NABIJON HASANOV

NABIJON HASANOV

(1913-1972)

       Yashagan yillari: 1913, Samarqand –1972, Toshkent. Ixtisosligi: Sozanda (g‘ijjak) va bastakor, Unvonlari: O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist (1950), O‘zbekston xalq artisti (1967), Taxsil olgan: 1928-yilda T.Sodiqov rahbarligidagi musiqa to‘garagida nay chalishni o‘rgangan. T.Sodiqovdan g‘ijjak-sozandaligidan taxsil olgan. 1948-1951-yillarda Toshkent davlat konservatoriyasining xalq cholg‘ulari fakultetida o‘qigan.

        Faoliyat ko‘rsatgan muassasalari: Аndijon teatrida sozanda (1927–29), Samarqand teatrida sozanda (1930–32), musiqa rahbari (1932–35, 1938–39) va bosh dirijyor (1945–47), Oʼzbek davlat musiqali teatri (1936–37), Navoiy teatri xalq cholg‘u asboblari ansambli (1939–44) musiqa rahbari, Bekobod teatri (1944), O‘zbekiston radio qo‘mitasi xalq cholg‘u asboblari orkestrida kontsertmeyster (1947–52, 1957–72), O‘zbekiston davlat estradasi ashula va raqs ansamblida sozanda va badiiy rahbar (1952–55).

       Аsarlari: «G‘unchalar» (T.Sodiqov bilan), “O‘zbekiston qilichi” musiqali dramasi (M.Burhonov, T.Jalilov va boshqalar bilan) kabi asarlarning mualliflaridan. Samarqand teatrida sahnalashtirilgan «Taqdir», «Orom gul», «Vafo va makr» spektakllariga musiqa bastalagan.

O‘zbekiston radio qo‘mitasi xalq cholg‘u asboblari orkestri uchun Chustiy sheʼrlari «Аylanay» va «Ofarin»ga, Uygʼun sheʼrlari «Jafo qilma» va «Jonim kelur»ga kuy bastalab qo‘shiqlar yaratgan. Shuningdek, «Boʼl-boʼl, bolam», «Tasadduq», «Parvona boʼlibman», «Qizgina», «Xush kelding» adabiy musiqa uchun radiospektakllar yaratgan.

        N.Hasanov 150 dan ortiq jozibador, yo‘nalishlari turli bo‘lishiga qaramay o‘ziga xosligi bilan ajralib turadigan qo‘shiq, ashula va yallalar yaratgan.

«Sallamno», «Ofarin», «Sherzod kelur», «Yaxshi», «Yursak olg‘a», «Ko‘rdim yuzingni», «Аylanay», «Jafo qilma», «Jona-jon o‘lkam», «Ona Samarqand», «Gilos», «Intizor», «Gulchehralar», «Yarashdi», «Charos» kabi ommaviy va lirik qo‘shiqlari, «Baxt yallasi», «Yayra, go‘zal» kabi yalla namunalari shular jumlasidan. Shuningdek, «Mening vatanim», «Maftuningman Samarqand», «Sho‘xi zamonim», «Gullaydi Toshkent», «Tinglang, yulduzlar», «Gullar ochilur», «Noz etardi, eʼzoz etardi», «Ne bo‘ldi», «Oʼn sakkiz yoshligim», «Intizor» qo‘shiqlari, «O‘ynab o‘ting shabbodalar», «Qizlar valsi», «Yor qo‘ynida» yalla-laparlari o‘zbek xalqi sanʼati namunalariga aylangan.