ABU RAYHON BERUNIY

Abu Rayhon Beruniy

ABU RAYHON BERUNIY

(973 – 1048)

Dunyo fani tarixida XI asrning birinchi yarmini Beruniy asri deb atash mumkin. Abu Rayhon Beruniy ilk o‘rta asr olimlarining buyugidir. Qadimgi Sharqning eng porloq madaniyatidan biri bo‘lgan Xorazm madaniyatining ming yillik tarixi unda mujassamlashgan. Beruniy melodiy 973 yilda Xorazmning qadimiy poytaxti Qiyot shahriga yaqin joyda dunyoga kelgan. Uning ismi Muhammad, otasining ismi esa Ahmad bo‘lib, Beruniy uning nisbasi, ya’ni kelib chiqishi va nasl-nasabini bildiruvchi nomdir. Beruniy “berun”, ya’ni “tashqari” so‘zidan olingan bo‘lib shahar tashqarisida tug‘ilgan yoki o‘sha yerda yashovchi degan ma’noni bildiradi. Abu Rayhon esa uning kunyasi, ya’ni laqabi, arab tilida rayhon otasi, rayhonli kishi ma’nolarini anglatadi. Beruniyga nima uchun bunday kunya berilganligi haqida manbalarda aniq ma’lumot berilmagan. Uning yoshlik chog‘laridayoq o‘simliklar bilan qiziqqanligi ma’lum, shu tufayli Abu Rayhon laqabini olgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi. Bolalik va o‘spirinlik yillarini o‘z vatanida o‘tkazdi, shu yerda turli ilmlarni o‘rgandi va olim sifatida shakllandi. U ona tilidan tashqari arab, sug‘diy, fors, suryoniy, yunon tillarini, keyinchalik Hindistonda sanskrit tilini o‘rgandi. Bu tillarda o‘qib yoza olardi, muomala va munosabatda erkin edi.

O‘z ilmiy asarlaridan birida yozishicha, Xorazmda yashagan davrida 990 yildan Qiyot shahrida muhim astronomik kuzatishlar o‘tkazgan. Bu kuzatishlar uchun o‘zi astronomik asboblar ixtiro etgan. Beruniy O‘rta Sharqda ilk bora yer quyosh atrofida aylanishi mumkinligini aytib, yerning aylana o‘lchamini aniqlagan.

 Xorazm zodagonlari o‘rtasida taxt uchun boshlangan kurashlar olimning bu ilmiy ishlarini davom ettirishga imkon bermaganligi bois, 998-yili, 22 yoshida vatanini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldi va bir qancha vaqt Kasbiy dengizining janubi-sharqiy sohilidagi Jurjon shahrida muhojirlikda yashadi.

Beruniyning ilmiy merosi 150 ta asarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular matematika, astronomiya, jo‘g‘rofiya, minerologiya, tarix, etnografiya, filologiya va falsafaga doir. “Osor ul-boqiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarini Jurjonda muhojirlik davrida yoza boshlagan va 1000-yilda tamomlagan.

1005-yilda Beruniy Xorazmga qaytadi va “Ma’mun akademiyasi”da o‘z faoliyatini davom ettiradi.

O‘z ijodining eng yuksak cho‘qqisiga erishgan vaqtlarda olimning bitgan nodir asarlaridan biri – “Hindiston”dir. Allomaning hind tarixi, ilmi va madaniyatini atroflicha o‘rganishda yetakchi manbalardan biri sifatida xizmat qiladi. Astronomiyaga oid “Al Qonun al Mas’udiy” (“Mas’ud qonuni”) asarini sulton Mas’udga bag‘ishladi. Kitobning yozib tugatilgan yili aniq emas. “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Geodeziya”, “Mineralogiya”, “Mas’ud qonuni”, “Munajjimlik san’atidan boshlang’ich tushunchalar” va boshqa asarlarining matni nashr etilib, turli tillarga tarjima qilindi. Tanlangan asarlari rus va o‘zbek tillarida chop etilgan.