Hurmatli talabalar!!!

Hurmatli talabalar!!!

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalari mezonlariga to‘g‘ri keladigan talabgorlarning tegishli hujjatlarini qabul qilish boshlanganligi e’lon qilinadi.

Talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalarini tayinlash uchun quyidagi mezonlarni bajarish belgilanadi:
a’lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda faol ishtirok etish;
Xalqaro va Respublika miqyosida chop etilgan Ilmiy maqolalar va konferentsiya tezislari ilmiy ishlari mavjudligi;
yo‘nalishlar bo‘yicha Xalqaro va respublika tanlovlarida qatnashish;
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi ma’naviy va jamoat ishlarida faol ishtirok etish;
umumta’lim tayyorgarligini ilmiy-tadqiqot (ijodiy ishlar) ishlari bilan uyg‘unlashtirish;
kamida ikkita e’lon qilingan ishlar (asarlar)ning mavjudligi;
tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy chet tilni bilish (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari);
O‘zbekiston tarixini bilish.
Tillarni, axborot texnologiyalarini, O‘zbekiston tarixini bilish bo‘yicha avvalgi bosqichda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tegishli imtihon sinovlari topshiriladi.
Davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risidagi NIZOMga ko‘ra (3-ilovaning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 iyundagi 417-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017 y., 26-son, 586-modda), oliy ta’lim muassasalari bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari davlat oliy ta’lim muassasalarida butun o‘qishi davomida faqat a’lo baholarga o‘qiyotgan oxirgi kurs O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan talabalarga tayinlanadi. Alisher Navoiy va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalari O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bo‘yicha o‘qiyotgan oxirgi ikki kurs talabalariga tayinlanadi.
Davlat stipendiyalarini tayinlash uchun nomzodlar ko‘rsatish O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Kengashida, talabgorlarning o‘quv va ilmiy faoliyatlarini ommaviy muhokama qilish asosida amalga oshiriladi.
Davlat stipendiyasiga talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Kengashiga quyidagi hujjatlarni taqdim qiladilar:
sinov daftarchasidan ko‘chirma;
dekanat, kafedraning tavsiyanomasi;
ilmiy (ijodiy) ish rahbarining fikr-mulohazasi;
yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan mezonlarga to‘g‘ri kelishini asoslovchi barcha hujjatlar (maqolalar nusxalari, diplomlar, sertifikatlar, video va audioga yozilgan disklar, afishalar, foto lavhalar va h.).
Barcha hujjatlar jildga tikilgan yoki papkaga joylangan holda taqdim etiladi. Muqovada davlat stipendiyasining nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, fakulteti, kursi, guruhi ko‘rsatiladi.
Hujjatlar 2020 yil 25 iyulgacha O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etish ishlari bo‘limiga taqdim etiladi va Maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Qo‘shimcha ma’lumotlar bo‘yicha fakultet dekanlariga murojaat qilishingiz mumkin

Share

Tavsiya etilgan