Diqqat tanlov!!!

Diqqat tanlov!!!

Davlatimiz siyosatining eng muhim, ustuvor yo’nalishlaridan biri – yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratish, millatlararo munosabatlarni uyg’unlashtirishdan iborat.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2011 yil 3 maydagi rezolyusiyasiga ko’ra, 30 iyuli – Xalqaro do’stlik kuni, deb e’lon qilingan.

2020 yil 24 yanvari kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida 30 iyuli – Xalqaro do’stlik kuni munosabati bilan yurtimizda birinchi marta “Do’stlik haftaligi”ni va “Do’stlik” xalqaro forum-festivalini o’tkazish taklif qilindi.

Shu munosabat bilan mamlakatimizda 2020 yil 23-30 iyuli kunlari Xalqaro do’stlik kuni doirasida madaniy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy va siyosiy tadbirlardan iborat haftalik o’tkazish rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasi “Do’stlik” videoroliklar tanlovini e’lon qiladi.

Tanlov O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasi (keyingi o’rinlarda tashkilotchi deb ataladi) tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga tashkil etiladi va o’tkaziladi.

Hamkor tashkilotlar:

Milliy mass-mediani qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi, O’zbekiston Milliy axborot agentligi, O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O’zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi.

Maqsad – do’stlik g’oyalarini tarannum etish, boshqa millat vakillari va boshqa dinga e’tiqod qilayotgan kishilar dunyoqarashiga nisbatan bag’rikeng bo’lish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilishni targ’ib qilish.

Tanlov shartlari:

– insonlar va xalqlar o’rtasidagi samimiy do’stlik g’oyalarini tarannum etish;

– O’zbekistonda istiqomat qiluvchi turli millat va elatlar o’rtasida millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglikni mustahkamlash yo’nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar;

– milliy madaniy markazlar, do’stlik jamiyatlarining faoliyati, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-gumanitar va do’stlik aloqalarini rivojlantirish;

– dunyo xalqlari, ayniqsa, yoshlar orasida turli millatlar tili, madaniyati, an’analari, urf-odatlarini asrab-avaylash va hurmat qilish g’oyalari aks etishi lozim.

Tanlov ishtirokchilari 27 iyuli kuni quyidagi nominasiyalar bo’yicha qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlanadi:

1. “Eng yaxshi rolik” (1, 2, 3-o’rinlar)

2. “Eng yaxshi sahnalashtirilgan rolik” (1, 2, 3-o’rinlar)

3. “Eng yaxshi animasion rolik” (1, 2, 3-o’rinlar)

4. “Eng yaxshi “3D” o’lchamdagi rolik” (1, 2, 3-o’rinlar)

Tanlovda g’olib bo’lgan videoroliklar “Do’stlik” haftaligi davomida OAV va internet tarmog’ida namoyish etib boriladi.

Tanlovga qo’yilgan videoroliklar tashkilotchi matbuot xizmatining (98) 304-61-08 telefon raqamidagi telegram kanaliga yoki gayratulla@mail.ru elektron manziliga yuborilishi kerak.

Aloqa telefonlari: (71) 253-58-09, (71) 253-58-72.

Share

Tavsiya etilgan