“DAMLI SOZLAR NAVOSI” DAMLI CHOLG‘ULAR ANSAMBL VA ORKESTRLARINING II XALQARO FESTIVALI
“Damli sozlar navosi” damli cholg‘ular ansambl va orkestrlarining xalqaro festivali bu yil ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan bo‘lib, bu yil Festivalda 1000ga yaqin yoshlar ishtirok etishmoqda. Yildan-yilga ishtirokchilarining soni hamda geografiyasi ham kengayib borayotganligi Festivalning xalqaro maydonda e’tirof etilayotganligining yorqin namunasidir.
Festivalda Ozarbayjon, Qo‘zog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Rossiya va boshqa ko‘plab mamlakatlardan ijodiy jamoalarning muntazam ishtiroki fikrimizni yana bir bor tasdiqlaydi. Bu esa o‘z o‘rnidan davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.
Festivalni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad yosh avlodda musiqa madaniyatini yuksaltirish, mamlakatimizda damli va zarbli cholgʻularda ijrochilikni yanada rivojlantirish, yosh ijrochilarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada yuksaltirish va ular o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashdir.
Festival doirasida damli va zarbli cholgʻular ansambl va orkestrlari tanlovi, xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Barchangizga ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbuslari bilan yurtimizda “dolzarb 90 kunlik” e’lon qilingan bo‘lib, ushbu tashabbusga mos ravishda 18-19-iyun kunlari Poytaxtimizning “Central Park Tashkent”, “Navro‘z” etnografik bog‘larida orkestrlar va ansambllar ishtirokida konsert dasturlari o‘tkaziladi.

