Ahmadjon Qo’shnay

          AHMADJON QO‘SHNAY (Umrzoqov) (1888, Qo‘qon-1959.7.11, Toshkent) — xalq sozandasi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1944). Mehnat Qahramoni (1930). Ro‘zimat Mehtar, Hamroqul Surnaychi, Xoliq Qo‘shnaychilarning shogirdi.
Bayot, Dugohi Husayniy, Ushshoq kabi maqom yo‘llarida Muhammad Umar, Abdukahhor Hofiz, Abdurahmon hoji, Nazirxon, Shobarot tanburchilarning jo‘rnavozi. 1917 y. dan so‘ng Hamza Hakimzodaning «Sayyor truppa»sida ishlagan. Hamzaning «Zaharli hayot», «Farg‘ona fojiasi», «Pochcham keldi», «Ro‘ziqul kal», «Qalampir Hoji», «Tuhmatchilar jazosi» asarlariga musiqa bastalagan. 1926 y. dan «Etnografik truppa»da, Musiqa va xoreografiya in-ti (1928, Samarqand)da, keyinroq O‘zbek musiqa teatri (Samarqand, 1927 — 30)da xizmat qilgan.
1935 y. da Kurd, Eshvoy, Karimqulbegi, Metro, Daromadi Ushshoq, Dugohi Husayniy, Bachavotir, Mirzadavlat, Shodiyona kabi soz yo‘llarini ijro etib, gramplastinkalarga yozdirgan. U Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatrini tashkil etishda ishtirok etgan. 2-jahon urushi yillarida Yangiyo‘ldagi musiqali drama va komediya teatrida ishlagan. Uning repertuarida 200 ga yaqin kuy bo‘lgan.