MANAS LEVIYEV

MANAS LEVIYEV

(1912-1990)

Kompozitor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1961), O‘zbekiston xalq artisti (1972) Manas Leviyev dastlabki musiqiy bilimlarini Samarqand musiqa va xoreografiya ilmiy tadqiqot institutida (1930-32) Domla Xalim Ibodov, Abduqadir Ismoilov, Abduraxmon Umarov, Matyusuf Xarratovlardan o‘zlashtiradi. 1933-37 yillarda Leningrad musiqa bilim yurtida tahsil olib, u yerni tamomlagach Leningrad konservatoriyasida X.Kushnaryov, D.Shostakovichlar sinfida o‘qishini davom ettiradi. Konservatoriyaning oxirgi 5 – bosqichida o‘z xohishiga binoan 2-jahon urushi qatnashchilari safiga qo‘shiladi. Jang maydonida  og‘ir jarohat olgan Leviyev 1942-yilda Toshkentga qaytib keladi.

Kompozitorning ko‘plab asarlari o‘zbek va tojik xalqlari ohanglari kompozitorlikka xos ko‘p ovozlik vositalar bilan uyg‘unlashgan. Kuylari nafis va jozibador, garmoniyasi oddiy va shirador bo‘lib, deyarli barcha asarlari hayotbaxsh, ko‘tarinkilik ruhi bilan sug‘orilgan. Manas Leviyevning ko‘p qirrali ijodida vokal musiqa asosiy o‘rin tutadi. “Dilistonim, sen mening”, “Go‘zal tong”, “Sadoi bulbul” kabi romanslari, “O‘zbek qizi ovozi”, “O‘rik gullaganda” singari qo‘shiqlari shular jumlasidandir.

Kompozitor Manas Leviyev o‘zbek musiqali dramasi va ayniqsa, musiqali komediya janrining rivojiga katta hissa qo‘shgan. “Oltin ko‘l” (Uyg‘un, 1949, oxirgi tahriri 1958), “Toshbolta oshiq” (H.G‘ulom, 1961), “Kimga to‘y, kimga aza” (N.Safarov, 1962), “Ajab savdolar” (H.G‘ulom , 1968), “Zamonali – Omonali” (G‘.G‘ulom 1973), “Toshkentning nozanin malikasi” (H.Muhammad, 1978), “Qizil durrali nozik niholim” (Ch. Aytmatov, H.G‘ulom, 1978)  asarlari mazkur janrning barkamol namunalariga aylandi.

Manas Leviyevning “Suhayl va Mehri” nomli baleti, Mutal Burhonov, Ikrom Akbarovlar bilan hamkorlikda “Orol baliqchilari”, “Maftuningman” (1959), mustaqil ravishda “Mahallada duv-duv gap” (1960), “O‘tgan kunlar” (1969) kabi kinofilmlarga yozgan musiqasi yorqin va ommabop ohang hamda usullari bilan ajralib turadi.

1979 yilda kompozitor O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Bir nechta medallar, O‘zbekiston va Belorusiya hukumatining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.