Bu – «Yoshlar simfonik orkestri» jamoasiga bildirilgan katta ishonch…

Bu - «Yoshlar simfonik orkestri» jamoasiga bildirilgan katta ishonch...

«30 iyun – O’zbekiston yoshlari kuni»da biz yoshlarning buguni va ertasini belgilab beruvchi yana bir muhim «O’zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to’g’risida» Prezident Farmoni qabul qilingani barchamizni xursand qildi.

Unga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilishi bo’yicha qaror imzolangani, Muhtaram yurtboshimizning yana bir bor yoshlarga berayotgan eng yuksak e’tiborlari natijasi desam mubolag’a bo’lmaydi.

Farmon hamda qaror bilan tanishib chiqar ekanmiz, har bir bandida yoshlarning manfaatlari himoya qilingani hamda ularni qo’llab quvvatlashga qaratilgani, shuningdek har bir inson o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga bemalol etishishi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilganini ko’rishimiz mumkin.

Ushbu qarorda keltirilgan yana bir muhim bandlaridan biri bu – Toshkent shahar «Yoshlar ijod saroyi» qoshidagi «Yoshlar simfonik orkestri» negizida «O’zbekiston davlat simfonik orkestri» tashkil etilishi va amaldagi mehnatga haq to’lash shartlari saqlanib qolgan holda Madaniyat vazirligi tuzilmasiga o’tkazilishi belgilab berilgani bo’ldi.

O’z vaqtida yoshlar tomonidan tuzilgan «Yoshlar simfonik orkestri» jamoasiga bildirilgan bu katta ishonch, u erda faoliyat yuritib kelayotgan barcha ijodkorlarning qalbini faxr va iftixorga to’ldirdi.

O’zbekiston davlat konservatoriyasining yuqori malakali ustozlardan tashkil topgan mehnat jamoasi ham bu farmon va qarordan ruhlanib, o’z ijodimiz bilan milliy musiqa san’atimizni nafaqat yurtimizda, balki dunyo sahnalarida bugun bu dargohda tahsil olayotgan talabalarimiz ijodida baralla jaranglashi uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

Kamoliddin Urinboyev , O’zbekiston davlat konservatoriyasining rektori,
O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist

Share

Tavsiya etilgan