HAMID OLIMJON (1909-1944)

HAMID OLIMJON
(1909-1944)

Iste’dodli shoir, dramaturg, olim va jamoat arbobi Hamid Olimjon 1909 yil 12 dekabrda Jizzax shahrida dunyoga kelgan. Narimonov nomidagi boshlang‘ich maktabni tugatgach, Samarqand pedagogika bilim yurtida (1923-1926), so‘ng Pedakademiyada (1926-1931) o‘qigan. 30-yillardayoq shodlik va baxt kuychisi sifatida tanilgan, “Yoshlar” gazetasida (1931), “Qurilish” va “Sovet adabiyoti” jurnallarida masʼul kotib, Madaniy qurilish ilmiy tadqiqot institutida katta ilmiy xodim (1932-1934), Til va adabiyot instituti (1934-1937) va Oʻquvpedagogika nashriyotida boʻlim mudiri (1938-1939), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida masʼul kotib (1939–1944) bo‘lib mehnat qilgan. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir aʼzosi (1943).
Hamid Olimjon talabalik yillaridayoq she’riyatga qiziqqanligini asarlari 1926 yildan “Zarafshon” gazetasida chiqa boshlaganligidan anglash mumkin. 1927 yilda shoir mazkur ro‘znoma muharririyatiga ishga o‘tadi. Hamid Olimjonning “Ko‘klam” nomli ilk she’riy to‘plami 1929 yilda bosilib chiqadi. Shundan so‘ng “Olov sochlar” (1931), “O‘lim yovga” (1932), “Poyga” (1932) kabi she’riy to‘plamlari birin-ketin nashr etiladi. Davr bilan birga odim tashlagan, o‘z ijodida xalqimizning mehnat jabhasidagi qahramonligini tasvirlagan shoir 30-yillarda qator ajoyib lirik she’rlar bilan birga “Zaynab va Omon” dostonini yaratgan. Hamid Olimjon she’riyatining lirik qahramoni – zamon bilan baravar odim otuvchi, vatanparvar, shodlik va baxt taronalarini kuylovchi insondir. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi (1943) Hamid Olimjon o‘zbek adabiyotining dolzarb masalalari bo‘yicha qator ilmiy-tanqidiy asarlar yaratgan. Hamid Olimjon A.S.Pushkin, L.N.Tolstoy, M.Gorkiy, V.Mayakovskiy, A.Serafimovich, T.Shevchenko, M.Lermontov, N.Ostrovskiy, A.Korneychuk asarlarini tarjima qilgan. O‘zbek xalq og‘zaki ijodining ajoyib durdonasi “Alpomish” dostoni birinchi marta Hamid Olimjon tomonidan nashrga tayyorlanib (1938), chop etilgan. U Alisher Navoiyning 500 yilligini o‘tkazish yubiley qo‘mitasining a’zosi sifatida ulug‘ shoir hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan. Hamid Olimjon 1939 yildan to umrining oxirigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qilgan.
Hamid Olimjonning “Kuychining xayoli” she’rida Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining badiiy olami, baxshining jamiyatdagi, xalq ma’naviy hayotidagi o‘rni ko‘rsatib berilgan, baxshi aytgan dostonlarda xalq hayoti, tarixi, madaniyati, udumlari aks etgani tasvirlangan. Uning “Tong shabadasi” (1931) hikoyalar to‘plami, “O‘rik gullaganda”, “G‘azal”, “Chimyon esdaliklari”, “Ofeliyaning o‘limi”, “Kuygay”, “Jinoyat” dramasi va boshqa asarlari XX asr adabiyotining durdonalari hisoblanadi. Hamid Olimjon “Daryo kechasi” (1936), “O‘lka” (1939), “Baxt” (1940) to‘plamlari, “Ikki qizning hikoyasi” (1935-1937), “Oygul va Baxtiyor” (1937), “Semurg‘” (1939) dostonlari bilan o‘zbek she’riyatida romantik tasvir tamoyillarining qaror topishiga katta hissa qo‘shdi. Ikkinchi jahon urushining olovli yillarida uning “Muqanna” nomli she’riy dramasi yaratildiki, u hanuzgacha dramaturgiyamizning go‘zal namunalaridan biri bo‘lib kelayotir. Bu davrda uning bir necha she’riy to‘plamlari bilan bir qatorda “Jangchi Tursun”, “Roksananing ko‘z yoshlari” kabi qator balladalari ham yaratildi.
Hamid Olimjon adabiy ijodining muhim qismini badiiy tarjima tashkil etgan. U A.S.Pushkinning  “Kavkaz asiri” va “Suv parisi” dostonlari, M.Lermontovning “Zamonamiz qahramoni” qissasidagi “Bela” va M.Gorkiyning “Chelkash” hikoyalari, N.Ostrovskiyning “Po‘lat qanday tonlandi” romani, A.Korneychukning “Platon Krechet” pyesasi kabi asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Iste’dodli shoir 1944 yil 3 iyulda avtomobil halokatiga uchrab, vafot etgan. Toshkent metropoliteni bekatlaridan biri, Yozuvchilar uyushmasining Adabiyotchilar uyi, Samarqanddagi viloyat teatriga Hamid Olimjon nomi berilgan. Toshkent shahrida shoir nomi bilan atalgan maydonda unga haykal oʻrnatilgan (1990). Ushbu hudud yaqinidagi mahalla ham adib nomi bilan ataladi.