YOSH OLIMANING DISSERTATSIYA HIMOYASI

YOSH OLIMANING DISSERTATSIYA HIMOYASI

2019 yil 19 dekabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD 29.11.2017. San.54.01 raqamli Ilmiy kengashda Muhamedova Feruza Nurmahmatovnaning “O‘zbekiston fortepiano musiqasining shakllanishi, janrlarining o‘ziga xosligi va interpretatsiyasi” mavzusidagi falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib o‘tdi.

XX-XXI asrlarda O‘zbekiston fortepiano san’atining shakllanish va rivojlanish jarayonlarini tizimli tahlil qilish, asarlarning o‘ziga xos janr xususiyatlari va talqin (interpretatsiya) tamoyillarini aniqlashtirish mazkur tadqiqotning maqsadi bo‘ldi.

Kompozitorlik ijodiyotining mahsuli bo‘lgan O‘zbekiston fortepiano musiqasi ijrochilik san’ati asosida to‘laqonli namoyon bo‘lishi va bu jarayonda badiiy talqin omili qariyb hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi dalillanganligi, O‘zbekiston kompozitorlari yaratgan sonata, syuita, polifoniya va miniatyura (prelyudiya, tokkata, etyud) janrlaridagi asarlari badiiy talqin jarayonida milliy o‘ziga xos xususiyatlarni yanada yorqin namoyon etishi ochib berilganligi, Yevropa (L.Betxoven, F.List, S.Raxmaninov) kompozitorlari fortepiano asarlarining ijrochilik interpretatsiyalari ijodiy jarayonning amaliy asosini tashkil qilishi aniq dalillar bilan isbotlanganligi, mustaqillik yillarida Sharq (temperamentlik, melizmatika, milliy cholg‘ularga taqlid qilish) va G‘arb (ratsionallik, aniqlik, texnologik tezlik) ijro madaniyati tamoyillarining o‘zaro uyg‘unlashuvini mujassam etgan o‘ziga xos o‘zbek milliy fortepiano maktabi shakllangani asoslab berilganligi, fortepiano asarlarini talqin etish malakalarini shakllantirishda maxsus ta’lim tizimidagi o‘quv jarayonlari muhim o‘rin tutishi yoritib berilganligi tadqiqotning ilmiy yangiliklaridan bo‘ldi.

Dissertatsiyaga san’atshunoslik fanlari doktori, professor G‘ofurbekov To‘xtasin Botirovich ilmiy rahbarlik qildi.

Yosh izlanuvchan olimamiz Muhamedova Feruza Nurmahmatovnani muvaffaqiyatli dissertatsiya himoyasi bilan tabriklagan holda, uning kelgusi ilmiy va ijodiy faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

 

Share