ABDULHAMID CHO‘LPON

ABDULHAMID CHO‘LPON

(1898-1938)

Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon shoir, yozuvchi, dramaturg, tarjimon, tanqidchi va jamoat arbobi. Dastlab madrasada (1908-12), so‘ngra rus tuzem maktabida (1912-14) o‘qigan. Sharq mumtoz shoirlari asarlarini mutolaa qilish va jadid matbuotini kuzatish yo‘li bilan adabiy, ijtimoiy siyosiy bilimini oshirgan. 1914 yilda Toshkentga kelib, “Sadoi Turkiston”, “Yangi Sharq” gazetalarida adabiy xodim (1919-23), Xalq maorif komissarligi qoshidagi Ilmiy kengashda rais (1920-23), “Buxoro axbori” gazetasida muharrir (1921-22), “Turon” teatrida direktor (1921; 1922-23), “Mushtum” jurnali va “Darxon” gazetasida texnik muharrir, adabiy xodim (1922-23), O‘zbek drama studiyasi (Moskva, 1924-27) va O‘zbek davlat drama teatrida hamda “Teatru” gazetasida adabiy xodim sifatida ish faoliyatini olib borgan.

Adabiy ijodi 1913-14 yillarda Andijonning ijtimoiy va madaniy hayoti haqida xabarlar yozish bilan boshlangan. Cho‘lponning adabiy merosi she’riyat, nasr, dramaturgiya, publitsistik va adabiy tanqidiy maqolalar hamda tarjimadan iborat. Cho‘lponning she’riy asarlari “O‘zbek yosh shoirlari”, “Uyg‘onish” (1922),” “Buloqlar” (1923), “Tong sirlari” (1926) va “Soz” (1935) to‘plamlarida, shuningdek, turli gazeta va jurnallarda e’lon qilingan.

Cho‘lponning dramaturgiya sohasidagi dastlabki izlanishlari 1919 yilga oid. U shu yili “Temirchi”, “Gunoh”, “Cho‘rining isyoni” singari kichik sahna asarlarini yozdi. 1920-yillarning boshlarida esa Cho‘lponning “Yorqinoy”, “Xalil farang”, “O‘ldiruvchi” (1921), “Sevgi va saltanat”, “Cho‘pon sevgisi” (1922) pyesalari maydonga keldi. Cho‘lponning yozuvchilik mahorati “Kecha va kunduz” romanida, ayniqsa yorqin aks ettirilgan.

Shoir adabiy merosining salmoqli qismini tarjima asarlari tashkil etadi. A.S.Pushkinning “Boris Godunov”, “Dubrovskiy”, N.V.Gogol’ning “Tergovchi”, I.S.Turgenevning “Cho‘ri qiz”, I.Frankoning “Million”, “Feruza”, A.P.Chexovning “Qochoq”, A.Gor’kiyning “Ilgaklar”, “Ona” singari mumtoz asarlarini katta mahorat bilan tarjima qilib, zamonaviy milliy tarjima maktabiga asos soldi. Cho‘lpon tarjimasidagi U.Shekspirning “Gamlet” tragediyasi o‘zbek tarjima san’atining shoh namunasidir.

Cho‘lpon ham Fitrat va Abdulla Qodiriy kabi qatag‘on davrining qurboni bo‘lgan. U 1937 yilda “xalq dushmani” sifatida ayblanib hibsga olinadi va ko‘p o‘tmay, 1938 yilda otib tashlangan. Mustaqillik sharofati bilan Cho‘lpon  nomi oqlanib, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991) va “Mustaqillik” ordeni (1999) bilan mukofotlandi.