MUXTOR ASHRAFIY

Muxtor Ashrafiy - Vikipediya

MUXTOR ASHRAFIY

(1912-1975)

O‘zbekiston xalq artisti, Nosir va Neru xalqaro mukofotlari, respublika Davlat mukofoti sovrindori, kompozitor, dirijyor, muallim, yirik jamoat arbobi Muxtor Ashrafiy ko‘p qirrali ijodiy faoliyati bilan XX-asr O‘zbekiston musiqa madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Uning opera, musiqali drama, balet, simfonik, vokal-simfonik kamer-cholg‘u, qo‘shiq va romans janrlarida yaratgan asarlari, zamonaviy o‘zbek musiqasi tarixida chuqur iz qoldirdi.

M.Ashrafiy 1912-yili 11-iyunda Buxoro shahrida san’atkor oilasida tug‘ildi. Bolaligidan musiqaga qiziqdi va 12 yoshida Abdurauf Fitrat tomonidan tashkil etilgan Sharq musiqa maktabiga o‘qishga kiradi, maqom ustozlaridan saboq oladi. 1928-yil Samarqand shahrida ochilgan O‘zbekiston Musiqa va xoreografiya institutiga birinchilar qatorida o‘qishga kiradi. Talabalik davrida M.Ashrafiy Buxoro xalq qo‘shiqlarini, T.Sodiqov Fargona vodiysi qo‘shiqlarini va Sh.Ramazonov Xorazm xalq qo‘shiqlarini notaga oladilar. Institut rahbari N.Mironov tahriri ostida 1931-yilda «Pesni Fergani, Buxari i Xivi:» nomi bilan nashrdan chiqadi. Institutni tamomlagach, M.Ashrafiy 1931-34 yillarda «O‘zbekiston davlat musiqali teatr»ida badiiy rahbar va bosh dirijyor vazifasida ishladi. 1934-37 yillarda Moskva davlat konservatoriyasi koshida tashkil etilgan O‘zbek opera studiyasida professor S.N.Vasilenkodan saboq oladi. 1937-yilda Moskvada O‘zbekiston adabiyoti va san’ati o‘n kunligida M.Ashrafiy dirijyor va musiqa rahbari sifatida faol qatnashdi va o‘sha yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.  

M.Ashrafiy turli rahbarlik lavozimlarida faol tashkilotchiligini namoyon qildi. 1938-yildan respublika davlat opera va balet teatriga badiiy rahbar va bosh dirijyor, 1943- 47 yillarda esa direktor lavozimini ham egallaydi. 1947-61 yillarda Toshkent davlat konservatoriyasi rektori va opera-simfonik dirijyorligi kafedrasining mudiri, 1964-66 yillarda yangi tashkil topgan Samarqand opera va balet teatri direktori, badiiy rahbari va bosh dirijyori, 1966-71 yillarda Alisher Navoiy nomidagi Akademik katta opera va balet teatri badiiy rahbari va bosh dirijyori, 1971-yildan umrining oxirigacha Toshkent davlat konservatoriyasi rektori vazifasini bajardi.

Dirijyorlik faoliyati orqali M. Ashrafiy uzoq yillar davomida o‘zbek, Evropa va rus klassik kompozitorlarining opera, balet hamda simfonik asarlarini targ‘ib qildi.  

1939-yilda dramaturg K.Yashin librettosi asosida «Bo‘ron» nomli birinchi o‘zbek operasini S.N.Vasilenko bilan hamkorlikda yaratdi. Bu mualliflar tomonidan 1941-yilning boshlarida «Ulug‘ kanal» nomli ikkinchi opera yozildi. 1958-yilda Navoiyning «Sab’ai sayyor» dostoni asosida K.Yashin va M.Muhamedovlarning librettosiga «Dilorom» operasini M.Ashrafiy mustaqil ravishda yozdi. 1962-yili Furqat siymosiga bag‘ishlab I.Sulton librettosi asosida «Shoir qalbi» nomli operasini yaratdi. M. Ashrafiy kuyidagi baletlarning musiqa muallifi: «Sevgi tumori» (G.Miller librettosi, 1969 y.), «Temurmalik» (M.Ashrafiy librettosi, 1970-y.), «Matonat» (A.M.Kamel librettosi, 1971-y.). Bu baletning prem’erasi 1972-yil Misr davlatining poytaxti — Qohira shahrining opera va balet teatrida o‘tgan va J.Nosir mukofotiga 1973-yili sazovor bo‘lgan; «Muhabbat va qilich» (M.Ashrafiy va G.Gelovani librettosi, 1973-y.) Dushanbe va Toshkent shaharlarida 1973-74 yillarda prem’erasi o‘tgan.

Kompozitor M.Ashrafiy respublikamizda simfonik musiqa san’atining rivojlanishi uchun ham samarali hissa qo‘shdi. Simfonik orkestr uchun 1932-yil «Qurilish» marshini Ovrupo klassik simfoniya uslubida, 1942-yil «Qahramonlik» simfoniyasini yaratdi. Xuddi shu uslubda 1952-yilda tojikcha raqs syuitasi ham bastalangan. M.Ashrafiy ko‘yidagi simfonik asarlarning muallifi: 1950-yillarda uchta simfonik syuita, 1963-yil shoir S.Ayniy xotirasiga bag‘ishlangan «Temurmalik» simfonik poema-rapsodiyasi, 1964-yil «Bayram shodiyona»si uvetyurasi yozilgan edi.

Yirik janrdagi vokal-simfonik asarlaridan 1951-yilda «Baxt qo‘shig‘i» kantatasi, «Dahshatli ishlar» vokal-simfonik poemasi va 1974-yilda Firdavsiyniig «Shohnoma»si asosida «Rustam haqida doston» epik-oratoriyasi (L.Sherali so‘zi) dunyoga keldi. 1968yilda «Subxi damda» nomli simfonik-xoreografiya manzarasini yozgan edi.

M.Ashrafiy quyidagi kinofilmlarning musiqa muallifi: «Momoqaldiroqda tug‘ilganlar» (1965), «Koniyuta g‘orining siri» (1965), «Dilorom» film-operasi (1968), «Qadim qal’a afsonasi» (1970), «Semurg‘» (1972), «Gang daryosida tong» (1972). Yillar davomida M.Ashrafiy yirik musiqa asarlar bilan turli yakka cholg‘ularga, ansambllarga har xil janrlarda kuy, qo‘shiq va romanslar yozdi. XX-asr Uzbekiston musiqa madaniyatinyng rivojlanishidagi ulkan xizmatlari uchun M.Ashrafiy «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» (1937-y.), «O‘zbekiston xalq artisti» (1934-y) faxriy unvonlari, 1937-yil «Shuhrat» ordeni, ikki marotaba Davlat mukofoti (1943 va 1952-y.), Hamza nomidagi respublika davlat mukofoti (1970-y), J.Neru nomidagi Hindiston davlat mukofoti, (1972-y) va 1973-yil Jamol Ablul Nosir Misr davlat mukofoti sovrindori.