HAMZA HAKIMZODA NIYOZIY

HAMZA HAKIMZODA NIYOZIY

(1889-1929)

Hamza XIX asr oxiri XX asr boshidagi o‘zbek madaniyatining eng yirik namoyandalaridan, faol maʼrifatparvar shoir, o‘qituvchi, jamoat arbobi. U sheʼriyatni hayotga va xalqqa yaqinlashtirish, hozirgi zamon nasrini o‘zbek adabiyotida qaror topdirish, ayniqsa drama, komediya, tragediya yaratish bobida va teatr sanʼatini rivojlantirishda ulkan izlanishlar va kashfiyotlar qilgan sanʼatkordir. Hamza kompozitor, rejissyor, jurnalist, pedagog va darsliklar muallifi sifatida ham keng maʼlumdir.

1905 yildan boshlab «Nihon» taxallusi bilan sheʼrlar yoza boshladi va   25 yoshdayoq «Devon» tuzdi. Ularda Sharq sheʼriyatiga xos muhabbat, diniy tematika bilan birga maʼrifatga chaqirish muhim oʼrin egallaydi. Hamza o‘zining pedagogik faoliyatini 1910 yilda Toshkentda Qashqar mahallasida, 1911 yilda Qo‘qonda, 1914 yilda Marg‘ilonda va yana Qo‘qonda maktablar ochib, bolalarni o‘qitishdan boshladi.

Hamza bu maktablarda dars beribgina qolmay «Engil adabiyot», «O‘qish kitobi», «Qiroat kitobi» (1914—1915) kabi darsliklar ham yozdi. U bir shaharda usuli savtiya maktabini ochib quvg‘in qilinsa, ikkinchi shaharda yana shunday jadid maktabini tashkil qildi. Ko‘proq kambag‘al bolalarni va kambag‘allarni o‘qitishga intildi. Hamzaning maorif-o‘qitish ishlaridagi yutug‘i shunda bo‘ldiki, islomni usuli savtiya bilan bog‘lay oldi — Qurʼon va Xadislarni faol yordamga tortib, xalqni ilm-maʼrifatga, yangilikka daʼvat etdi.

Hamzaning «Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi» (1915-1917), «Zaharli hayot» (1916), «Paranji sirlaridan bir lavha yoki yallachilar ishi» (1927), «Maysaraning ishi» (1926) kabi dramatik asarlari o‘zbek adabiyotida yangi hodisadir.

U jadidlarga ergashdi va jadidchilikning ilg‘or vakillaridan biriga aylandi. Jadidlar otasi Ismoil G‘aspirali vafot etganda Hamza marsiya yozib, «Dod qil davri falaqdin, botdi xurshidi jahon», deb yozdi. Munavvar qorini «muhtaram ustozi oliy», «maʼnaviy ota», deb atadi.

Hamza darsliklar yozib, yangi uslubdagi maktab ochib, jurnallar chiqarib jadidchilikni targ‘ib qilish bilan cheklanmadi. Hamza o‘z davrida maktab-maorif sohasida ishladi, dram truppalar tuzdi. U to‘g‘ri so‘zligi, haqiqatgo‘yligi va murosasizliga tufayli biror yerda muqim ishlay olmadi. Buxoroda, Toshkentda, Farg‘ona, Xo‘jaylida, Аvval qishlog‘ida – yurt bo‘ylab ko‘chib yurdi. 1929 yili   18 martda Shohimardonda fojiali o‘lim uni hayotdan olib ketdi.

Hamzaning maʼrifatchilik faoliyati Turkistonda XX asrning boshidagi umumiy maʼnaviy o‘zgarishlar, ilg‘or pedagogik va ijtimoiy-falsafiy fikrlar, jadidchilik harakati rivojiga muhim taʼsir ko‘rsatdi. O‘z xalqi, vatanining farovonligi, maʼnaviy rivoji yo‘lida charchamay, nihoyatda foydali ishlarni amalga oshirdi.