Hurmatli bitiruvchilar!

Bugun sizlar uchun hayotingizdagi unutilmas va muhim bosqichlardan biri – oliy ta’lim muassasasini tamomlash kunidir. Barchangizni O‘zbekiston davlat konservatoriyasini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
O‘tgan yillar davomida siz nafaqat kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldingiz, balki madaniyat va san’atga bo‘lgan sadoqatingizni, ijodiy salohiyatingizni va intiluvchanligingizni amalda namoyon eta oldingiz. Endilikda o‘sha bilim va mahoratni mehnat faoliyatingizda ko‘rsatib, yurtimiz ravnaqi, jamiyat rivoji, xalqimiz madaniy hayotini yanada boyitishga hissa qo‘shish uchun katta maydonga chiqish vaqti yetdi.
Siz O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘qish davrida o‘z sohasining yetuk mutaxassislari, taniqli ijodkor ustozlardan saboq olib, o‘z ustingizda tinimsiz mehnat qilib, bugungi hayajonli va yorqin kunga yetib keldingiz. Bu – sizning qat’iyatingiz, fidoyiligingiz va mehnatingiz mahsulidir.
Aziz bitiruvchi yoshlar!
Men O‘zbekiston davlat konservatoriyasining yana bir avlodi — iqtidorli, fidoyi va ijodkor yoshlari katta hayot sari ilk qadam qo‘yishini qalbimda ulkan hayajon va faxr bilan kuzatmoqdaman.
Endilikda oldingizda yangi bosqich – professional faoliyat, mustaqil izlanishlar va katta sahnadagi sinovlar turibdi. Ishonchim komilki, sizlar egallagan bilim va tajribangiz, musiqiy va madaniy saviyangiz bilan nafaqat o‘z ustozlaringiz, balki xalqimizning ham ishonchini oqlaysiz. Sizlardan kelajakda yetuk san’atkorlar, fidoyi pedagoglar hamda xalqimiz madaniyati va san’atining munosib namoyandalari yetishib chiqishiga ishonamiz.
Sizlarga kelgusi faoliyatingizda ulkan zafarlar, mustahkam iroda va omad tilayman! Har qadamda ustozlaringizning ishonchi, ota-onangizning duosi va yurtimizning madaniy taraqqiyotiga xizmat qilishdek ulug‘ burchingiz yo‘ldosh bo‘lsin!
Ushbu kun bilan yana bir bor tabriklab, Sizlarga yuksak ijodiy parvoz, yuqori marralarni zabt etishda cheksiz ilhom va kuch-g‘ayrat tilayman!
Hurmat bilan,
Kamoliddin Urinbayev
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori, professor
Tavsiya etilgan

Abituriyentlar diqqatiga!
Iyul 14, 2025

