YURT TINCHLIGI, VATAN RAVNAQI – OLIY NE’MAT

YURT TINCHLIGI, VATAN RAVNAQI – OLIY NE’MAT

Mustaqil yurtimizning tinchligi, sarhadlarimizning dahlsizligi, jamiyatning turli tahdidlardan  havotirsiz yashashi bevosita xarbiylarimiz bilan bog‘liq. Ular o‘z hayotlarini harbiy yo‘nalishga bag‘ishlashgan. Darhaqiqat, ularning o‘z xizmat vazifalarini mardonavor olib borishlari, tunu-kun, ob-havoning har qanday sharoitlarida, har qanlay vaziyatda ham o‘z ishlarini yuksak mahorat bilan olib borishlari tahsinga loyiq.

Mamlakatimizning mustaqillik yillarida shakllantirilgan professional armiyasi, o‘zining qurolli kuchlari bilan har qancha faxrlansa arziydi.

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston davlat konservatoriyasida bugun, 14 yanvar kuni ushbu sanaga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori, professor Baxtiyor Sayfullaevich Sayfullayev yo‘llagan bayram tabrigini Madaniyat vazirligining Ta’lim muassasalari va tarmoqlarni metodik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Sobir Madiyev o‘qib eshittirdi.

Shundan so‘ng Konservatoriyaning O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Avaz Mansurov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona Qo‘mitasining Bojxona instituti boshlig‘ining Ma’naviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Rahmatilla G‘oyibnazarov so‘zga chiqib barchani ushbu sana bilan muborakbod etishdi. Davlat Bojxona Qo‘mitasi bilan ko‘p yillik hamkorlik uchun A.Mansurov institutga tantanali ravishda “Tashakkurnoma” topshirdi.

Institut kursantlarining hamda “Bojxona burgutlari” ning “Bayroqdorlar guruhi” va “Karabinchilar” hamda “Qo‘l jangi guruh” larining  ko‘rgazmali chiqishlari barchada katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, MTS rejissyori Q.Yakubov ssenariysi asosida tayyorlangan tadbirning “Badiiy qismi” da Musiqaliy teatr studiyasining xor jamoasi  va talabalari ijrosida – “O‘zbek elim” (Yahyobek Patidinov), “Askar maktubi” (O‘zDK Musiqaliy teatr studiyasining xor jamoasi), “Qoraqalpoqcha” (Timur Nuriddinov), “Lazgi” (Zafarbek Qurbonboev), “Surnay lazgi” (Mirzabek Qutlimurodov) kuy-qo‘shiqlari yangradi.

Tadbirni Konservatoriya 3-kurs talabalari Laylo Mo’minova va Otabek Mirzajonovlar olib borishdi.

Bayram nihoyatda ko‘tarinki ruhda, ajoyib, bayramona kayfiyatda o‘tdi. Yurtimizning barcha jasur va mard o‘g‘lonlarini 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklaymiz!

Share