Komiljon Jabborov (1914–1975)

      O‘zbek xalq bastakorlaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, cholg‘u ijrochiligida o‘z ijro uslubini yaratgan betakror sozanda, mohir bastakor Komiljon Jabborov Farg‘ona vodiysining Andijon shahrida 1914-yilning 15-aprelida mehnatkash oilasida tavallud topgan. Musiqa savodini chang va g‘ijjak cholg‘ularida Farg‘ona vodiysi ijrochilik an’analarining bilimdoni, namanganlik ustoz san’atkor Usta Ro‘zimat Isaboyevdan o‘rganadi. Shundan so‘ng Komiljon bir qator zamonasining mohir sozandalaridan cholg‘u ijrochilik sirlarini o‘rganishni davom ettiradi. Xususan, andijonlik mohir sozandalar Sobirjon Sodiqovdan g‘ijjak ijrochiligini, Muhiddin Qori Najmiddinovdan dutor ijrochilik sirlarini o‘rganib o‘z bilimlarini mustahkamlaydi.
    Komiljon Jabborovning mustaqil sozandalik hayoti 1930-yillarda ustoz san’atkor To‘xtasin Jalilov rahbarligidagi «Milliy musiqa to‘garagi»da boshlanadi. 1931-yildan Oxunboboyev nomidagi musiqali drama teatrida sozanda sifatida ishlaydi. Teatrda olib borgan faoliyati davomida u sahnalashtirilgan spektakllarning musiqalarini tanlab, aktyorlar bilan birga mashg‘ulotlar o‘tkazardi. Shu jarayon uni ijod qilishga undaydi. Shu paytda «Gulsara», «Layli va Majnun» kabi spektakllar Andijon teatrida sahnalashtirildi. Bastakor o‘zining ilk ijod namunalarini yozadi. Shoir Sobir Abdulla so‘ziga yozgan ilk «Chayqalur» qo‘shig‘i ustozlarining sabog‘iga mos, o‘ziga xos shakl va mazmun jihatlaridan o‘zbek mumtoz musiqasi yo‘llariga xosligi namoyon edi.
1941-yil boshida Komiljon Jabborov Yangiyo‘lda tashkil etilgan musiqali drama teatriga ishga taklif etiladi. Bu yerda u zamonasining eng yetuk san’atkorlari, xonanda va sozandalari bilan birga faoliyat yuritadi. Jumladan, T.Jalilov, J. Sultonov, X.To‘xtasinov, M.Murtazoyev, S. Abdulla va boshqalar. Ushbu jamoadagi faoliyati, ijro jarayoni va ijodiy muloqotlar, shu bilan birga mashhur rus kompozitori Shteynberg bilan bo‘lgan hamkorlik Komiljon Jabborovning bastakorlikdagi ilmini oshiradi va yangidan yangi asarlar yaratishga qanot baxsh etadi. Bastakor ijodi davomida bir qator musiqali dramalar, oratoriya, simfonik asarlar yaratishga muvaffaq bo‘ladi. Eng muhimi, Komiljon Jabborov bastakor va kompozitor sifatidagi mukammal asarlarni yaratadi. 1947-yildan Komiljon Jabborov O‘zbekiston radiosi qoshidagi milliy cholg‘ular orkestrida ish faoliyatini davom ettiradi. Bu dargohda u umrining oxirigacha g‘ijjakchi sozanda sifatida ish olib boradi. Darhaqiqat, Komiljon Jabborov o‘zbek musiqa ijodiyotida original asarlar yaratgan bastakor sifatida e’tirof etilgan. Uning yaratgan har bir asari shakli, mazmuni, yo‘nalishi, ohang mavzulari va albatta, ijrodagi jozibasini ta’minlovchi xususiyatga ega ekanligini qayd etish lozimdir. Bastakor ijodiy faoliyati davomida 100 dan ortiq kuy, qo‘shiqlar va ashulalar, zamonaviy janrlarda asarlar yaratdi.