Oxunova Habiba Xo‘Janovna

     O‘zbekiston xalq artisti, Habiba Oxunova musiqa san’ati rivojlanishi uchun samarali xizmat qildi va tarixda salmoqli iz qoldirdi. Bo‘lajak xonanda 1943 yil 10 yanvarda Andijon viloyatining Asaka shahrida tavallud topdi.
San’atga o‘quvchilik davrlarida qiziqa boshladi. Yoshligidan har xil ko‘rik tanlovlarda qo‘shiq aytib, raqsga tushib faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. 1959-yil 16 yoshli Habiba Oxunova Andijon viloyat teatrining o‘sha paytdagi rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Muqimjon Habibov va Abbosxon Bakirovning e’tiboriga tushadi va viloyat teatriga raqqosa va aktrisa sifatida ishga kiradi.
Habiba Oxunova 1963-yili Namangan teatriga ishga taklif qilinadi va u erda 1994-yilgacha aktrisa va xonanda sifatida faoliyat yuritadi. Teatrda Mukarrama Azizova, Muhriddin Mansurov, Karim Mansurov, Mamatxon Ubaydullaev, O‘rinboy Nuraliev, Mahmudjon Isomiddinov, Tursunoy Mamedova va Kamoliddin Rahimov bilan birga faoliyat ko‘rsatgan.
Uning ovozi lirik dramatik soprano bo‘lib, qo‘shiq, romans, musiqali drama va operada ijro etgan musiqiy asarlari bilan XX asr o‘zbek musiqa madaniyatini boyitdi. Shuni ta’kidlash o‘rinliki, musiqali drama va operalarda asosan bosh rollarni gavdalantirdi. Jumladan, D.Fayziyning “Zarafshon qizi” spektaklida Kumush, Xurshidning “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin” spektakllarda Layli va Shirin, Uyg‘un, I.Sultonning “Alisher Navoiy” asarida Guli, K.Yashinning “Gulsara”sida Gulsara, A.Tursunning “Mashrab” spektaklida Gulruh, G‘.Zafariyning “Halima” spektaklida Halima, Yo.Mirzoning “Anvar ila Ra’no” asarida Ra’no, S.Abdullaning “Alpomish” spektaklida Barchinoy hamda U. Shekspirning “Otello”, “Hamlet” asarlarida Dezdemona va Ofeliya kabi rollari bilan elga tanilgan.
H.Oxunova lirik-dramatik obrazlarning mohir ijrochisi bo‘lib, uning ijodi qahramonning ruhiy holatini, alam va o‘kinch hislari, iztiroblarini tomoshabinga chuqur insoniy dard bilan etkazib berishi bilan ajralib turadi.
Uning repertuaridan joy olgan “Alla”, “Ko‘ngil”, “Ko‘rmagan bo‘lsam seni”, “Odob bilan”, “Ko‘rkam Vatanim”, “Nay navosi”, “Oshnoliging”, “Barno yigit”, “Sabo bilan”, “O‘zing”, “Nay deb” singari qo‘shiqlari, “Ushshoq”, “Taronai bayot” maqom yo‘llari el orasida mashhur. Bundan tashqari, ijodiy faoliyatini kino bilan ham bog‘ladi. “Gunoh” filmida ona rolini maromiga yetkazib ijro etdi.
Habiba Oxunova 1994-yil 22-sentabr sanasida, 52 yoshida Namanganda vafot etdi. Namangan shahri madaniyat saroyiga uning nomi berildi. San’atkorning vafotidan so‘ng, Respublikada o‘tkaziladigan “Alla” tanlovi ham Habiba Oxunova nomi bilan yuritila boshlandi.