Hoshimov Nasim Hoshimovich

        O‘zbekiston xalq artisti, Nasim Hoshimov Hoshimovich 1920 yil 12 mart kuni Samarqandda tavallud topdi. Musiqa dunyosida mohir pedagog, benazir opera xonandasi (lirik bariton) sifatida tarixga muhrlandi. Dastlab, 1941 yili Moskva o‘zbek opera studiyasi, keyinchalik esa 1961 yili Toshkent konservatoriyasini tugatdi.
         San’atkorning milliy ijro uslublarini o‘zlashtirishda Hoji Abdulaziz, To‘ychi hofizlar sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. 1941–1944 yillar Samarqand teatrida xormeyster va artist, 1944 yildan boshlab A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining yakkaxoni, 1959 yildan Toshkent konservatoriyasida pedagog, 1972—77 yillari xonandalik kafedrasi mudiri, 1979 yili mazkur o‘quv maskanida professor lavozimlarida faoliyat yuritadi.
         O‘zbek operalarida Bo‘ron (S.Vasilenko, M.Ashrafiy, “Bo‘ron”), Ibrohim (T.Sodiqov, R.Glier, “Gulsara”), No‘mon (M.Ashrafiy, “Dilorom”), chet el klassik operalarida Eskamilo (J.Bize, “Karmen”), Onegin, Yeleskiy (P.Chaykovskiy, “Yevgeniy Onegin”, “Qarg‘a motkasi”), Figaro (J.Rossini, “Sevilya sartaroshi”) kabi bosh rollarni maromiga yetkazib ijro etdi.
    Nasim Hoshimovning konsert repertuaridan, asosan, o‘zbek bastakor va kompozitorlaridan Manas Levievning “Qahramon qizlar”, Tolibjon Sodiqovning “Jonon ko‘rinur”, Mutal Burhonovning “Tabassum qilmading hech” kabi asarlari o‘rin olgan.
     O‘zbekiston musiqa madaniyatini rivojlantirishda ko‘rsatgan ulkan xizmatlari uchun 1959 yilda Nasim Hoshimovga O‘zbekiston xalq artisti faxriy unvoni berildi. San’atkor 2000 yil 4 noyabr sanasida Toshkent shahrida vafot etdi.