Taniqli fransuz pianinochisi Fransua Shaplenning yakkaxon konsert dasturi bo‘lib o‘tdi

Taniqli fransuz pianinochisi Fransua Shaplenning yakkaxon konsert dasturi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Fransiyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi, O‘zbekiston davlat simfonik orkestri bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan Fransuz musiqasi festivali doirasida taniqli fransuz pianinochisi Fransua Shaplenning yakkaxon konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Konsert dasturini Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisining birinchi maslahatchisi Maksim Jerenje ochib berdi hamda Festivalning va uning doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarning ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishda muhim o‘rin egallashini ta’kidlab o‘tdi.

Dastur davomida Fransua Shaplen ijrosida taniqli kompozitorlar Klod Debyusi, Frants Shubert, Frederik Shopen ijodidan durdona musiqiy asarlar ijro etildi.

Diapason d’Or hamda BBC jurnali mukofotlari sovrindori Fransua Shaplen jahonning yetakchi orkestrlari, jumladan, Lill milliy orkestri, Sankt-Peterburg filarmonik orkestri, Yaponiya filarmonik orkestri, Orchester des Colonnes va boshqalar bilan birgalikda ko‘plab ijodiy hamkorlik qilgan.

Fransua Shaplen La Roque d’Antheron, Nohant International Encounters, Meksikadagi Servantino xalqaro festivali, Yaponiyadagi Yokogama xalqaro festivali, Parijning Bagatelle shahridagi Shopen festivali kabi nufuzli festivallarning doimiy a’zosi hisoblanadi.

Fransua Shaplen konsert faoliyatidan tashqari Versal mintaqaviy konservatoriyasida yoshlarga ta’lim berib kelmoqda. U dunyo bo‘ylab, jumladan, Rossiya, Kanada, Yaponiya, Norvegiya, Argentina va O‘zbekiston kabi ko‘plab davlatlarda mahorat darslarini olib boradi.

Konsert dasturi davomida Fransua Shaplen ijrosida yangragan klassik musiqa asarlari tinglovchilarni klassik musiqa olamiga olib kirganligini ularning gulduros chalingan qarsaklardan anglash mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Festival 9-apreldan 30-aprelgacha davom etadi.

 

 

Share