Bugun O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov O‘zbekiston davlat konservatoriyasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 2025-2026-o‘quv yili uchun kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlarining borish bilan tanishdi.
Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori Kamoliddin Urinbayev hamrohligida kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlarining borishi va tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi va abituriyentlar bilan suhbatlashib, ularning sohaga doir takliflari va fikrlarini tingladi. Imtihon topshirayotgan yoshlarga omad tilab, ularni talabalar safidan joy egallashlarini, kelgusida yuqori malakali kadr bo‘lib yetishib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini yurt ravnaqi va soha rivojiga hissa qo‘shishda safarbar etishlari kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, farzandlar imtihon jarayonlarida ishtirok etayotgan ota-onalari va abituriyentlar bilan birga kelganlarga yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirib, ota-onalar bilan suhbatlashdi.

Avazxon Tadjixanov kasbiy (ijodiy) imtihonga jalb etilgan sohaning yetuk mutaxassislari bilan suhbatlashdi. Ularning madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ta’lim sifatini yanada yuksaltirish va professional kadrlarni tayyorlash yuzasidan takliflarini tingladi hamda mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.



