GEORG FRIDRIX GENDEL

Георг Фридрих Гендель - Немецкий Композитор - Биография

GEORG FRIDRIX GENDEL

(1685-1759)

Georg Fridrix Gendel nemis va ingliz kompozitori. XVIII asrning eng buyuk kompozitorlardan bir bо‘lib, uning ijodi (I.S.Bax ijodi bilan bir qatorda) G‘arbiy Yevropa musiqiy barokkosining chо‘qqisini anglatgan holda, shu bilan birga uning yakuniga aylandi.

Kompozitor 1685-yil 27 fevralda Galle shahrida sartarosh oilasida tavallud topdi. Erta yoshidan musiqaga bо‘lgan ajoyib qobiliyati namoyon bо‘ldi. U organist va kompozitor F.V.Saxau qо‘l ostida tahsil oldi, 1702 yilda Galle shaxrining kalvin cherkovida organchi sifatida faoliyat olib bordi. 1703 yildan e’tiboran Gamburg opera teatri orkestrida sozanda sifatida (ikkinchi skripkachi, keyin klavesinist) faoliyatini davom ettirdi. 1705 yilda ushbu teatrda «Toj kiyganlarning о‘zgaruvchan baxti yohud Kastiliya malikasi Almira» operasi bilan kompozitor sifatida debyutini qildi. Ushbu va sо‘nggi «Qon yoki jinoyat bilan orttirilgan sevgi yohud Neron» (1705) operalarining muvaffaqiyati G.F.Gendelning Italiyaga taklif qilinishiga sabab bо‘ldi.

Italiyada о‘tkazgan 3 yil davomida (1706 yil kuzidan 1710 yil boshigacha) G.F.Gendel yirik shaharlarga tashrif buyurdi, virtuoz klavesin sozandasi sifatida  tanildi. Taniqli san’at ustalari (A.Korelli, A.Skarlatti va D.Skarlatti) bilan uchrashdi va qisqa furnsat ichida zamonaviy italiya musiqasining eng muhim kompozitorlik janrlarini о‘zlashtirdi. Italiya matnlariga musiqa yozishning yuksak mahorati uning “Rodrigo” (1707, Florensiya) va “Agrippina” (1709, Venetsiya) kabi operalarida, “Vaqt Tantanasi va Umidsizlik” oratoriyasida (1707, Rim), shuningdek, kо‘plab yakkaxon kantatalarda  yorqin ifodasini  topdi.

1710-1716 yillarda G.F.Gendel – Gannoverlik Kurfyursti saroy kapelmeysteri, 1714 yilda Angliya qiroli Georg I saroyida lavozimlarni egallagan va shu bois Gannover va Londonda navbatma-navbat yashagan. 1711 yilda sahna yuzini kо‘rgan kompozitorning «Rinaldo» operasining premyerasi katta muvaffaqiyat bilan о‘tdi. Sо‘nggi yillarda kompozitorning yana 4 ta operasi sahnaga qо‘yildi: «Sodiq chо‘pon» (1712), “Tesey” va “Sulla” (ikkalasi – 1713), “Amadis” (1715). 1716 yil oxirida u nihoyat Angliyaga kо‘chib, umrining kо‘p qismini shu mamlakatda о‘tkazadi (1727 yilda u Britaniya fuqaroligini oldi). 1717-1718 yillarda о‘ziga xos ingliz musiqiy janrlarini о‘zlashtirgan holda («Atsis va Galateya» niqobi va 11 mashhur «Chandos madhiyalari» shu davrga tegishli) Jeyms Bridjs (Karnarvon grafi, keyinchalik Chandos gersogi) xizmatida bо‘lgan.

G.F.Gendel opera ijodining gullagan davri 1720-1728 yillarga, kompozitorni Qirollik musiqa akademiyasining musiqiy rahbari bо‘lib ishlagan kezlariga tо‘g‘ri keladi. Uning durdona asarlari ayni shu damda sahnalashtirildi: “Radamist” (1720), “Tamerlan”, “Yuliy Sezar” (ikkalasi 1724 yil) va boshqalar. Akademiyaning 1728 yilda moliyaviy inqirozga uchraganiga qaramay, 1729/1730 yillar mavsumida G.F.Gendel yangi qо‘shiqchilarni jalb qilgan xolda operalarni sahnalashtirishni davom ettirdi. 1728-yilda moliyaviy qiyinchiliklarga bardosh berolmagani bois opera teatri yopiladi.

G.F.Gendel uchun qiyin davr boshlangan edi. U bir necha bor teatr yaratishga harakat qiladi va shu maqsad ilinjida Italiyaga safarlar qiladi. Bu muammolarning barchasi uning sog‘lig‘iga putur yetkazdi. 1737-yilda tanasining о‘ng tomoni falaj bо‘lib qoladi. Ammo kompozitor о‘z faoliyatini tо‘xtatmay ijod qiladi.

1738-yilda kompozitor «Kserks» operasini yozadi, ammo undan sо‘ng yaratilgan «Deydamia» (1741) operasi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi va kompozitorni boshqa opera yozimaydi. Asosiy e’tiborini G.F.Gendel oratoriya janriga qaratib, bu janrda u ijodiy daholigini tо‘liq ifoda etadi. Oratoriya janrning eng yuksak va sara namunalari qatorida “Saul” va “Isroil Misrda” (ikkalasi 1739), “Messiya” (1742), “Samson” (1743), “Iuda Makkavey” (1747), «Iyevfay» (1752) kabilarni keltirish mumkin. Oratoriyalardan tashqari, G.F.Gendel yuzga yaqin kantatalar, orkestr uchun esa «Yirik konsertlar» nomi ostida birlashgan 18 ta konsertlarni yaratdi.

1752-yildan boshlab G.F.Gendelning kо‘rish qobiliyati juda yomonlashib umrining sо‘nggi yillarida u butunlay kо‘r bо‘lib qoladi. Shunga qaramay, kompozitor ijod qilishda tо‘xtamagan. Uning rahbarligi ostida «Messiya» oratoriyasi ijro etilgan sо‘nggi konsert G.F.Gendelning о‘limidan sakkiz kun oldin tashkil etilib о‘tkazildi. Kompozitor 1759-yil 14-aprelda Londonda vafot etdi.