«Baxt – o’zi nimadir?»… Kompozitor Anvar Ergashevni xotirlab…

«Baxt – o'zi nimadir?»... Kompozitor Anvar Ergashevni xotirlab...

Shu kunlarda O’zbekiston musiqa madaniyati og’ir judolikka uchradi. 67 bahorni qarshilagan ajoyib inson, kompozitor, dirijyor, pianinochi va jamoat arbobi Anvar Ergashev olamdan ko’z yumdi.

Chinakam ijodkor Anvar Ergashev kompozitorlik faoliyati davomida rang-barang janrlarga qo’l urib, betakror iste’dodini namoyish etishga, asarlari ila keng tinglovchilar qalbidan joy olishga ulgurdi. Kompozitorning ijodiy bisotini mukammal o’rganish va tadqiq etish zamondosh musiqashunoslar zimmasidagi vazifa bo’lib, mo»jazgina maqola doirasida ijodiy hamkorligimiz haqida hikoya qilishga qaror qildik.

Bundan bir necha yil avval men faoliyat olib borayotgan Musiqali komediya va operetta teatrida «Bizning Maysara» spektakli sahnalashtirildi. Ushbu spektaklga musiqani Anvar Ergashevich bastalagan edi. Yosh bo’lishimga qaramay, menga spektakli premierasini o’tkazishni topshirishganligi katta mas’uliyat yukladi. A.Ergashev asarlari bilan avvaldan tanish bo’lishimga qaramay, ularga dirijyorlik qilmagan, kompozitor bilan yaqindan tanish emasdim. Bir necha oylar davom etgan jiddiy izlanishlar, asar ustidagi repetisiyalardan so’ng, A.Ergashevga nisbatan hurmatim yanada ortdi. Muloqot davomida qarshimda haqiqiy ijodkor, chin inson, o’z ishining fidoiysi gavdalanar, bir-birimizni bir qarashdanoq tushunadigan bo’ldik.

A.Ergashev turli mavzulardagi spektakllar uchun betakror musiqa yaratgan bo’lishiga qaramay, aynan «Bizning Maysara» spektakli boshqalardan ajralib turardi. Spektakli musiqasida kompozitorning etuklik pallasiga erishgani, uslub va o’ziga xos kompozitorlik yozuvi tamomila shakllangani yaqqol sezilib turardi. Nihoyatda kuychan, optimistik ruh va quvnoq xarakterdagi musiqa tomoshabinlarga manzur bo’ldi. Asar ustidagi ish nihoyatda maroqli kechdi. Orkestr sozandalari va teatr artistlari katta ishtiyoq bilan o’z partiyalarini yod oldilar.

Jozibador kuylar, garmonik til musiqachi va aktyorlarga manzur bo’ldi. Teatr koridorlarida aktyor va orkestr sozandalarining o’z partiyalarini maroq bilan xirgoyi qilishlari quloqqa chalinib turardi. Kompozitor A.Ergashev bu jarayonni diqqat bilan kuzatar ekan, ijrochilarga katta hurmat ko’rsatib, o’z fikr va g’oyalarini aniq tushuntirishga, ularga muallif sifatida «bosim» o’tkazmaslikka harakat qilardi. Natijada, haqiqiy ijodiy jarayon yuzaga kelib, har bir musiqachi u yoki bu obrazni yoritishda, shaxsiy hissiyotlarini yuzaga chiqarish imkoniga ega bo’lardi. Nihoyatda ziyoli va andishalik inson Anvar Ergashev do’stona tarzda fikr mulohazalarini bayon etishga muvaffaq bo’lib, o’rinli tavsiyalar berar edi. Teatr jamoasi bilan ishlash jarayonida haqiqiy ijodiy muhitni yaratish o’ta muhim sanaladi.

Shu ma’noda, aynan A.Ergashev bilan bo’lgan jamoaning hamkorligi ana shunday muhitni yuzaga keltirganligini eslash joiz. Spektakli premierasi katta muvaffaqiyat qozonib, tomoshabinlar bir necha daqiqalar davomida qarsaklarni tindirmadilar. Bir necha mavsum davomida «Bizning Maysara» anshlaglar bilan qo’yildi. Premieradan so’ng, kompozitorning shaxsan o’zi har bir musiqachi, aktyor, teatrdagi xodim, kattadan-kichikkacha barcha-barchaga samimiy minnatdorchilik bildirdi. Hayoti va ijodi davomida erishgan qator unvon va mukofotlariga qaramay, A.Ergashev nihoyatda kamtarin, soddadil va samimiy Inson edilar. Shu sababli, ijodkor yoshlar, talabalar ularga talpinib, maslahat olishga intilardi.

Kompozitor A.Ergashevning musiqasi ko’plab sahnalarda yangramoqda. Ayniqsa, estrada yo’nalishidagi qo’shiqlari millionlab muxlislar qalbidan o’rin egallagan. Kompozitorning musiqasi insonlar uchun yangrar ekan, demak u xotirada abadiy yashaydi. Donolardan biri shunday degan ekan: «Inson uni boshqalar xotirlagunlariga qadar tirik!». Shunday ekan, Anvar Ergashevning xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi! Ustozning oxiratlari obod bo’lsin!!!

G’ayrat Abrorov, O’zbekiston davlat konservatoriyasi
«Orkestr dirijyorligi» kafedrasi mudiri, dirijyor

UzA.uz

Share

Tavsiya etilgan