“Ҳамид Олимжон мероси”

“Ҳамид Олимжон мероси”

Hayotbaxsh, umrboqiy she’rlari bilan qalblarga yoshlik zavqi, baxt sururini ulasha olgan Hamid Olimjon tavalludiga 111 yil to‘ldi.

Ayni munosabat bilan “Hamid Olimjon merosi” mavzusida O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilari ham shodlik va baxt kuychisining qalb tubidagi tuyg‘ularini qaytadan kashf etdi.

Tadbir buyuk ijodkorning Adiblar xiyobonidagi ramziy siymosi poyiga gul qo‘yib xotirlash bilan boshlandi.

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov tabrik so‘zi bilan ochdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid Hamid Olimjon va unga ijodiy yuksaklik baxsh etgan Zulfiyaxonimning boy ma’naviy meroslari haqida so‘zlar ekan, konferensiyaning yuksak ma’naviy ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Ilmiy-amaliy tadbir davomida tojikiston va ozarbayjonlik filolog, musiqashunos olimlari Hamid Olimjonning o‘ziga xos, serqirra ijodi tojik va ozar xalq adabiyotida ham o‘z o‘rniga ega ekanligini e’tirof etishdi.

O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullaev o‘z so‘zida Hamid Olimjon va Zulfiyadek sadoqatli juftlikni ijodda bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmasligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Bu ikki ijodkor bilan bog‘liq voqealar, xususan, “Sadoqat” operasining yozilish tarixi haqida hayajon bilan so‘zlab berdi.

Shuningdek, konservatoriya professor-o‘qituvchilari ham o‘z ma’ruzalarida Hamid Olimjonning buyuk ijodiy merosini o‘rganish yoshlarda hayotga muhabbat, sadoqatni tarbiyalashda muhim omil bo‘lishini ta’kidladilar.

Kun tartibidagi ma’ruzalardan so‘ng konferensiyaning badiiy qismi boshlandi. Dastlab namoyish etilgan konsert dasturida Hamid Olimjon she’rlari asosida yaratilgan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Dastur so‘ngida shoir  she’rlariga yozilgan eng yaxshi qo‘shiq, romans, ariyalar, Hamid Olimjon mavzusiga yozilgan eng yaxshi musiqiy asar bo‘yicha tanlovlar g‘oliblariga sertifikat va diplomlar topshirildi. Tadbir  rejissyor Ruslan Saliev tomonidan sahnalashtirilgan “Hamid va Zulfiya” nomli hujjatli film namoyishi bilan yakunlandi.

Share