Hamid Rahimov

     Hamid Rahimov Toshkent shahrida 1927 yilning 15 may kuni tavallud topdi. Hamid Rahimov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi,kompozitor , dirijor, pedagog o‘zining ko‘p qirrali ijodi va jamoat faoliyati bilan XX asr o‘zbek musiqasi tarixida yorqin iz qoldirdi. Uning jozibali qo‘shiqlari, simfonik,vokal-simfonik, ayniqsa musiqali dramalari, radio va telepostanovkalariga yozgan musiqasi o‘ziga xosligi bilan insonlarni o‘ziga tortadi va maftun qiladi. 1948 yili konservatoriyaga ukishga kiradi. 1954 yili davlat imtihonini «Yoshlik» nomli simfonik poemasi va «Seni sevaman» (T.To‘la so‘zi) qo‘shig‘idan iborat diplom ishi taqdim etib , konservatoriyani muvaffaqiyatli bitiradi. H.Rahimov san’at sohasida mehnat faoliyatini 1950 yilda, talabalik davridan boshladi. U 1950-1956 yillarda M.Qoriyoqubov nomidagi O‘zbek davlat filarmoniyasining «O‘zbekiston» ashula va raqs ansambli musiqa rahbari, 1956-1958 yillarda Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatri dirijyori, 1958-1960 yillarda «Bahor» raqs ansambli musiqa rahbari lavozimlarida ishlab, bu jamoalarning ijodiy saviyasini ko‘tarishga va repertuarlarini boyitishga xizmat qildi. H.Raximov 1960 yili O‘zbekiston Madaniyat vazirligining musiqa bo‘limiga boshliq bo‘ladi. 1961 – 1971 yillarda Toshkent davlat konservatoriyasi rektori, 1972 -1977 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida musiqa kafedrasi mudiri bo‘lib ishladi. Konservatoriyada o‘qib yurgan paytlarida bastalagan quyidagi jozibali ilk qo‘shiqlari: «Baxt yo‘lida sayrayman», «Tinch O‘zbekistonim» va «Yoshligimiz» (P.Mo‘min so‘zi), «Sevimli o‘g‘lim» (Habibiy so‘zi), «Qalb qo‘shig‘i» (M.G‘ani so‘zi), «So‘rang» (Shuxrat so‘zi), romans, yakkaxon va simfonik orkestr uchun qayta ishlangan o‘zbek xalq ashulalari: «Navbahor» va «Hanuz», damli cholg‘ular ansambli uchun «Yalla», raqs va o‘zbek xalq kuylari asosida yozilgan ikkita simfonik syuita unga shuhrat keltirdi. Xususan, uning simfonik orkestr uchun «Miniatyura-konsert» syuitasi T.To‘la bilan
hamkorlikda, yakkaxon, xor va simfonik orkestr uchun «Bahor» kantatasi, Ashula va raqs ansambli uchun ―Buxorocha raqs‖ syuitasi, skripkachilar unison ansambli uchun «Vals» kabi asarlari ijrochilar tomonidan qizg‘in kutib olinib, ular repertuarida saqlanib kelinmoqda. H.Rahimovning qo‘shiq janriga muhabbati cheksiz edi. Uning  «Quyoshiston» (Sayyor so‘zi), «Davr qo‘shig‘i» (I.G‘ani so‘zi), «Yoshligimiz», «Xayolim senda», «Toshkent bahori» va «Festival valsi» (T.To‘la so‘zlari), «O‘zbekistonim» (E.Vohidov so‘zi), «Sevgi haqida» (O‘.Rashid so‘zi), «Qahramonni sevaman» (M.Qodirov so‘zi), «Davron suraylik» (xalq so‘zi), «Seni sevaman» (T.To‘la so‘zi) kabi ommaviy va lirik qo‘shiqlari, «Keldimu» (S.Zunnunova so‘zi) romansi qo‘shiq shinavandalarini sehrlab qalblaridan joy oldi. Hamid Rahimov musiqali teatr va televidenie uchun bir qator sahna asarlari va kinomusiqa yaratdi. Muqimiy nomidagi musiqiy teatrda «Singillar qissasi» (To‘lqin pesasi, 1955 y.) 1956 y. Zafar» (U.Ismoilov pesasi, bastakor Po‘lat Rahimov bilan hamkorlikda), 1959 yil «Oq nilufar» (hind klassik dramaturgi
Shudrakaning «Loydan yasalgan aravacha» nomli pesasi asosida yozilgan), 1960 y. «Rais uylanarmish» (B.Xalilov pesasi), «Ishqing bilan» (H.Umarov pesasi), 1974 y. «Jonim fido» (I.Rahim pesasi), Farg‘ona musiqali drama va komediya teatrida: 1974 y. «So‘nggi fojia» (M.Mirzaeva pesasi) va 1975 y. «Tanbur nolasi» (M.Qodirov pesasi), Namangan musiqali drama va komediya teatrida 1976 yili «Mirshab» (A.Tursunboev pesasi) kabi asarlar bunyodga
keldi. Kompozitor 1970 yil «Zafar» musiqali dramasi asosida Samarqand opera va balet teatri uchun shu nomli (U.Ismoilov librettosi) operasini yaratdi. Uning premerasi qizg‘in olqishlar
bilan kutib olingan edi. 1965-1976 yillarda «Ona qalbi», «Hayit», «Odam odamga» kabi telespektakllarga ham musiqa bastaladi.Ajoyib inson, murabbiy, tashkilotchi, dirijyor va kompozitor 1977 yil 8 dekabrda 50 yoshida dunyodan ko‘z yumdi. Kompozitor Hamid Rahimov «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» (1967) faxriy unvoni, faxriy yorliqlar bilan
munosib taqdirlangan.