HALIMA NOSIROVA (1913-2003)

HALIMA NOSIROVA
(1913-2003)

O‘zbek qo‘shiqchiligi va opera san’atiga bebaho hissa qo‘shgan san’atkorlardan biri Halima Nosirovadir. Halima Nosirova ayniqsa o‘zbek opera san’atida alohida maktab yaratdi va bu noyob san’at rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Halima Nosirova 1913 yilda Qo‘qon yaqinidagi Tog‘lik qishlog‘ida tavallud topdi. 1929 yilda Toshkentdagi xotin-qizlar bilim yurtiga o‘qishga qabul qilinadi. Shu yerda Ali Ardobus rahbarlik qilayotgan badiiy havaskorlik to‘garagiga dugonalari Shohida Maxsumova, Nazira Aliyevalar bilan qatnay boshlaydi. Tezda ustozlarning nazariga tushgan Halima Nosirova 1925 yilda bir guruh yosh san’atkorlar bilan Bokudagi teatr bilim yurtiga o‘qishga yuboriladi. Ish faoliyatini hozirgi milliy akademik teatrda boshlaydi. Bir qator rang-barang obrazlar yaratadi. So‘ngra Moskva Davlat konservatoriyasi qoshidagi O‘zbek opera studiyasida ta’lim oladi. 1929-1939 yillar mobaynida o‘zbek musiqali drama teatrida ijod qialdi va xilma-xil obrazlarni jonlantiradi. 1939 yildan boshlab uzoq yillar davomida A.Navoiy nomidagi O‘zbek opera va balet akademik teatrida mehnat qilib, ushbu qutlug‘ dargohida o‘z ijrochilik maktabini yaratdi. “Layli va Majnun”, “Gulsara”, “Karmen”, “Bo‘ron”, “Maysaraning ishi”, “Zaynab va Omon”, “Xorazm qo‘shig‘i”, “Ulug‘bek” singari o‘nlab operalarda bosh obrazlarni talqin etadi. Halima Nosirova o‘zbek milliy ashula va qo‘shiqlarini betakror ijrochisidir. Uning ijrosida “Ushshoq”, “Chorgoh”, “Bayot”, singari xalq ashulalari alohida o‘ziga xos uslub bilan ijro etiladi. Men o‘zbek kuy va ashulalarini, maqomlarini sevimli hofizlarimiz va ustoz sozandalarimiz Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, Xoji Abdulaziz, Muhiddin Qori Yoqubov, Domla Halim Ibodov, Yusufjon Qiziq, Usta Olim Komilov, Abduqodir Ismoilov, Ahmadjon Umrzoqov, Madrahim She’roziydan o‘rgandim, – deydi Halima Nosirova. San’atkor tushunchasida qo‘shiq insonning mehnatida, hayotida, taqdirida doimiy yo‘ldoshidir. Halima Nosirova “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan “Asal”, “Frontga sovg‘a”, “Maftuningman”, filmlarida obrazlar yaratdi va kino sohasiga ham hissa qo‘shdi. Halima Nosirovaning yorqin san’ati va iste’dodidan ta’sirlangan bir qancha xorijiy tanqidchilar uning san’atiga yuksak baho berganlar. Suriyada chiqadigan “Lison ash shaab” va Hindistonda bosiladigan “Steystmen” gazetalari o‘zbek qo‘shiqchisini nihoyatda yoqimli va jozibador, dillarni rom qiluvchi ovozi haqida 1956 yilda samimiy satrlarni yozgan. Uning bulbulsifat ovozi o‘zbek san’atkori timsolida Hindiston, Birma, Livan, Misr, Eron, Xitoy, Kanada kabi o‘nlab mamlakatlarda yoyilgan. Halima Nosirova hayotligidayoq ikki ajoyib merosi bilan o‘ziga haykal o‘rnatdi. Biri chinakam xalqchil san’ati, ikkinchisi shogirdlari, izdoshlari bilan ulug‘ baxtga erishganligidir. Uning san’atdagi xizmatlari munosib baholangan bo‘lib, “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. Mustaqillik sharofati bilan “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini ko‘kragiga taqish baxtiga muyassar bo‘ldi. O‘zbek san’atining ulug‘ namoyandasi, betakror ovoz sohibasi Halima Nosirova 90 yosh umr ko‘rib 2002 – yilda Toshkent shahrida vafot etdi.