Magistraturada turdosh bo’lmagan yo’nalishlarga ham hujjat topshirish mumkin

Magistraturada turdosh bo'lmagan yo'nalishlarga ham hujjat topshirish mumkin

2019 yil 17 iyundagi Prezident qarori bilan o’tgan yildan boshlab magistraturaga faqat turdosh yo’nalishlarni bitirgan bakalavrlar hujjat topshira olishiga oid taqiq bekor qilingan edi.

Davlat qabul komissiyasi joriy yil uchun turdosh oliy ta’lim yo’nalishlarining ro’yxatini tasdiqlagan.

Ro’yxat bu erda: t.me/xushnudbek/6232

Magistraturada turdosh bo’lmagan yo’nalishlarga hujjat topshirish tartibini yana bir bor tushuntirib o’tmoqchiman. Chunki amaliyotda «boshqa yo’nalishdan boshqa yo’nalishga topshira olamanmi?», degan savollar juda ko’p beriladi.

Aslida barchasi juda oddiy va sodda.

Ro’yxatda 6 ta guruh berilgan. Biz ularni umumiy qilib quyidagicha guruhlarga ajratimiz:
1) sport;
2) musiqa;
3) tasviriy san’at;
4) san’atshunoslik;
5) texnogen san’at;
6) sog’liqni saqlash.

Mana shu yuqoridagi 6ta guruhda turdosh ta’lim yo’nalishlari uchun hujjat topshirishda qat’iy cheklov bor, bundan chiqish mumkin emas.

Bundan tashqari yana 6 ta alohida nomdagi yo’nalishlar sanalgan, bular:

1) “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim”;
2) “Xoreografiya (turlari bo’yicha)”;
3) “Dirijyorlik (turlari bo’yicha)”;
4) “Rejissyorlik (turlari bo’yicha)”;
5) “Aktyorlik san’ati (turlari bo’yicha)”;
6) “Veterinariya”.

Ushbu 6 ta yo’nalishga ham cheklov bor, ular faqat o’zlariga mos yo’nalish bo’yicha magistraturaga hujjat topshira oladi xolos. Ya’ni “Dirijyorlik” faqat “Dirijyorlik”ka, “Veterinariya” faqat “Veterinariya”ga va h.k.

Shu joyigacha tushunarlimi? Demak, xulosa qilamiz: yuqorida ilova qilingan ro’yxatda faqat cheklov qo’yiladigan yo’nalishlar nomi sanalgan.

Ana endi asosiy qismiga etib keldik. Bu ro’yxatda yo’q yo’nalishlar bilan nima bo’ladi?

☝️JAVOB: yuqorida nomi tilga olinmagan ta’lim yo’nalishlari istalgan magistratura mutaxassisliklari bo’yicha tanlovda qatnashish huquqiga ega. Ya’ni hech qanaqa cheklov yo’q.

Matematikani tugatgan yurisprudensiyaga topshira oladi.
Fizikani tugatgan jurnalistikaga topshira oladi.
Filologiyani tugatgan nefti-gazga topshira oladi.
Irrigasiyani tugatgan xalqaro munosabatlar va jahon siyosatiga topshira oladi.

(bular shunchaki misollar, o’zingiz xohlagan yo’nalish nomi chiqmasa, bizga mumkinmasmi, deb o’ylanib o’tirmang)

Xullas, tushuntira oldim deb o’ylayman.

✅ Yana bir joyi. Hov, tepadagi cheklovlar ro’yxati bor ediku. O’sha ro’yxat faqat «kirish» uchun cheklov. Ya’ni shu magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirayotganlar bakalavrda ayni o’sha yo’nalishlarni tugatgan bo’lishi shart. «Chiqish» uchun esa hech qanday cheklov yo’q. Masalan, tibbiyotni tugatgan yurisprudensiyaga topshira oladi, lekin yurisprudensiyani tugatgan tibbiyotga topshirolmaydi. Yoki san’atni tugatgan iqtisodga topshira oladi, iqtisodni tugatgan san’atga topshira olmaydi. Va h.k.

🎓 Shuningdek, o’tgan yili ayrim qabul komissiyalari boshqa turdosh yo’nalishni tugatgan abiturientlarga ularni faqat kontrakt bo’yicha qabul qilishlarini, davlat grantiga da’vogarlik qila olmasliklarini ta’kidlashgandi. Ammo bu kabi gaplar mutlaqo noto’g’ri. Turdosh bo’lmagan yo’nalishni tugatganlar ham magistraturada byudjetda o’qishi mumkin. Masalan, iqtisodni tugatganlar jurnalistikaga topshirsa, faqat kontraktda o’qiydi, degan gaplar asossiz.

❗️Eslatib o’taman, magistraturaga qabul magistr.edu.uz sayti orqali onlayn bo’lib o’tmoqda.

Share