Bitiruvchilar klubi

OTANAZAR  MATYOQUBOV

 

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston san’at arbobi. 1968-yil Toshkent davlat konservatoriyasining 4-kurs talabasi kezlaridanoq garmoniya, polifoniya kabi nazariy  fanlarni birinchi bo‘lib o‘zbek tilida o‘ta boshlagan o‘qituvchi. Ko‘plab xalqaro musiqiy tashkilotlar, jumladan, UNESCO qoshidagi ICTM va ICMlar, 1997-yildan ta’sis etilgan I Sharq taronalaridan e’tiboran Xalqaro xayat a’zosi. O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilda beriladigan san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofot sovrindori.

AQSh, Yevropa va Osiyo mamlakatlarida o‘zbek musiqasining nazariy asoslari hamda ilmiy-tarixiy mavzularida ma’ruzalar qilib kelayotgan nufuzli olim. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligida hamda Prezident devonining mas’ul lavozimlarida ishlagan. Uzoq yillar davomida O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot markazining rahbari sifatida 10 dan ortiq o‘zbek va rus tillarida chop etilgan monografiyalar,  o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, arab va fors tillaridagi maqolalar muallifi.

Joriy yildan e’tiboran nafaqaxo‘r bo‘lishiga qaramay, o‘zbek klassik musiqasining tarixi, ilmiy-nazariy va amaliy asoslari fanlaridan o‘zbek va rus tillarida darslik, o‘quv qo‘llanmalari hamda majmualar yaratish borasida samarali ijod qilmoqda.

O.Matyoqubovning  “O‘zbek klassik musiqasi asoslariga kirish” (1983), “Фараби об основах музыки Востока” (1986), “Maqomot” (2004), “Додекаграмма” (2005), “Бухарский Шашмаком” (2013), “Истоки и принципы хорезмской танбурной нотации” (2013), “Buxoro  Shashmaqomiga yana bir nazar” (2014), “Xorazm Olti yarim maqomi va Dutor maqomlari” (2015), “Uzbekskaya klassicheskaya muzыka. Istoki” (2015), “Узбекская классическая музыка. Истоки” (2015), “Узбекская классическая музыка. Теоретические основы” (2015), “Хоразм Дутор мақомлари ва олти ярим мақом” (2018) kabi tadqiqotlari O‘zbekiston va horijiy mamlakatlarida e’tibor qozonmoqda. Muhiddin Nosirov (marhum), Soibjon Begmatov, Iroda Ganieva, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining prorektori Ravshan Nigmatov, Baxtiyor Ashurov kabi yetakchi olim, dotsent va professorlar Otanazar Matyoqubovning shogirdlari.