O‘zbekiston va Turkmaniston xalq artisti Viktor Aleksandrovich Uspenskiy tavalludining 145 yilligiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston va Turkmaniston xalq artisti Viktor Aleksandrovich Uspenskiy tavalludining 145 yilligiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Kuni kecha O‘zbekiston davlat konservatoriyasining organ zalida taniqli kompozitor, pedagog, etnograf olim, davlat arbobi, San’atshunoslik fanlari doktori, O‘zbekiston va Turkmaniston xalq artisti Viktor Aleksandrovich Uspenskiy tavalludining 145 yilligiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanni O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, kompozitor Rustam Abdullaev ochib berdi. Shuningdek, konferensiya yalpi majlisida so‘z olganlar kompozitor Viktor Uspenskiyning O‘zbekiston musiqa madaniyatidagi beqiyos o‘rni, xususan, O‘zbek maqomlarini abadiylashtirishga qo‘shgan benihoya yuksak hissasini, xalq musiqa ijodiyotini to‘plash, nota yozuviga yozib olish, ko‘p ovozli kompozitorlik ijodiyotida qimmatli manba sifatida ishlatish borasidagi xizmatlarini e’tirof etdilar.

Tadbirda V.A.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining o‘quvchilari ham ishtirok etib, kompozitor qalamiga mansub musiqiy namunalardan ijro etishdi.

Konferensiya yalpi majlisidan so‘ng sho‘balar bo‘yicha ilmiy maqolalar tinglandi, savol-javoblar qilindi. Ayniqsa, bo‘lajak musiqashunos, kompozitor, fortepiano ijrochilarining chiqishlari, fikr-mulohazalari qiziqarli bo‘ldi. Ishtirokchilar orasida konservatoriya talabalaridan tashqari Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, O‘zbekiston madaniyat va san’at instituti, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi va Respublika bo‘yicha ko‘plab boshqa musiqa va san’at muassasalaridan ham mehmon ishtirokchilar o‘zlarining mazmunli ma’ruza va taqdimotlari bilan qatnashdilar. Konferensiya ishining natijasi sifatida ikkita to‘plam – mutaxassis, professor-o‘qituvchilar ilmiy maqolalari to‘plami va talaba yoshlar tezislari to‘plamlari alohida elektron shaklda chop qilindi. Anjuman so‘nggida barcha ishtirokchilarga sertifikat va tashakkurnomalar taqdim etildi.

 

 

Share