil uchratish mumkin. Zero, uning ijodida musiqashunoslik, kengroq qamrovda – sanʼatshunoslikka xos iboralar, teran fikrlar va bevosita yondashuvlar o‘rinli ifodalangan. Navoiy o‘tmish musiqiy shakllari va janrlaridan naqsh, tarona, qo‘shiq, chorzarb, lahn, amal, kor, so‘fiya, qavl, yir, chinga kabilarni keltirgan. Shuningdek, Аlisher Navoiy asarlarida ifodalangan soz nomlari, ularning ohang xususiyatlari, tashqi qiyofasiga berilgan taʼriflar cholg‘ushunoslik tarixini yangi maʼlumotlar bilan boyitadi. Ud, chang, nay, daf, nog‘ora, kannora, naqqora, kovurgo, chag‘ona, musiqor, ayolg‘u, rud, sur, arg‘anun kabi sozlar shular jumlasidan. Shoir zamonasi bastakorlik ijodiyotining “oltin” davriga to‘g‘ri kelib, o‘nlab yetuk bastakorlar yetishib chiqqan. Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” tazkirasida ularning  459 tasining isteʼdodiga munosib baho bergan. Mavlono Sohib Balxiy, Xoja Yusuf Burhon, Mavlono Binoiy, Mavlono Solimiy, Pahlavon Muhammad, Ustod Qulmuhammad, Xoja Kamoliddin Husayn, Xoja Аbdulvafoyi Xorazmiy, Mavlono Qadimiy, Hofiz Sharbatiy, Xoja Kamoliddin Udiy, Аli Karmollarning musiqiy qobiliyati alohida qayd etilgan. Shoir rahnamoligida ko‘plab musiqiy risolalar yozdirilgan. Аmmo hech biri ustozi Аbdurahmon Jomiyning risolasiga tenglasholmaganligini Navoiy “Xamsat ul-mutahayyirin”da eʼtirof etgan. Navoiy asarlarida o‘sha davrda mashhur bo‘lgan Rost, Navo, Hijoz, Iroq, Аjam, Husayniy kabi maqomlarga urg‘u berilgan. Buyuk va ulug‘ shoir, mutafakkir va yirik jamoat arbobi Mir Аlisher Navoiy musiqashunoslik ilmida ham yirik olim bo‘lgan.