SAODAT QOBULOVA (1925-2010)

SAODAT QOBULOVA

(1925-2010)

O‘zbekiston xalq artisti. noyob ovoz, yuqori iste’dod sohibi va mahoratli ijrochi Saodat Qobulova Marg‘ilonda tavallud topgan. Dastlab Moskvadagi o‘zbek opera studiyasida, so‘ng Toshkent davlat konservatoriyasida tahsil olgan. 1954 yildan boshlab o‘ttiz yildan ortiq Alisher Navoiy nomidagi davlat Akademik katta opera va balet teatrida o‘z ijodiy faoliyatini olib borgan. Opera xonandasi Saodat Qobulova ijrosidagi ko‘plab o‘zbek va jahon opera san’ati namunalari, milliy mumtoz shoh asarlari va xalq qo‘shiqlari tinglovchilar qalbiga chuqur o‘rnashib, xalqimizning ma’naviy boyligiga aylandi. Turli tillarda betakror jaranglagan “Dilorom”, “Layli va Majnun”, “Tohir va Zuhra”, “Maysaraning ishi”, “Traviata” kabi mashhur operalarda u yaratgan yorqin timsollar musiqa san’atimiz xazinasidan muhim o‘rin egalladi. Saodat Qobulova pedagog sifatida ham yosh iqtidor sohiblarining jonkuyar va talabchan ustozi o‘rnida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan.
Saodat Qobulova Vatanimizning oliy mukofotlariga loyiq topilgan. Bular – “Do‘stlik”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari, “O‘zbekiston xalq” artisti sharafli unvoni.