Bugun AOKA huzuridagi shtabda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev ishtirokida brifing o’tkazildi. Brifingda aholidan tushgan savollarga javob qaytarildi:

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev ishtirokida brifing o'tkazildi.  Brifingda aholidan tushgan savollarga javob qaytarildi:

30 iyuli kuni magistr.edu.uz veb-sayti orqali magistraturaga ariza topshirish yakunlandi. Shu saytga qancha ariza kelib tushdi? Ularning tahlili bormi?

Magistraturaga kirish imtihonlarida ishtirok etish uchun 78 000 dan ortiq onlayn ariza topshirildi. Bu 2018 yilga nisbatan 7 barobar, 2019 yilga nisbatan 3 barobar ko’p.

Eng katta tanlov — xorijiy tillar, axborot-kommunikasiya texnologiyalari va iqtisodiyot mutaxassisliklariga to’g’ri keladi.

Masalan, Farg’ona davlat universitetida xorijiy tillar mutaxassisligida bir o’ringa — 105 ta hujjat topshirilgan. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining kompiyuter injeniringi mutaxassisligida — bir o’ringa 68 ta hujjat topshirildi. Iqtisodiyotda — bir o’ringa 45 ta talabgor hujjati topshirilgan.

Eng ko’p hujjat topshirilgan oliy ta’lim muassasalari — O’zbekiston milliy universiteti (6077 ta), Samarqand davlat universiteti (3651 ta) va Termiz davlat universiteti (3403 ta).

Xorijda o’qiyotgan talabaning o’qishi ko’chirilmasligiga nimalar sabab bo’lishi mumkin?

O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasasiga quyidagi holatlarda o’qishni ko’chirishga ruxsat etilmasligi belgilab qo’yilgan:

davlat akkreditasiyasidan o’tmagan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotganlarga;

masofaviy (onlayn) ta’lim shaklida tahsil olayotganlarga;

xorijda o’qiyotgan oliy ta’lim muassasasi tomonidan talabaning o’qishi to’g’risidagi so’rovnomaga salbiy javob olingan taqdirda.

Kunduzgi, sirtqi, kechki ta’lim shakllari va qo’shma dasturlar asosida tahsil olayotgan talabalarning o’qishini ko’chirishga oid ma’lumotlar vazirlik telegram kanalida yoritib borilmoqda.

O’qishimni ko’chirish uchun transfer.edu.uz saytiga hujjatlarim to’g’risidagi ma’lumotlarni kiritdim. Ammo mening hujjatlarimni qaytarishdi. Nima qilishim kerak?

Tizimga kiritilgan har bir hujjat mutaxassislar tomonidan sinchiklab o’rganilib, to’g’ri kiritilgan hujjat qabul qilinadi. Noto’g’ri kiritilgan hujjatlar qaytariladi.

Aksariyat hujjatlar quyidagi sabablarga ko’ra to’g’rilab qayta yuborish uchun qaytarilmoqda:

pasport nusxasida doimiy yashash manzili qayd etilgan sahifa to’liq yoki sifatli yuklanmaganda. Zero, o’qishni ko’chirish to’g’risidagi murojaatlarni ko’rib chiqishda talabaning doimiy yashash manzili asoslovchi sabablardan biridir;

OTMda o’qiyotganlik (o’qiganlik) to’g’risidagi belgilangan shakldagi hujjat (akademik ma’lumotnoma, reyting daftarchasi yoki transkript) nusxasi to’liq yoki sifatli yuklanmagan;

o’qigan (o’qiyotgan) OTM yoki ta’lim yo’nalishi nomi to’liq kiritilmagan;

mavjud bo’lmagan OTM yoki ta’lim shakli yoki ta’lim yo’nalishiga ko’chirish bo’yicha ro’yxatdan o’tilgan.

O’qishini ko’chirish (tiklash) bo’yicha ro’yxatdan o’tgan ammo arizalari dastur orqali rad etilgan fuqarolardan qayd etilgan kamchiliklarni qisqa muddatda to’g’irlab qayta jo’natishlari so’raladi.

Eslatib o’tamiz: tizimga kiritilgan hujjatlarni o’rganish 5 avgust kunidan keyin ham davom etadi. Ammo yangi hujjat qabul qilinmaydi.

Shu bilan birga, ro’yxatdan o’tgan fuqarolardan o’zlarining shaxsiy kabinetlariga kirib (ro’yxatdan o’tishdagi login va parol orqali) arizalarining ko’rib chiqilish holatlarini doimiy kuzatib borishlari so’raladi.

Share

Tavsiya etilgan