SULAYMON YUDAKOV

Sulaymon Yudakov - Vikipediya

SULAYMON YUDAKOV

(1916-1992)

O‘zbekiston xalq artisti, Davlat mukofotlari sovrindori, kompozitor Yudakov Sulaymon Aleksandrovich XX-asr o‘zbek musiqasi tarixida yorqin va teran iz qoldirdi. Bu nodir iste’dod sohibi, atoqli kompozitor butun hayoti va ijodiy faoliyatini o‘zbek musiqa san’atini rivojlantirishga bag‘ishladi.

Yudakov Sulaymon (Solomon) Aleksandrovich 1916-yilning 14 aprelida Qo‘qon shahrida tavallud topdi.

1932-yili Moskva davlat konservatoriyasi qoshidagi musiqa “Rabfak”ning fleyta sinfiga o‘qishga kirdi. 1934-yili konservatoriya qoshidagi Moskva davlat musiqa texnikumining nazariy, tarixiy, kompozitorlik bo‘limi birinchi kursiga qabul qilindi. 1938-yili texnikumni tamomladi va o‘sha yili Moskva davlat konservatoriyasi professori, kompozitor R.M.Glier sinfida kompozitsiyadan ta’lim ola boshladi. Kursni tamomlaganida 1941-yili ikkinchi jahon urushi boshlandi va S.Yudakov Toshkentga qaytib keldi.

S.Yudakovning mustaqil ijodiy faoliyati Ikkinchi jahon urushi yillarida boshlandi. U 1941-45 yillarda o‘zbek o‘g‘loni yurt qaxramoni Qo‘chqor Turdievga bag‘ishlab «Oldinga bosing, o‘rtoqlar!» va «Do‘stlar» (A.Lohutiy so‘zlari); «Chavandozlar qo‘shig‘i» (Mirtemir so‘zi), «Jonga-jon, qonga-qon» (T.Fattoh so‘zi) kabi vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar; «Habibi tu manam» (H.Yusufiy so‘zi) romansi; «Farzanad» (S.Ismoilzoda p’esasi) musiqali dramasi, torli kvartet uchun 3 ta p’esa kabi asarlarini yaratdi.

1941-42 S.Yudakov yillarda Hamza nomidagi san’atshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishladi. 1943-44 yillarda Tojikiston filarmoniyasida badiiy raxbar lavozimida ishladi. Tojik shoirlarining so‘zlariga bir qator qo‘shiq va romanslar yaratdi. 1945-yili Tojikiston Davlat madhiyasini yozish uchun ko‘rik-tanlov e’lon qilindi. Mazkur tanlov uchun boshqa kompozitorlar qatorida S.Yudakov ham A.Lohutiy so‘ziga madhiya yozdi. S.Yudakovning musiqasi tanlab olinib tasdiqlandi, hozirga qadar so‘zi o‘zgartirilgan holda bu madhiya yangrab kelmoqda. 1946-yili S.Yudakov Toshkentga qaytib keladi va ijodini davom ettiradi. T.To‘la so‘ziga xor, yakkaxon va simfonik orkestr uchun «G‘alaba» (1945-y.) kantatasini yozdi. 

S.Yudakov mahoratining badiiy jihatdan yuksalish davri 50-80-yillarga to‘g‘ri keladi. Bu davr uning uchun yangi sinovlar va ijodiy yutuqlar davri bo‘ldi.   

S.Yudakov 70-yillarda Sharqda mashhur bo‘lgan, latifa sarkardasi Afandiga bag‘ishlab, «Nasriddin Afandining yoshligi» nomli balet, S.R.Hamroev va M.Melkumovlar bilan hamkorlikda «Oq yo‘l» musiqali komediyasini yaratdi. 

S.Yudakov zamonaviy o‘zbek musiqa tarixida o‘zig a xos o‘ringa ega. U ko‘p qirrali ijodiy faoliyati bilan O‘zbekiston musiqa madaniyatining rivojlanish jarayoniga ulkan hissa qo‘shdi va boy musiqiy meros qoldirdi. Kompozitor S.Yudakov ordenlar, bir necha medallar bilan, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» va «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.