FESTIVALNING YOPILISH MAROSIMI

FESTIVALNING YOPILISH MAROSIMI

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Fransiyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi, O‘zbekiston davlat simfonik orkestri bilan hamkorlikda tashkil etilgan Fransuz musiqasi festivalining tantanali yopilish marosimi hamda bosh dirijyor va badiiy rahbar, O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin Urinbayev boshchiligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestrining konserti dasturi bo‘lib o‘tdi.
Konsert dasturini Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez xonim ochib berdi hamda mazkur Festival ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini, madaniyat va san’at yo‘nalishida hamkorlikning yangi davri boshlanganligini, shuningdek, ijodkorlar o‘rtasidagi ijodiy muhitni yanada rivojlantirishiga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, Festivalning barcha ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirdi.
Joriy yilning 9-aprelidan 30-apreliga qadar Konservatoriyada bo‘lib o‘tgan Festivalda taniqli fransuz dirijori Natali Maren, mashhur sozanda (pianono) Fransua Shaplen, Versal saroyining rasmiy organchisi, taniqli organchi va bastakor Jan-Batist Roben ishtirokida Toshkent va Nukus shaharlarida konsert dasturlari hamda mahorat darslari tashkil etildi.
Bosh dirijyor va badiiy rahbar, O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin Urinbayev boshchiligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri tomonidan taniqli fransuz kompozitorlari Moris Ravel, Klod Debyusi, Kamil Sen-Sanslarning durdona asarlari ijro etildi.
Shu bilan birga, konsert dasturida yakkaxon sozanda xalqaro tanlovlar laureati Elmira Mirkasimova, xormeyster Yulduz Xusnitdinova rahbarligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestrining Xor jamoasi ishtirok etdi.
Konsert yakunida muxlislarning olqishi va ular tomonidan chalingan gulduros qarsaklar sadosi chin ma’noda konsert dasturi yuksak badiiy saviyada bo‘lib o‘tganligini ko‘rsatadi.

Share